Выбрать главу

Paulo Coelho

ALKIMYOGAR

J.ga bag’ishlanadi. — Buyuk Ijod sirini anglagan Alkimyogarga.

O’z yo’llarida davom etishdi. Iso bir qishloqqa kirdi. Bu yerda Marfa ismli ayol uni uyiga taklif qildi. Uning Maryam ismli bir singlisi bor edi. Maryam Isoning oyoqlari oldida o’tirib, uning so’zlarini tinglar edi. Marfa esa tayyorgarchilik ishlari bilan juda ovora edi. Nihoyat u Iso yoniga kelib:

— Hazrat! Singlim bir o’zimni xizmatda qoldirib qo’yganiga e’tibor bermayapsanmi? Unga aytgin, menga yordam bersin! — dedi. Iso unga shunday javob berdi:

— Marfa, Marfa, buncha urinib tashvishlanmasang! Zarur bo’lgan bittagina ish bor. Maryam esa o’zi uchun yaxshi ulushni tanladi va bu undan tortib olinmaydi.

Luka bayon etgan Muqaddas Xushxabar, 10:38-42

Insonning Yerdagi umri mobaynida amalga oshiradigan ishlari nimalardan iborat? O’z Taqdiri yo’lidan borib, ko’ngliga tukkan orzu-umidlarini amalga oshirishi uchun insonga eng zarur narsa nima?..

“Alkimyogar” romani mana shunday ko’lamli, mazmunan falsafiy, mohiyatan esa oddiy insoniy muammo haqida.

Asar muallifi — hozirgi zamonning mashhur yozuvchisi braziliyalik Paulo Coelho.

“Alkimyogar” Richard Baxning “Oqcharloq Jonatan” yoki “Sharpalar” asarlariga o’xshamaydi. Ekzyuperining “Kichik Shahzoda”siga ham o’xshash tomonlari juda kam. Biroq negadir “Alkimyogar”ni o’qiganda beixtiyor o’sha rivoyat-qissalar yodga tushadi. Zotan, bu asar aynan hozirgi zamon kitobxonlari uchun yozilgandek va “Alkimyogar”ning turli davlatlar arboblariyu, mashhur san’atkorlar hamda hozircha bir yuz o’n yetti mamlakatdagi millionlab adabiyot muxlislari tomonidan sevib o’qilishi shundan dalolatdir.

“Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat barqaror: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga albatta erishasiz. Zotan, bu orzu Olam Qalbida ham tug’iladi va ayni shuning o’zi sizning Yerda mavjudligingiz tasdiqi, sizning taqdiringizdir”, deb yozadi P. Coelho.

Tarjimon

Ahmad OTABOY tarjimasi

Paulo KOELO

2000 yil, iyul

MUQADDIMA

Alkimyogar kitobni qo’liga oldi, uni sayyohlardan kimdir olib kelgan edi. Kitob muqovasiz edi, biroq u muallifning ism-sharifini topdi — Oskar Uayld — va uni varaqlab, tuyqusdan nigohi Nargis haqidagi rivoyatga tushdi.

Kun-uzzun anhor bo’yida o’z aksiga mahliyo bo’lib o’tiradigan sohibjamol bo’zbola haqidagi rivoyat Alkimyogarga ma’lum edi: Nargis shu qadar mahliyo bo’lib anhorga termilib qolgan ediki, oxir-oqibat suvga qulab, cho’kib ketdi, qirg’oqdan esa gul unib chiqdi, gulni uning nomi bilan atashdi.

Biroq Oskar Uayld bu rivoyatni boshqacha hikoya qilgan.

“Nargis halok bo’lgach, o’rmon nimfalari — driadalar sezdilarki, anhorning chuchuk suvi ko’z yoshdan sho’rlanibdi.

— Sen nega yig’layapsan? — so’rashdi driadalar.

— Men Nargisga aza tutayapman, — javob qildi anhor.

— Buning ajablanadigan joyi yo’q, — deyishdi driadalar. — Oqibat shu ekan, axir, u o’rmondan o’tganda biz doimo ortidan yugurar edik, yolg’iz sensan — uning husnu jamolini yaqindan ko’rgan.

— U sohibjamolmidi? — so’radi shunda anhor.

— Ha, bu haqda sendan o’zga kim ham bir so’z ayta olardi? — ajablanishdi o’rmon nimfalari: — Sening qirg’og’ingda o’tirib, sening suvlaringga termilib, azondan shom qorong’usigacha vaqt o’tkazgan emasmidi u?

Anhor uzoq sukut saqladi va nihoyat javob qildi:

— Men Nargisga aza tutayapman, biroq hech qachon uning go’zal ekanini payqamabman. Ko’z yoshlarimni oqizayotganim boisi, har safar u qirg’og’imga kelib, egilib suvlarimga termilib o’tirganida, ko’zlarining tubida mening go’zalligim yuz ko’rsatardi”.

“Naqadar g’aroyib rivoyat”, — o’yladi Alkimyogar.

BIRINCHI QISM

Bo’zbolaning ismi Santyago. U qo’ylarini tashlandiq holga kelgan yarim vayrona cherkovga haydab kirayotganda qosh qoraya boshlagandi. Cherkov gumbazi allaqachonlar o’pirilgan va xaroba holga kelgan, bir paytlar mehrob bo’lgan joydan kattakon tutanjir o’sib chiqqan.

Shu yerda tunashga qaror qildi Santyago, chirib sinib yotgan eshikdan qo’ylarini ichkariga haydab kiritdi-da, bo’lak-so’lak taxtalar bilan suruv chiqib ketolmaydigan qilib eshikni tambaladi. Okrugda bo’rilar yo’q edi, biroq ba’zan qo’ylar uloqib ketib qolar, biror-bir daydi qo’yni qidirib kun-uzzun ovora bo’lishga to’g’ri kelardi.

Santyago kamzulini yerga to’shadi, boshi tagiga yaqinda o’qib tugatgan kitobni qo’ydi va cho’zildi. Uyquga ketishdan oldin: qalinroq kitob olib chiqqanim tuzuk ekan — ancha vaqt o’qirdim, yostiq uchun ham qulay bo’lardi, deb o’yladi. U uyg’onganda hali qorong’u, tepasida tun choyshabining yirtiqlaridan yulduzlar charaqlab turardi.

“Yana ozgina uxlasam”, o’yladi Santyago.

Uyqusida yana o’sha — o’tgan hafta ko’rgan tushi jonlandi va tushni tag’in oxirigacha ko’rishga ulgurmadi.

U boshini ko’tardi, vinodan bir qultum ichdi. Tayog’ini qo’liga oldi va mudrab yotgan qo’ylarni turtkilay boshladi. Biroq suruvning katta bir to’dasi u ko’zini ochgan damdayoq qo’zg’algan, go’yo u bilan qo’ylar orasida allaqanday sirli aloqa borday, u suruv bilan, mana, ikki yildan beri suv va ozuqa qidirib, bir joydan boshqa joyga sang’iydi. “Menga shu qadar o’rganib qolishdiki, hamma odatimni o’zlashtirib oldi bular, — ming’illadi u. — Mening hatto kundalik rejamdan ham boxabar”.

U yana shu haqda biroz mulohaza qilib, ehtimol, buning aksidir — men ularning odatlarini o’zlashtirib, suruvning tartibiga tushib olgandirman, degan xulosaga keldi.

Biroq boshqa bir to’da qo’y Santyagoning tayoq uchi bilan birma-bir nomini aytib turtkilaganiga qaramay, qo’zg’alishga shoshilmasdi. Umuman, uning ishonchi komil edi — qo’ylar Santyago aytgan gaplarni yaxshi tushunardi, shuning uchun ba’zan u kitobchalarning o’ziga yoqqan joylarini qo’ylarga eshittirib o’qir yoki suruvni haydab o’tgan shaharlar, qishloqlarda eshitgan yangiliklarni ularga gapirib berardi.

Darvoqe, keyingi paytlarda bo’zbola faqat bir narsa — yana to’rt kundan keyin o’zi yetib keladigan shaharda yashaydigan savdogarning qizi haqida gapirardi. U qizni faqat bir marta — o’tgan yili ko’rgan. Movut va jun bilan oldi-sotdi qiladigan do’kondor qo’ylarning junini ko’z oldida qirqtirishni xohlaydi — shunday qilinsa uni aldasholmaydi. Oshnalaridan kimdir Santyagoga shu do’konni ko’rsatdi va u qo’ylarini o’sha tarafga haydadi.

“Jun sotmoqchiman”, dedi u do’kondorga.

Do’kon peshtaxtasi oldida odamlar uymalashib turardi, xo’jayin cho’pondan tushlikkacha kutib turishini so’radi. Santyago rozi bo’ldi va yo’lakka o’tirib, to’rvasidan kitobchasini oldi.

— Voy, cho’ponlar ham kitob o’qisharkan-da, bilmas ekanman, — yonginasidan qiz bolaning qo’ng’iroqday tovushi jarangladi.

U boshini ko’tarib, ko’rinishidan haqiqiy andaluslik, sochlari taqimiga tushgan, qop-qora va mayin ko’zlari esa xuddi bir vaqtlar Ispaniyani zabt etgan mavrlarnikiday qizni ko’rdi.

— Cho’ponlar kitob o’qishi shart emas: qo’ylar har qanday kitobdan ham ko’proq narsaga o’rgatadi, — javob qildi unga Santyago.

Shu zayl gap gapga ulashib, ular gurunglashib ketishdi va rosa ikki soat miriqib suhbatlashdi. Qizaloq do’kondorga qiz bo’lishini, hayoti zerikarli, kunlari xuddi ikki tomchi suvday bir xilligini aytdi. Santyago esa unga Andalusiya yaylovlari haqida, yo’lining ustidagi katta shaharlar haqida eshitganlarini gapirib berdi. Qiz bilan suhbat qurganidan uning kayfi chog’ bo’ldi — axir, bu qo’ylarga gapirgandan yaxshi-da.