Выбрать главу

“Hammasi — bir butun”, — o’yladi Santyago.

Shu payt, go’yo keksa Alkimyogarning haqligiga dalilday, sahroda yo’lovchilar ortidan quvib kelayotgan bir juft suvori ko’rindi.

— Yo’lni davom ettirishlaring xavfli, — dedi ularga yetib kelgan jangchilardan biri. — Bu yerda urush ketayapti.

— Biz ko’p yurmaymiz, — javob qildi Alkimyogar uning ko’ziga tik qarab.

Jangchilar bir lahza qotib turishdi, keyin esa yo’lovchilarni o’tkazib yuborishdi. Santyago hayratga tushdi.

— Sen ularni ko’zing bilan qotirdingmi?

— Ko’zning qarashi ruhning qudratini namoyon etadi, — javob qildi Alkimyogar.

“Ha, bu shunday”, — o’yladi bo’zbola, lashkargohni yonlab o’tishayotganda jangchilardan biri ularga uzoq tikilib qaraganini eslab. Ular uzoqda edi, hatto o’sha jangchining yuzini payqab bo’lmasdi, biroq baribir Santyago o’ziga tikilgan nigohni his etdi.

Va nihoyat, ular ufqni to’sgan toqqa ko’tarila boshlaganda Alkimyogar ehromlargacha ikki kunlik yo’l qoldi, deb aytdi.

— Garchi yaqin orada xayrlashadigan bo’lsak ham, meni alkimyoga o’rgat.

— Sening o’rganishingga hojat yo’q. Bu ilm Olam Qalbiga uyg’unlasha bilishdan va u yerda o’zingga tayin etilgan xazinani topishdan iborat ekanini bilasan.

— Men boshqa narsani nazarda tutayapman. Men qo’rg’oshinni qanday qilib oltinga aylantirishni bilishni istayman.

— Olamdagi jamiki mavjud narsalar rivojlanadi, biri boshqasiga aylanadi, — javob qildi u. — Va donishmandlar fikricha, oltin metall hisoblanadi, bu metall boshqalaridan ko’ra uzoqroq rivojlanish, o’zgarishga yuz tutgan. Nima uchun deb mendan so’rama — bilmayman. Men faqat shunday bo’lganidan xabardorman, xolos. Biroq odamlar donishmandlarning so’zlarini buzib talqin qilishgan. Oqibatda oltin rivojlanish, taraqqiyot timsoli bo’lish o’rniga, adovat, nizo belgisiga aylangan.

— Tevaragimizdagi olam ko’p tillarda gapiradi, — dedi bo’zbola. — Burun tuyaning o’kirgani men uchun shunchaki o’kirik edi, xolos. Keyin bu xatardan ogoh etuvchi tovushga aylandi. Va nihoyat — yana o’kirik bo’lib tuyuldi, — dedi Santyago, biroq shu lahzada Alkimyogarga usiz ham hamma narsa ayon ekanini anglab qolib, jim bo’ldi.

— Men chinakam alkimyogarlarni tanirdim, — davom etdi Alkimyogar. — Birlari o’z laboratoriyalaridan chiqmay, xuddi oltin kabi rivoj topmoqchi bo’lishdi — Iksir shu tariqa kashf etildi. Zotan, ular qandaydir bir narsa rivojlanayotgan ekan, demak, uning tevaragidagi bor narsalar ham o’zgarishini tushunishgan. Boshqa birlari tasodifan Hikmat Toshini topishdi. Ular qobiliyatdan benasib bo’lishmagan va ularning qalbi boshqa oddiy odamlarnikidan ko’ra sezgir bo’lgan. Biroq bundaylar juda kamchil. Uchinchi toifa alkimyogarlar esa faqat oltin izlashgan. Ularga sirni ochish, baribir, nasib etmagan. Ular qo’rg’oshinning ham, misning ham, temirning ham o’z Yo’li borligini unutishgan. Zero, birovning Taqdiriga aralashgan kishi, albatta, o’zining shaxsiy Yo’lini yo’qotadi.

Alkimyogarning ushbu so’zlari xuddi la’natday eshitildi. Keyin u egildi va yerdan chig’anoqni oldi.

— Bir zamonlar bu yerda dengiz bo’lgan, — dedi u.

— Ha, men sezgandim, — dedi javoban bo’zbola.

Alkimyogar unga chig’anoqni qulog’iga tutishni aytdi. Santyago bolaligida ko’p marta shunday qilgandi va hozir yana dengiz shovqinini eshitdi.

Dengiz hanuz shu chig’anoq ichida, demak, u o’z Taqdiri yo’lida. Va u chig’anoqni, toki sahroda tag’in to’lqinlar oqib o’ynamaguncha, tark etmaydi.

Ular otlariga minishdi va Misr ehromlari tomon yo’l tortishdi.

Santyagoning yuragi xavfdan ogoh etib belgi bergan chog’da quyosh mag’ribga og’a boshlagan edi. Ular bu daqiqalarda ulkan qum barxanlari orasida borishardi. Santyago Alkimyogarga qaradi, biroq u aftidan hech nimani payqamagandi. Besh daqiqada keyin bo’zbola oldinda ikki nafar suvorining qorasini aniq-tiniq ko’rdi. U gapirmoqchi bo’lib og’iz juftlagan ham ediki, ikkita o’ntaga, o’nta-yuztaga ko’paydi va oxir-oqibat barxanlarni son-sanoqsiz lashkar qopladi.

Suvorilar havorang kiyimda edi. Ularning sallalari qora tasma bilan tang’ib boylangan, yuzlari esa ko’zlarigacha havorang mato bilan bekitilgan.

Hatto uzoqdan ham bu ko’zlar ruh qudratini namoyon qilib, yo’lovchilarga o’limni daraklardi.

Santyago bilan Alkimyogarni lashkargohga olib kelishdi, chodirga itarib kiritib yuborishdi, bo’zbola hali bunaqasini ko’rmagan edi; ularni qabila boshlig’iga ro’para qilishdi. Uning tevaragida harbiy sardorlari saf tortib turishardi.

— Bular ayg’oqchilar, — ma’lumot berdi asirlarni boshlab kelganlardan biri.

— Yo’q. Biz yo’lovchilarmiz, xolos.

— Uch kun burun sizlarni dushmanlarimiz qo’nalg’asida ko’rishgan. Sizlar qaysidir bir jangchi bilan gaplashgansiz.

— Men sahro yo’llarini bilaman va yulduzlarga qarab yo’l topaman, — javob qildi Alkimyogar. — Sizlarning dushmanlaring qancha ko’pligi va ular qay tomonga harakat qilayotgani menga qorong’u. Men lashkargohingizgacha o’zimning do’stimni kuzatib keldim.

— Kim o’zi bu? — so’radi qabila boshlig’i.

— Alkimyogar, — javob qildi Alkimyogar. — U tabiatning jamiki kuch-qudratidan boxabar va senga o’zining g’aroyib iste’dodini ko’rsatishni istaydi.

Santyago miq etmay, qo’rquv ichida tingladi.

— Musofir bizning o’lkamizda nima qilib yuribdi, — so’radi boshqa bir harbiy sardor.

— U sizning qabilaga pul olib keldi, — javob qildi Alkimyogar va bo’zbola og’zini juftlab ulgurmay boshliqqa uning hamyonini uzatdi.

Qabila boshlig’i indamay oltinni oldi — unga ko’p qurol sotib olsa bo’lardi.

— “Alkimyogar” degani nima? — so’radi harbiy sardorlardan biri.

— Bu tabiat va olamning sirini biladigan odam. Agar xohlasa, u lashkargohingizni birgina shamolning kuchi bilan yo’q qiladi.

Arablar kulib yuborishdi. Ular urushning vayron qiluvchi kuchiga ko’nikishgan edi, shamolning bunday qudratga egaligiga ishonishmasdi. Biroq ularning yuragiga qo’rquv oraladi. Ularning bari sahroyi edi, shu boisdan ham sehrgarlardan cho’chishardi.

— Buni u qanchalik uddalay bilishini men ko’rishni istayman, — dedi eng katta boshliq.

— Bizga uch kun muhlat bering. Va mening hamrohim, sizga o’z kuchini ko’rsatish uchun, shamolga aylanadi. Agar buni u uddalay bilmasa, biz hayotimizni sizga topshiramiz.

— Shunday ham menga tobe bo’lgan hayotni menga topshirishning hojati yo’q, — qat’i javob qildi harbiy boshliq.

Biroq uch kun kutishga rozi bo’ldi.

Santyago qo’rquvdan tamom dovdirab qoldi. Alkimyogar uni qo’lidan tortib chodirdan olib chiqdi.

— Qo’rqayotganingni ularga sezdirma. Bular jasoratli odamlar, qo’rqoqlarni yomon ko’rishadi.

Shunga qaramay, Santyagoning ancha vaqt tili kalimaga kelavermadi. Ular qo’nalg’ada erkin aylanib yurishdi, arablar faqat otlarini olib qo’yishdi. Va olam yana bir bor ko’ptilli ekanini ko’rsatdi: burun chek-chegarasiz va ochiq-oydin bo’lgan sahro endi qamoqxonaga aylandiki, undan qochishning imkoni yo’q.

— Sen ularga mening bor pulimni berding! — dedi u. — Hammasini, umrim bo’yi ishlab topgan boyligimni!

— O’lishga to’g’ri kelsa, ularning senga nima keragi bor? Sening pullaring umringni uch kunga uzaytirdi. Odatda pul ajalni bir daqiqaga ham kechiktirolmaydi.

Biroq Santyago dono va’zlarni eshitishdan yiroq, u qattiq qo’rqqan edi. U qanday qilib shamolga aylanishni bilmasdi — alkimyogar emasdi.

Alkimyogar esa jangchidan choy opkelishini so’radi va bo’zbolaning bilagiga bir necha tomchi tomizib, allaqanday tushunarsiz so’zlarni aytdi. Va darhol bo’zbola vujudini qo’rquv-xavotir tark etganini his qildi.