Выбрать главу

— Bu “sevgi” deyiladi, — dedi Santyago, shamol o’zining iltimosini bajarishiga ishonib. — Agar sevsang, xohlagan narsaga aylana olasan. Agar sevsang, nimalar bo’layotganini tushunishga mutlaqo hojat yo’q, zero, hamma narsa bizning botinimizda kechadi, demak, odam shamolga bemalol aylana oladi. Albatta, shamol unga yordam bersa.

Shamol mag’rur edi, shu bois Santyagoning gaplari uni ranjitdi. U kuchli esa boshladi, sahro qumlarini to’zitdi. Biroq oxir-oqibat, garchi butun dunyoni kezgan esa-da, odamni shamolga aylantira olmasligini tan olishga majbur bo’ldi. Sevgini ham bilmasligiga iqror bo’ldi.

— Men odamlarning sevgi haqida gapira turib, osmonga tikilishlariga ko’p bor guvoh bo’lganman, — dedi shamol, o’z ojizligini tan olganidan jazavasi qo’zib. — Ehtimol, sen ham osmonga murojaat qilarsan, a?

— Bu ham bir fikr, — ma’qulladi Santyago. — Faqat sen menga yordamlash: chang-to’zon ko’targin, men quyoshga qaray olay va ko’zlarim qamashmasin.

Shamol yanada kuchli esdi, osmon qum to’zoni bilan qoplandi va quyosh oltin barkashga aylandi.

Qo’nalg’adan turib kuzatayotganlar hech narsani ajrata olishmadi. Sahro odamlari shamolning bu qilig’ini bilishar va uni “samum”, deb atashardi. Ular uchun bu dengiz bo’ronidan-da dahshatli edi, vaholanki, ular umr bo’yi dengizda bo’lishmagandi. Otlar kishnab yubordi, qum zarralari qurol-yarog’ga urilib g’ichirladi.

Harbiy sardorlardan biri qabila boshlig’i tomon burilib dedi:

— Yetarli bo’ldi, chamamda?

Ular Santyagoni ko’rmasdi. Yuzlari oq ro’mol bilan ko’zlarigacha burkangan, ko’zlarida qo’rquv qotib qolgan.

— Buni to’xtatish kerak, — dedi boshqa bir harbiy sardor.

— Mayli, Olloh o’zining jamiki qudratini namoyon etsin, — javob qildi qabila boshlig’i. — Men odam qanday qilib shamolga aylanishini ko’rishni istayman.

Biroq qo’rqqanini sezdirganlarning ismini u eslab qoldi. Va shamol tingach, ikkalasini ham mansabidan olib tashlashga qaror qildi, zero, sahroda qo’rqish yaramaydi.

— Shamol menga seni sevgini biladi deb aytdi, — Quyoshga murojaat qildi Santyago. — Shunday bo’lsa, Olam Qalbini ham bilishing kerak — axir, Olam Qalbi sevgidan bino bo’lgan.

— Bu joydan menga Olam Qalbi ko’rinib turadi, — javob qildi Quyosh. — U mening qalbimga murojaat etadi va biz birgalikda o’t-o’lanni o’sishga, qo’ylarni esa soya joylarni qidirib topishga majbur etamiz. Bu joyda turib — bu joy sizlarning dunyongizdan juda olisda — men sevishga o’rgandim. Bilaman, agar Yerga ozgina yaqinlashsam, jamiki jonzot halok bo’ladi va Olam Qalbi barham topadi. Va biz uzoqdan bir-birimizga termilamiz, uzoqdan turib bir-birimizni sevamiz. Men Yerga hayot va issiqlik bag’ishlayman, Yer esa — mavjudligimning mohiyatini ta’minlaydi.

— Sen sevgini bilasanmi? — takror so’radi Santyago.

— Olam Qalbini ham bilaman, chunki koinotni tinimsiz kezib, biz u bilan ko’p gaplashamiz. U menga o’zining asosiy muammosini gapirib berdi: hozirgacha faqat toshlar va giyohlar olamdagi hamma narsalarning yagonaligini tushunadi. Shu bois temirning misga o’xshashi, misning esa oltindan farq qilmasligi talab etilmaydi. Bu yagona olamda har narsaning o’zining aniq vazifasi bor va agar bularni bitgan Qo’l Ijodning beshinchi kunida to’xtaganida, barisi bir yagona Simfoniyaga uyg’unlashardi. Biroq oltinchi kun ham bor edi.

— Sen donosan, — javob qildi bo’zbola, — chunki hammasini uzoqdan ko’rib turasan. Biroq sen sevgi nimaligini bilmaysan. Agar odam paydo bo’lmaganida Ijodning oltinchi kuni ham bo’lmasdi. Mis misligicha qolaverardi, qo’rg’oshin — qo’rg’oshinligicha. Ha, har narsaning o’z Yo’li bor, biroq bu yo’l payti kelib bosib o’tiladi. Shuning uchun nimagadir aylanmoq kerak, yangi Yo’lni boshlash lozim. Va olam Qalbi chindan yaxlitlik kasb etguncha yo’lni davom etish zarur.

Quyosh bir zum o’ylanib qoldi va yorqin nur socha boshladi. Bu suhbatdan huzur tuygan shamol ham, Santyagoning ko’zini qamashtiradigan nurlardan asrab, kuchli esa boshladi.

— Alkimyoning mavjudligi shundanki, — davom etdi Santyago, — har kim o’z xazinasini qidirsin va topsin, shundan so’ng burungisidan ko’ra yaxshi bo’lishni xohlasin. Qo’rg’oshin o’z vazifasini dunyoga kerak bo’lgunigacha ado etadi, shundan so’ng u oltinga aylanishi lozim. Alkimyogarlar shunday deyishadi. Va ular shuni dalillab berishadiki, biz oldingidan ko’ra yaxshi bo’lishga intilgan vaqtda tevarak-atrofimiz ham yaxshi bo’lib boradi.

— Mening sevgini bilmasligimni qayoqdan olib aytayapsan? — so’radi Quyosh.

— Chunki sevganingda bir joyda, sahroga o’xshab, turib bo’lmaydi, dunyo bo’ylab, shamolga o’xshab izg’imaydi, senga o’xshab hamma narsaga uzoqdan qaramaydi. Sevgi — bu kuch, u Olam Qalbini yangilaydi va yaxshilaydi. Men ilk bor unga uyg’unlashganimda, u menga mukammal bo’lib ko’rindi. Keyin men ko’rdimki, u — bizning barimizning aksimiz ekan, unda o’z ehtiroslarimiz jo’sh urarkan, o’z urushlarimiz kecharkan. Uni biz oziqlantiramiz va biz yashayotgan yerning yaxshilikka yoki yomonlikka yuz burishi bizning yaxshi yoki yomon bo’lishimizga bog’liq. Ayni mana shu joyda sevgi kuchi ish beradi, zero, sevsang yaxshi bo’lishga intilasan.

— Xo’sh, mendan nima istaysan?

— Shamolga aylanishimga yordam ber.

— Tabiatga ayonki, olamda mendan-da dono hech kim yo’q, — javob qildi Quyosh, — biroq men ham sening qanday qilib shamolga aylanishingni bilmayman.

— Endi men kimga murojaat qilay?

Quyosh bir zum o’ylanib qoldi: suhbatni eshitgan shamol darhol butun dunyoga olam chirog’ining donoligi chegarasiz emas ekan, deya xabar tarqatadi. Qolaversa, Olam Tilida gapirib turgan bu bo’zboladan ham qochish aqldan emas.

— Yordamni Hammasini Bitgan Qo’ldan so’rab ko’r, — dedi Quyosh.

Shamol shodon qiyqirdi va behad kuch bilan esa boshladi. Bir necha chodirlar qulab tushdi, qoziqqa bog’langan otlar yuganini uzdi, qoyadagi odamlar uchib tushib ketmaslik uchun bir-birlariga qapishib olishdi.

Santyago Hammasini Bitgan Qo’lga o’girildi va shu damdayoq Olam sukutga cho’mdi. U jimlikni buzishga jur’at etolmadi.

Keyin Sevgi kuchi uning yuragidan toshdi va bo’zbola ibodatga kirishdi. U ibodatida hech narsa tilanmadi, biror-bir so’z demadi, qo’ylari yaylovli bo’lgani uchun shukrona aytmadi ham, billur do’koniga ko’proq xaridor kelishini-yu, o’zi sahroda uchratgan qiz uni kutishini ham o’tinib so’ramadi. Atrofga cho’kkan jimlikda u Qo’l tomonidan kiritilgan belgilarni sahro, shamol va quyosh ham qidirayotganini tushundi. Bo’zbola bu belgilar butun Yer yuzi va koinotga tarqalib ketganini tushundi va sirtdan qaraganda ularning hech qanday ahamiyatli jihati yo’qligini angladi. Na sahro, na shamollar va na odamlar ularning nima maqsadda yaratilganini bilishmaydi. Faqat Hammasini Yaratgan Qo’lning bunga aloqasi bor va faqat U mo’’jiza yaratishga: okeanlarni sahrolarga, odamni — shamolga aylantirishga qodir. Zero, Uning yolg’iz o’zi Olam olti kunlik Ijod jarayonida Buyuk Ijod mahsuliga aylanishini tushunardi.

Bo’zbola Olam Qalbiga uyg’unlashdi va ko’rdiki, Olam Qalbi — Tangri Qalbining bir bo’lagi, xolos, Tangri Qalbi esa uning o’zining qalbi. Va, demak, u mo’’jizalar yaratishga qodir.

O’sha kuni samum har qachongidan-da kuchli esdi. Shamolga aylangan bo’zbola va bu shamolning butun qo’nalg’ani yer bilan yakson qilguday quturib, kimsan qabila boshlig’ining o’zini maydonga chorlagani haqidagi rivoyat avloddan avlodga o’tib yuradi.

Shamol tingach, hamma bo’zbola turgan joyga qaradi, biroq u yo’q edi. U qo’nalg’aning narigi boshida, yarmi qumga ko’milgan qo’riqchining yonida o’tirardi.