Выбрать главу

Santyago rivoyatni eshitib uzoq jim qoldi. U qariyaning nima demoqchi bo’lganini tushundi. Cho’pon dashtu dala kezishni yaxshi ko’radi, biroq qo’y-qo’zisini hech qachon unutmaydi.

Santyagoga qadalib qarab, podshoh Malkisidiq qo’llarini tutashtirdi va g’alati harakat bilan bo’zbolaning boshi ustidan sermadi. Keyin esa, qo’ylarni oldiga solib, o’z yo’liga ravona bo’ldi.

Mo’’jazgina Tarif shaharchasi ustida, bir zamonlar mavrlar qurgan, eski qal’a qad rostlab turibdi. Agar minoraga chiqib qaralsa, makkabodroq sotuvchisining qutisi turgan maydon kaftdagiday ko’rinadi. Bu joydan Afrika qirg’oqlarining uzunchoq parchalari ham ko’zga tashlanadi. O’sha kuni qal’a devorida, yuzini mashriqdan esayotgan shamolga tutib, Malkisidq — Salim podshohi o’tirgan edi. Taqdirlarida kechgan alg’ov-dalg’ov o’zgarishlardan bezovtalanayotgan qo’ylar yangi xo’jayinidan nariroqda qo’shoqlanganday g’uj bo’lib turardi. Ularni hali ham qiziqtirib turgan eng muhim narsa yemish edi.

Bandargohga kiriladigan joyda turgan chog’roq kemaga qarab o’tirgan Malkisidq, bir paytlar unga ushr berganidan so’ng Ibrohimni qayta uchratmaganiday, endi bu bo’zbolani ham boshqa ko’rmasligi haqida o’ylardi.

Umrboqiylarda orzu-istak bo’lmasligi kerak, chunki bu yerda ularning o’z yo’llari yo’q. Biroq baribir Malkisidq qalbining tubida Santyago degan mana shu bolaga omad yor bo’lishini tilardi.

“Uning hoziroq hatto mening ismimni ham unutib yuborishi achinarli-da, — o’yladi u. — Mening ismimni takrorlab turishi kerak edi. Alhol, meni eslab, “Malkisidq, Salim podshohi” degan sirli qariyani tilga olsa.”

U ko’zini samoga tikdi va biroz iymanib, dedi:

— Tangrim, iqrorman, bular barchasi, Sening kalomingda zikr etilganiday, “behudadan behuda urinish.” Lekin gohida qari podshoh ham o’zi bilan g’ururlanadi-da.

“Afrika deganlari g’alati joy ekan”, — o’yladi Santyago.

U shaharning tang ko’chalarida tez-tez duch keladigan torgina yemakxonada o’tirardi. Bir necha kishi kattakon chilimni qo’lma-qo’l almashib chekishardi. Shu orada u qo’l ushlashib borishayotgan erkaklarni, yuzini bekitgan ayollarni, baland minoralarga chiqib olib, qiroat bilan bir nimalarni aytib qichqirayotgan ruhoniylarni ko’rdi, ayni damda atrofdagilar tiz cho’kishar va manglaylarini yerga tekizishardi.

“Ko’chmanchi musulmonlarning makoni. Ularning urf-odatlari ham shu yerda ildiz otgan”, — dedi ichida u.

U bolaligida qishloqlaridagi cherkovda avliyo Yoqubning suratini ko’rgandi — mavrlarni mahv etgan g’olib oq ot ustida, qo’lida qilichni baland ko’targan holda tasvirlangan, uning poyida hozir yemakxonada Santyago bilan yonma-yon o’tirishgan kishilarga o’xshash so’xtasi sovuq odamlar mukka tushgan. Bo’zbola sarosimalandi — u o’zini juda yolg’iz his etdi.

Boz ustiga, safarga chiqishdan oldin u bir narsani xayoldan faromush qilgan ediki, ayni shu narsa uning xazinaga boradigan yo’lida uzoq vaqt to’siq bo’lishi mumkin edi. Zotan, bu mamlakatda hamma arabcha gaplashardi.

Yemakxona xo’jayini uning oldiga keldi va Santyago imo-ishoralar bilan yonidagi stolda o’tirganlar ichayotgan ichimlikdan unga ham olib kelishini so’radi. Bu achchiq choy ekan. Bo’zbola vinoni xush ko’rardi.

Sirasini aytganda, buning ahamiyati yo’q — faqat xazina va ungacha qanday yetib borish haqida bosh qotirishi kerak. Sotgan qo’ylaridan tushgan pul anchagina, ular hamyonida, o’zining kuchini ko’rsatsa, harqalay, kishi yolg’izlik azobidan unchalik ozor chekmaydi. Tez-orada, atigi bir necha kundan keyin, u ehromlarga yetib boradi. Sof oltindan yasalgan ko’kraksiparli qariya besh-oltita qo’yini olib, boyib qolish uchun uni anoyi qilmagandir.

Qariya unga belgilar haqida gapirdi va Santyago, bo’g’ozdan suzib o’tgunicha, faqat shular haqida o’yladi. Gap nimadaligini u tushundi: Andasuliyada sang’ib yurib, yerdagi va osmondagi belgilarga qarab o’zini oldinda nimalar kutayotganini bilib olishga urindi. Chumchuq ilonning bekinib turgan joyidan xabar yetkazishi mumkin; buta shu atrofda jilg’a yoki daryo borligidan darak beradi. Bularning bariga uni qo’ylar o’rgatdi.

“Agar ularni Tangri yo’llab turgan bo’lsa, U menga ham yo’ldan chalg’ishimga monelik qilmaydi”, — o’yladi Santyago va biroz xotirjam bo’ldi. Shunda hatto choy ham unchalik taxir tuyulmadi.

— Sen kim bo’lasan? — tuyqusdan ispancha so’z eshitildi.

Santyago beixtiyor yengil tortdi: u belgilar haqida o’ylayotgandi va mana, belgi berildi. Unga ovoz bergan taxminan uning tengquri, yevropacha kiyingan bo’lib, faqat terisining rangi shu yerlik ekanini bildirardi.

— Sen ispanchani qayoqdan bilasan? — so’radi Santyago.

— Bu yerda uni qariyb hamma biladi. Ispaniya ikki soatlik yo’l.

— Kel, o’tir, men seni biror narsa bilan mehmon qilay. O’zingga ham, menga ham vino buyur. Choyga uncha tobim yo’q.

— Bu mamlakatda vino ichishmaydi, — javob qildi u. — Vino ta’qiqlanadi.

Shunda Santyago ehromlargacha yetib borishi zarurligini aytdi. Xazina haqidagi gap og’zidan chiqib ketishiga bir bahya qoldi, biroq vaqtida tilini tishladi: aytib bo’ladimi, bu arab unga yordam berishi evaziga xazinaning bir qismini talab qilishi mumkin-ku. Bo’zbola qariyaning gaplarini esladi: qo’lingda, o’zingniki bo’lmagan narsani va’da qila ko’rma.

— Meni ehromlargacha olib borolmaysanmi? Buning uchun men senga haqini to’lardim.

— Sen tasavvur qila olasanmi o’zi, uning qaerdaligini?

Santyago yemakxona xo’jayini ularning yaqiniga kelib, gurungni jon qulog’i bilan eshitayotganini payqadi. Garchi uning oldida gapirgisi kelmayotgan bo’lsa-da, bo’zbola omadi chopib uchratgan yo’l boshlovchini qo’ldan chiqargisi kelmasdi.

— Butun Sahroni kesib o’tishingga to’g’ri keladi, — dedi u. — Buning uchun pul kerak. Puling bormi?

Bu savoldan Santyago hayron bo’ldi. Biroq u qariyaning gapini esladi: agar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo’lishiga ko’maklashadi. Va u cho’ntagidan pulni olib, arabga ko’rsatdi. Xo’jayin ularga yanada yaqinroq kelib, tepalarida turib oldi, keyin esa haligi bola bilan arabchada qattiq-qattiq gaplashdi. Santyagoning nazarida xo’jayin nimagadir achchiq qilayotganday edi.

— Ketdik bu yerdan, — dedi bola. — Bizning bu yerda o’tirishimiz unga yoqmayapti.

Santyago xursand bo’lib o’rnidan turdi va hisob-kitob qilay degandi, xo’jayin uning qo’lidan tutib, nimalardir deb gapira boshladi. Qo’lini bo’shatib olishga Santyagoning qurbi yetardi, biroq u yot bir mamlakatda va boz ustiga, bunday vaziyatda o’zini qanday tutish lozimligini bilmas edi. Baxtiga yangi tanishi xo’jayinni ko’kragidan itarib yubordi va Santyagoni yemakxonadan ko’chaga olib chiqib ketdi.

— U sening pullaringni olmoqchi bo’ldi. Tanjer Afrikaning boshqa shaharlariga o’xshamaydi. Bu bandargoh, bandargoh esa doim tovlamachilarga to’lib yotadi.

Unga ishonsa bo’ladi. U mushkul vaziyatga yordam berdi. Santyago yana cho’ntagidan pullarni olib, sanadi.

— Ertagayoq ehromlarga jo’nashimiz mumkin, — dedi arab. — Biroq avval ikkita tuya sotib olishimiz kerak.

Shunday deb u Santyagoning qo’lidan hamyonni oldi.

Ular Tanjerning har qadamda chodirlaru savdo qutilari turgan tor ko’chalaridan yurib ketishdi va minglab olomon bilan to’la bozor maydonidan chiqishdi — odamlar savdolashar, baqirib-chaqirishardi. Ko’katu mevalar pichoq, xanjarlar bilan bir joyga uyub tashlangan, gilamlar esa turli-tuman chilimlar yonida. Santyago hamrohidan ko’zini uzmay borardi — bo’zbola bor pulini sherigiga bergan edi. U pulni qaytarib olmoqchi ham bo’ldi, biroq bu noqulay, degan o’yga bordi. Bu mamlakatning urf-odatlari Santyagoga notanish edi. “Hechqisi yo’q, — o’yladi u, — men uni sergaklik bilan kuzatib borayapman, shuning o’zi yetarli, axir, men undan qoruvliman.”