— To‘g‘ri, nomlar unchalik mos kelmaydi, — dedi Tyurin. — Oy sirtidagi jarliklar, so‘zsiz, bir mahallar mavjud bo‘lgan okean va dengizlarning izlari. Lekin ularning nomlari… Axir ularni nimadir deb atash kerak bo‘lgan-da! Kichkina planetalarni kashf qilishganda dastlab ularni an’ana bo‘yicha qadimgi yunon xudolarining nomlari bilan atashgan. Ko‘p o‘tmay hamma nomlar tugagan, lekin yangi planetalar uzluksiz kashf qilinavergan. Shundan so‘ng mashhur kishilarning nomlariga o‘tishgan: Flammarion, Gauss, Pikering va hatto amerikalik Eduard Tuk kabi taniqli filantroplarning nomlari ham bor. Shu tariqa kapitalist Tuk osmonda o‘z mulkiga ega bo‘lib olgan. Menimcha, mayda planetalarga raqam sistemasini qo‘llagan ma’qul… Oydagi Karpat, Alp, Apennin tog‘lariga kelsak, — bu, fantaziya doirasining torligidan. Mana, masalan, men Oyning narigi tomonida kashf qiladigan tog‘lar, vulqonlar, dengiz va sirklarimizga butunlay yangi nomlar o‘ylab qo‘ydim…
— Albatta, Tyurin kraterini ham esdan chiqazmassiz? — deb so‘radi Sokolovskiy kulib.
— Hammamizga ham yetadi, — javob berdi Tyurin. — Agar sizlar xohlasangiz, Tyurin krateri ham, Sokolovskiy dengizi ham, Artemyev sirki ham bo‘ladi.
Oradan yarim soat o‘tmay Sokolovskiy bizni Bo‘ronlar okeaniga yetkazdi. Raketa okean «tubiga» qo‘ndi. Uning tubi juda notekis edi. U yer-bu yerda baland tog‘lar bo‘y cho‘zib turibdi. Ularning cho‘qqilari bir mahallar orol bo‘lgan bo‘lsa ham ajab emas. Ba’zan biz chuqurlikdagi vodiylarga tushib ketar va butunlay soyada qolardik. Lekin qorong‘i emas edi: tepadagi yop-yorug‘ tong cho‘qqilaridan aks nur tushib turardi.
Men atrofni diqqat bilan kuzatardim. Toshlar uzun-uzun quyuq ko‘lanka tashlagan. Kutilmaganda bir joyda xuddi titilib ketgan savatnikiga o‘xshagan panjarador bir soyani ko‘rib qoldim. Uni darrov Sokolovskiyga ko‘rsatdim. U raketani to‘xtatishi bilan haligi soyaga qarab yugurdim. U xuddi toshga o‘xshaydi, lekin shakli juda qiziq: qovurg‘ali umurtqa suyagini eslatadi. Nahotki halok bo‘lgan hayvon qoldig‘ini topgan bo‘lsak? Demyk, Oyda hatto umurtqali hayvonlar ham yashagan ekanda. Demak, Oyda atmosfera u qadar tez yo‘q bo‘lgan emas ekan-da. «Umurtqa» va «qovurg‘alar» o‘z hajmiga nisbatan nozikroq edi. Lekin Oyda og‘irlik Yerdagiga qaraganda olti marta kam, binobarin, hayvonlarning skeletlari nozikroq bo‘lishi mumkin. Buning ustiga, bular dengiz hayvonlariga o‘xshaydi.
Geolog skelet yonida yotgan bir qovurg‘ani olib sindirdi. Sirti qora, ichi g‘alvirak, kulrang tusda. Sokolovskiy bosh chayqab, dedi:
— Menimcha, bular suyak emas, marjon.
— Lekin shakli, ko‘rinishi-chi, — e’tiroz bildirdim men.
Ilmiy bahs qizib ketishi mumkin edi, lekin gapga Tyurin aralashib qoldi. U o‘z vakolatiga suyanib, darhol jo‘nashni talab qildi. Tyurin Oyning narigi tomonini hali Quyosh to‘la yoritib turgan paytda ko‘rib qolishga oshiqardi. Bo‘ysunishdan boshqa iloj yo‘q edi. Ketsga qaytgandan so‘ng analiz qilish uchun bir necha «suyak» terib oldim. Biz yo‘lga tushdik. Bu topilma meni juda hayajonlantirib yubordi. Agar dengiz tubini tuzukroq titkilansa, juda ko‘p ajoyib kashfiyotlar qilish, Oydagi qisqa muddatli hayot manzarasini tiklash mumkin edi. Qisqa muddatli deganmizda, albatta, astronomik miqyos ko‘zda tutiladi…
Raketamiz sharqqa tomon uchib borardi. Quyoshga qarab, hayron qoldim: u yuqoriga odatdan tashqari tezlik bilan ko‘tarilardi. Shu payt Tyurin ikki biqinini ushlab qoldi.
— Fotoapparatimni yo‘qotganga o‘xshayman… G‘ilofi bor-u, o‘zi yo‘q… Orqaga! Fotoapparatsiz qolish mumkin emas! La’nati skeletni suratga olib bo‘lib, g‘ilofga solayotgan paytimda tushirib qo‘ygan bo‘lsam kerak! Bu yerda narsalar shunaqa yengilki, tushirib qo‘ysang ham payqamaysan…
Geolog norozi qiyofada bosh chayqadi, shunga qaramay raketani orqaga burdi. Shunda men ajoyib hodisaning guvohi bo‘ldim: biz orqaga burilishimiz bilan Quyosh yana sharqqa, ufqqa tomon qayta boshladi. Xuddi alahsirayotganday bo‘ldim nazarimda. Quyosh nuri miyamga ta’sir qildimikan? Osmonda goh u tomonga, goh bu tomonga harakat qiladigan Quyosh ham bo‘ladimi! Men buni hatto hamrohlarimga aytishga ham jur’at qilmay, indamay kuzatib o‘tiraverdim. Biz eski manzilga yaqinlashib tezlikni soatiga o‘n besh kilometrga tushirganimizda — Quyosh to‘xtadi. Hech narsaga tushunolmay qoldim.
Tyurin hadeb osmonga qarayverganimni sezdi shekilli, skafandini menikiga yaqinlashtirib, dedi:
— Quyoshning qilig‘idan taajjublanyapsiz-a. Buning sababi oddiy. Oy — kichkina jism, uning ekvatorial nuqtalari harakati juda sekin. Sekundiga to‘rt metrga ham yetmaydi. Binobarin, ekvator bo‘ylab soatiga o‘n besh kilomertga yaqin tezlik bilan garbga tomon yurilsa, Quyosh bir joyda turaveradi, agar tezlik oshirilsa Quyosh sharqqa «jo‘nab qoladi». Yeki aksincha: biz sharqqa, Quyosh istiqboliga tomon uchganimizda, Oy sirtida tez harakat qilib, Quyoshni ham tez ko‘tarilishga majbur qildik. Xullas, bu yerda Quyosh harakatini ham boshqarishimiz mumkin. Oyda soatiga o‘n besh kilometr masofani piyoda ham bemalol bossa bo‘ladi. Ekvator bo‘ylab g‘arbga tomon ana shunday tezlik bilan borayotgan yo‘lovchi ustida Quyosh qimirlamay turaveradi… Bu juda qulay. Chunonchi, Quyosh botayotgan paytda uning izidan borish g‘oyat katta qulaylik tug‘diradi. Tuproq hali iliq, atrof ki(ixopaz yorug‘ bo‘ladi, oftob kuydirmaydi. Garchi kostyumlarimiz harorat o‘zgarishidai bizni yaxshi asrasa ham, nur va qorong‘ilik orasidagi farq ancha kuchli seziladi.
Biz eski joyga yetib keldik. Tyurin apparatini qidirishga tushdi, men vaqtdan foydalanib, Bo‘ronlar okeanining tubini yana ko‘zdan kechira boshladim. Balki qachonlardir bu okean sirtida chindan ham dahshatli bo‘ronlar bo‘lgandir. To‘lqinlar yer okeanlaridagi to‘lqinlardan besh-olti marta kuchliroq chayqalgandir. Bu dengiz sirtida o‘shanda butun bir suv tog‘lari ko‘chib yurgandir. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlab, suv pishqirgan, toshgandir… Dengizda qachonlardir Yerda yashagan eng katta hayvonlardan ko‘ra bahaybatroq hayvonlar istiqomat qilgandir…
Men jar yoqasiga bordim. Uning eni bir kilometrdan oz emas. Buning ostida nimalar bor ekan? Bir tushib ko‘rsam-chi? Men elektr fonarimni yoqib, jarlikning nishob yeridan pastga tusha boshladim. Tushish oson edi. Avvaliga ehtiyotlik bilan, so‘ng dadil-dadil sakrab tobora pastlayverdim. Tepada yulduzlar jimirlab turibdi. Atrof zim-ziyo. Menga pastga tushgan sari harorat ko‘tarilayotganday tuyuldi. Balki, tez harakat qilgagimdan issiqlab ketgandirman. Afsus, geologdan termometrni olmapman. Tyurinning, Oydagi tuproq olimlar taxmin qilgandan ko‘ra issiqroq, degan farazini tekshirib ko‘rgan bo‘lardim.
Io‘lda silindr shaklidagi g‘alati tosh parchalari uchray boshladi. Nahotki bular qotib qolgan daraxt tanalari bo‘lsa? Ular dengiz tubiga, bunday chuqurlikka qanday qilib tushib qoldi?
Men o‘tkir qirrali bir narsaga yopishdim, kostyumim yirtilishiga sal qoldi, yuragim orqasiga tortib ketdi: axir, halok bo‘lish hech gapmas. Darrov engashib haligi narsani ushlab ko‘rdim: qandaydir tishlar. Chiroqni tutdim. Qoya orasidan uzun qop-qora arra chiqib turibdi — xuddi arrabaliqning o‘zi deysiz. Yo‘q, bu marjon bo‘lishi mumkin emas. Men tevarak-atrofga chiroq tutib chiqdim va hamma yerda arralar, uzun burama qoziq tishlar, kemirchakli taxtalar va qovurg‘alarni ko‘rdim… Halok bo‘lgan hayvolarning butun bir qabristoni… Tosh bo‘lib qotgan bu hujum va himoya qurollari oralab yurish juda xatarli edi. Shunga qaramay, men sehrlanib qolgan edim. Favqulodda kashfiyot! Faqat shuning o‘zi uchungina sayyorlararo sayohatga chiqsa arziydi. Men jar ichiga maxsus ekspeditsiya kelib qo‘nishini, bundan million-million yillar muqaddam halok bo‘lgan hayvonlarning suyaklari terilib, Ketsga, so‘ng Yerga, Fanlar Akademiyasining muzeyiga olib tushilishini va olimlarimiz Oy hayvonlarining qiyofasini tiklashlarini xayolan tasavvur qilardim…