Mixail Bulgakov
Usta va Margarita
«Sharq» nashriyot-matbaa
Aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati
Toshkent — 2008
Qodir Mirmuhamedov tarjimasi
MIXAIL BULGAKOV ROMANIHAQIDA
Mixail Afanasevich Bulgakovning «Usta va Margarita» romani «Moskva» jurnali sahifalarida chop etilishi munosabati bilan uni yozuvchining adabiy merosini o‘rganish komissiyasi nomidan ushbu qisqagina muqaddima bilan boshlashni lozim topdim.
«Usta va Margarita» — marhum adibning so‘nggi asari. Bulgakov bu romani ustida 1928 yildan ish boshladi va uning turli variantlarini yaratar ekan, ba’zan ishini to‘xtatar, ba’zan esa yana yozganlariga qaytardi. U umri poyonidagi o‘n ikki yil mobaynida ham o‘zi dunyoga keltirgan sermazmun asarini qo‘ldan qo‘ymadi.
O‘limidan bir necha kun burun, og‘ir xastaligiga qaramay, yozuvchi romani qo‘lyozmasiga qayta-qayta qaytib, uning ayrim boblariga sayqal berar hamda takomilga yetkazishga urinardi.
Bulgakov saxiy iste’dodida, ehtimol yozuvchining butun adabiy faoliyati davomidadir, uch turdagi iqtidor — satirik iqtidori, fantast iqtidori va o‘ta aniq psixologik tahlilga suyangan realist iqtidori qo‘shnichilik qilib, bir-biridan ustunlikka erishish uchun bahslashib kelgan, desak xato bo‘lmaydi.
«Usta va Margarita» romani g‘aroyib binosining bunyod etilishida Bulgakov iste’dodining bu uch turi bab-baravar yoinki deyarli bab-baravar xizmat ko‘rsatdi. Ularning har jihatdan chatishib, yagona daryo oqimiga qo‘shiluvi asarning eng yaxshi sahifalarini tashkil qilgankim, bu ayni vaqtning o‘zida nafaqat romanning, umuman olganda Bulgakov badiiy so‘z san’atining ulkan yutug‘idir.
Romanda shunday sahifalar borki, ularda Bulgakov satirasining, Bulgakov fantastikasining va turgan gapki Bulgakov aniq realistik nasrining cho‘qqisi o‘z ifodasini topgan.
Roman shunday yozilganki, yozuvchi xuddi bu uning oxirgi asari ekanini ilgaritdan sezganday, uning sahifalari orqali o‘quvchilariga o‘z qalbining butun boyliklarini, san’atkor qalamining butun sehrini, satirik ko‘zining butun o‘tkirliklarini xayolotining butun shiddatini hamda psixologik kuzatuvining butun teranliklarini in’om etmoqni istaganii ko‘rish mumkii.
Roman sahifalaridagi bunday saxovat o‘qilish jarayonida xuddi cheksizdek tuyuladi, bir voqeadan ikkinchi bir voqaga o‘tish yerlari shu darajada ko‘pki, baayni hikoya qilish matosidagi chokka o‘xshab ketadi. Romanni takror-takror o‘qib chiqib, uning har bir keyingi son-sanoqsiz o‘tkir burchaklarida seni yangi va yana yangi favqulodda kashfiyotlar kutayotganiga ko‘nikma hosil qilmas ekansan, undagi shiddatkor fantasmagoriyadan klassik jozibadorlikka, tejamkor realistik nasrdan ikkinchi bir notekis nasrga, achchiq satirik groteskdan hech qanday tanaffussiz saxiy va ayni paytda qahrli hajvga o‘ta keskin suratda ko‘chilishi, boshida, albatta, dovdiratib qo‘yadi. Bu kitobda paymonasi toTganini dildan chuqur anglab yetgan katta salohiyat egasining qazo oldi bisyor donishligi o‘z aksini topganday ko‘rinadi.
«Usta va Margarita» shunday asarlar turiga kiradiki, uni har xil kitobxonlar har xil o‘qiydilar, har xil sevadilar va undan o‘zlari uchun har xil ruhiy oziqa topadilar.
Roman mutolaasidap so‘ng, mening, masalan, qalbimga va mening qadrli xotiramga Rimning Iudeyadagi prokuratori Pontiy Pilatning bir kuni haqidagi shafqatsiz tarzdagi aniq hikoya hammadan ham chuqur kirib bordi va hammadan ham mo‘l ta’sir o‘tkazdi. Psixologik jihatdan fantastikaning ichidagi bu romandagi roman — ajoyib nasr namunasi — o‘zgarmas haqqoniyligi bilan nogoh Lermontov va Pushkin nasrini eslashga majbur etadi.
Turfa xillikka ega bo‘lgan mazkur romannipg ana shu qismiga qiziqishimni yashirmagan holda, o‘zimcha shuni ham tasavvur qilamanki, bu kitobning mening qiziqishlarimdan o‘zgacha qiziqishdagi o‘quvchilari xam bo‘lishi mumkin, yanada aniq aytganda, bu kitobni boshqacha qabul qiladigan o‘quvchisi boTmasligining o‘zi xam mumkin emas. Qaydam, bu turdagi kitobxonlar uchun fantastika bilan birga Margaritaning ustaga nisbatan o‘ta pokiza, mardlarcha tanho muhabbati voqealarini hikoya qiluvchi sahifalar, hammadan ham ajoyib ko‘rinar. Bunday baxtli va bunday baxtsiz, o‘z baxtliliklarida bu qadar kuchli va bu qadar kuchsiz bo‘lgan muhabbat voqeasi shunchalar nozik tasvirlan-ganki, hatto roman sahifalaridan o‘tayotgan makkor iblis ham bunday muhabbatga na yordam berishga, na to‘sqinlik qilishga ojizdir.
Men hech bir qiyinchiliksiz shunday qiziquvchan o‘quvchilarni ham ko‘rsatishim mumkinki, ular uchun tarixiy va fantastik sahifalar emas, balki satirik Bulgakov tomonidan meshchanlik, qabihlik, munofiqlik, qo‘rqoqlik kabi qator illatlarning beshafqat aniq va betakror hajv yo‘li bilan fosh etilishi romannint cho‘qqisi bo‘lib ko‘rinadi.
Bulgakov o‘z romanini oxirigacha yozib tugatib, unga nuqta qo‘ydi. Shu ma’noda «Usta va Margarita» — tugal asar. Lekin, yuqorida aytib o‘tganimdek, Bulgakov pishiq o‘ylangan hikoyasini nihoyasiga yetkazar ekan, ichdan o‘z ishini hali tugallanmagan deb hisoblagani bois, hayotining so‘nggi kunigacha bu kashfiyotiga qayta-qayta murojaat qilardi.
Bu asar ustidagi o‘n ikki yilga cho‘zilgan ish yana va yana davom etaversa, romanning qanday ko‘rinishga kirishini tasavvur qilishning o‘zi mushkul.
U holda romanning ba’zi nomukammalliklari tuzatilgan, yana oxirigacha o‘ylanmagan yerlari puxta o‘ylangan yoki o‘zida xayolotning cheksiz, barakali saxiy muhrini olib yurgan ayrim o‘rinlari qisqartirilgai bo‘larmidi.
Ha, shunday ham bo‘lishi mumkin. Marhum yozuvchi tomonidan bizga qoldirilgan roman matni ana shunday xulosaga kelishimizga har jihatdan asos beradi. Biroq, bunday taxminiy xulosalarga u qadar o‘rin berish ham to‘g‘ri emas, chunki Bulgakovning bu yakuniy, ajoyib ishini o‘qib bo‘lgach, o‘zingda shunday tuyg‘uni his etasanki, bu uning kuchli va saxiy iste’dodiga minnatdorlik tuyg‘usi ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilasan.
Bu murakkab va ko‘plab odatiy tasavvurdagi asarlar ramkasiga sig‘maydigan kitobning oxirgi varag‘ini yopar ekanlar, uni turli o‘quvchilar turlicha baholaydilar, undan bir narsani olib, ikkinchisini inkor etadilar, uchinchisi bilan esa bahslashadilar, lekin men shunga aminmanki, bu romanga bo‘lgan qarashlarning qandayligidan va hatto u atrofidagi tortishuvlarning baridan qat’iy nazar, Mixail Bulgakovning bu so‘nggi asarini o‘qib chiqqan har bir o‘quvchi o‘rtasida esa bunday mubohasalarning bo‘lishi turgan gap, ularning o‘y-xayollarini bir tuyg‘u birlashtiradi: Bulgakov o‘limi bilan bundan chorak asr muqaddam bizning adabiyotdan ajoyib va o‘ziga xos iste’dodlardan biri ketdi va «Usta va Margarita» romani, balki, boshqa guvohlarning ichida, shak-shubhasiz, buning eng yorqin guvohidir.
BIRINCHI QISM
Birinchi bob
HECH QACHON BEGONALAR BILAN GAPLASHMANG
…Kimsan, ayt!
— Men hargiz yomonlik tilab — Yaxshilik qilguvchi kuchning bir qismi.
Bahor kunlarining birida, dim oqshom chog‘ida, Moskvadagi Patriarx ko‘li xiyobonida ikki kishi paydo bo‘ldi. Ularning biri yozlik kulrang kostyum-shim kiygan, past bo‘yli, miqti gavdali, taqirbosh, soqol-mo‘ylovi silliq olingan, ko‘ziga g‘ayritabiiy kattalikdagi qora muguz gardishli ko‘zoynak taqqan, hali xiylagina yangi shlyapasini qo‘liga olib olgan edi. Ikkinchisi — jingalak sochi mallarang, katak matodan tikilgan kepkasini ensasiga surib kiygan yag‘rindor yigit — egniga katak ko‘ylak, g‘ijimlangan shim, oyog‘iga qora shippak kiygan edi.