Выбрать главу

— Mushuk bilan kirish mumkin emas.

— Meni afv etasiz, — deb shang‘illadi daroz odam va g‘adir qo‘lini xuddi kar odamday qulog‘iga olib bordi, — mushuk bilan dedingizmi? Qani, mushuk?

Eshikog‘asi baqrayib qoldi, buiga sabab, daroz odamning oyog‘i ostida endi hech qanday mushuk ko‘rinmasdi, bil’aks, qo‘liga primus ko‘tarib, boshiga yirtiq kepka kiygan, lekin basharasi chindanda bir oz mushuknikiga o‘xshab ketuvchi bir baqaloq odam, darozning yelkasi osha mo‘ralar va hadeb magazinga kirishga talpinardi.

Bu ikki xaridor negadir odamovi eshikog‘asiga yoqmagan edi.

— Bizda mol faqat valyutaga sotiladi, — deb xirilladi u oq oralaganligidan xuddi kuya yegandek bo‘lib ko‘ringan paxmoq qoshlari ostidan o‘qrayib qararkan.

— Azizim, — deb shang‘illadi daroz pensnesining darz ketgan shishasi orqali ko‘zini chaqnatib, — kim aytdi sizga menda valyuta yo‘q deb? Kiyim-boshimga qarab shuiday o‘yga bordingizmi? Hech qachon bunday ish tutmaig, qimmatli qo‘riqchi! Jugda katta xatoga yo‘l qo‘yib qo‘yishingiz mumkin. Hech bo‘lmasa mashhur halifa Xorup ar-Rashidning kechmishlariga qayta ko‘z yugurtirib chiqing. Ammo mazkur vaziyatda, u tarixni vaqtincha chetga qo‘yib, sizga shuni aytmoqchimanki, ustingizdan mudiringizga shikoyat qilaman va siz to‘g‘ringizda shunday gaplarni aytib beramanki, oqibatda oynavand qo‘shqavat eshik orasidagi issiq o‘rningizdan judo bo‘lishingiz hech gap emas.

— Balki primusim to‘la valyutadir, — qizishib gapga aralashdi, nuqul magazinga suqulib kirishga urinayotgan mushukbashara baqaloq. Magazin eshigi oldida ancha-muncha odam to‘planib qolgan edi. Ularning toqati toq bo‘lib, bu ikki xaridorni siqib kelaverishdi. Natijada bu ikki alomat kishiga nafrat va shubha bilan tikilgan eshikog‘asi o‘zini chetga olishga majbur bo‘ldi, shunda bizning tanishlarimiz Korovyov bilan Begemot magazinga kirdilar.

Bu yerda ular, birinchi navbatda, hammayoqqa bir-bir ko‘z yugurtirib chiqishdi, so‘ng Korovyov magazinning hamma yeriga ham eshitiladigan yangroq ovoz bilan dedi:

— Ajoyib magazin! Juda, juda yaxshi magazin. Peshtaxta oldidagi xaridorlar ovoz kelgan tomonga negadir taajjub bilan yalt etib o‘girilishdi, holbuki magazinni maqtashga asos bor edi.

Tokcha kataklariga turli xil gul solingan, rang-barang chitlar toy-toy qilib taxlab tashlangan. Ularning orqasida xom surp, shifon va frakbop movutlar bor. Ulardan narida tog‘-tog‘ qilib uyilgan poyabzal qutilari. Bu yerda bir nechta ayol pastak kursilarga o‘tirib olib, oyoqlariga yangi, yaltiroq tuflilar kiyib ko‘rishar, jiddiy qiyofada gilamcha ustida yurishardi. Undan narida muyulish orqasidan patefon ovozi kelardi.

Lekin Korovyov bilan Begemot bu jozibali manzaralar yonidan o‘tib borib, to‘g‘ri oziq-ovqat mahsulotlari va shirinliklar bo‘limi tomon yo‘l olishdi. Bu yerning sahni ancha keng bo‘lib, peshtaxta oldi gazmol bo‘limidagi singari tiqilinch emas edi.

Soqol-mo‘ylovi qirtishlab olingan, mugiz gardishli ko‘zoynak taqqan, boshida, lentasiga dog‘ ham tushmagan yap-yangi shlyapa, egniga och-binafsha rang palto, qo‘liga malla rang mayin qo‘lqop kiygan past bo‘yli, baqaloq odam peshtaxta oldida turib, sotuvchiga bir nimalarni g‘o‘ldirab buyurardi. Chinniday toza oq xalat va ko‘k shapkacha kiygan sotuvchi binafsha rang paltoli xaridorga xizmat qilardi. U Leviy Matvey o‘g‘irlagan pichoqqa judayam o‘xshab ketuvchi o‘tkir pichoq bilan yog‘i yaltillab turgan pushti rang losos balig‘ining xuddi ilonnikiga o‘xshab kumushdek tovlanuvchi terisini shilar edi.

— Bu bo‘lim ham g‘oyat soz, — deb tantanavor ohangda e’tirof etdi Korovyov va barmog‘i bilan binafsha rang palto kiygan odamni ko‘rsatib ilova qildi: — ajnabiy xaridor ham yoqimtoygina ekan.

— Yo‘q, Fagot, yo‘q, — o‘ychanlik bilan javob qildi Begemot, — sen, do‘stim, yanglishyapsan. Menimcha, bu jentlmenning ruxsorida bir nima yetishmayapti. Binafsha rang paltoli kishining kifti seskanganday bo‘ldi, lekin bu tasodif edi chamasi, chunki u Korovyovning o‘z hamrohi bilan gaplashgan ruscha gapga tushunmas edi-da.

— Yakshi? — deb jiddiy ohangda so‘radi binafsha rang paltoli.

— A’lo, — deb javob qildi sotuvchi pichoq uchi bilan baliq terisi ostini ustalik bilan kavlab ko‘rsatarkan.

— Yakshi — men yakshi ko‘radi, yaman — meniki yaman ko‘radi, — dedi jiddiy ohangda ajnabiy.

— Bo‘lmasam-chi! — zavq bilan javob qildi sotuvchi.

Bu payt tanishlarimiz losos xarid qilayotgan ajnabiydan uzoqlashib, shirinliklar sotiladigan peshtaxta oldiga yaqinlashdilar.

— Kun qizidi-ku, — deb murojaat qildi Korovyov ikki yuzi qip-qizil sotuvchi qizga, lekin undan hech qanday sado chiqmadi. Shunda u: — Mandarin qanchadan? — deb so‘radi.

— Kilosi o‘ttiz tiyin, — deb javob qildi sotuvchi qiz.

— Muncha qimmat, — dedi Korovyov xo‘rsinib, — eh, eh… u yana bir oz o‘ylanib turdi-da, hamrohini chaqirdi: — Ol, yeyaver, Begemot.

Baqaloq odam primusini qo‘ltig‘iga qistirdi-da, ehrom shaklida uyulgan mandarinlarning eng cho‘qqisidagisini olib, hash-pash deguncha po‘choq-mo‘chog‘i bilan yeb yubordi, so‘ng ikkinchisini yeyishga kirishdi.

Dahshat og‘ushiga tushgan sotuvchi ayolning rangida qoni qolmadi.

— Jinni-minni bo‘lganmisiz, bu nima qiliq? — deb chinqirdi u, — chek uzating! Chek! — uning qo‘lidagi konfet kurakchasi tushib ketdi.

— Jonginam, azizim, dilbarim, — deb xirilladi Korovyov peshtaxta osha engashib, sotuvchi ayolga ko‘z qisarkan, — yonimizda valyuta yo‘q, bugun… xo‘sh, iloj qancha? Lekin sizga ont ichib aytamanki, kelasi gal, dushanbadan kechiktirmay, hammasini naqd to‘laymiz. Biz shu yaqin o‘rtada turamiz. Sadovaya ko‘chasida, yong‘in bo‘layotgan yerda.

Begemot uchinchi mandarinni yutib yuborib, dastpanjasini shokolad plitkalaridan tiklangan antiqa istehkomga cho‘zdi va uning «poydevor» idan bitta shokolad olib (turgan gapki «istehkom» vayron bo‘ldi), uni zar qog‘ozi bilan birga chaynamay yutib yubordi.

Baliq sotilayotgan peshtaxta ortidagi sotuvchilar qo‘llarida pichoq ushlagancha toshday qotib qoldilar, binafsha rang palto kiygan ajnabiy bosqinchilar tomon o‘girilgan edi, Begemotning boyagi fikri noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi: binafsha rang paltolining ruxsorida yetishmovchilik emas, ortiqchalik mavjud edi — uning lunjlari osilgan, ko‘zlari olazarak edi.

Rangi quv o‘chgan sotuvchi ayol butun magazinni boshiga ko‘tarib hasratli ovoz bilan chinqirdi:

— Palosich! Palosich!

Gazmol bo‘limidagi olomon bu ovozni eshitib, shu yoqqa otildi, Begemot esa jozibali shirinliklardan uzoqlashib, «Kerchning sarxil seld balig‘i» deb yozilgan bochkaga panjasini tikdi-da, ikkita selyodka olib, hash-pash deguncha ikkovini yutib yubordi, faqat baliqlarning duminigina tuflab tashladi.

— Palosich! — deb yana jon-jahdi bilan qichqirdi shirinlik sotuvchi ayol, baliq bo‘limidagi cho‘qqisoqol sotuvchi esa:

— Hoy, gazanda, nima qilyapsan-a? — deb baqirdi. Bu payt Pavel Iosifovich (ya’ni Palosich) mojaro ko‘tarilgan yerga shoshib kelayotgan edi. Bu xuddi jarrohlardek oppoq, top-toza xalat kiygan, xalati cho‘ntagidan qalam turtib chiqib turgan juda basavlat kishi edi. U aftidan ko‘pni ko‘rgan odam bo‘lsa kerak, Begemotning og‘zida uchinchi selyodkaning dumini ko‘rishi bilan, darhol yuz bergan vaziyatga mukammal tushundi-yu, bu sullohlar bilan aytishib o‘tirmasdan, uzoqda turgan eshikog‘asiga qo‘l siltab buyurdi:

— Chal!

Eshikog‘asi ko‘chaga o‘kday otilib chiqib, hushtagini vahimali churillata boshladi. Xalq ikki muttaham atrofini o‘rab oldi, shunda Korovyov gapga aralashdi.

— Grajdanlar! — darz ketgan ovoz bilan chiyilladi u, — nimalar bo‘lyapti o‘zi bu yerda, a? Men sizlardan so‘rayapman! Bu bechora, — Korovyov ovozida titroq hosil qilib, Begemotni ko‘rsatdi (u darhol yig‘lamoqchi bo‘lganday basharasini bujmaytirdi), — bu bechora uzzukun primus tuzatib, qorni ochib qolgan bo‘lsa… lekin qayokdan olsin valyutani?