Выбрать главу

Odatda fe’li vazmin va bamaylixotir Pavel Iosifovich Korovyovga jaholat bilan:

— Bas qil maynabozchilikni! — deb baqirdi va endi sabrsizlik bilan eshikog‘asiga qo‘l silkidi. Shunda magazin eshigi oldida hushtak yana ham balandroq churillay boshladi.

Lekin Korovyov Pavel Iosifovichning gaplaridan hech xijolat bo‘lmay gapida davom etdi:

— Qayokdan olsin — men sizlardan so‘rayapman! Uning ochlikdan, tashnalikdan sillasi qurigan! Issiqdan nafasi qaytgan! Hay, yegan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i uch tiyin turadigan bitta mandarin yepti bu sho‘rpeshona. Shunga darrov bulbuligo‘yo bo‘lib hushtak churillatish, militsiyani bezovta qilib, ishdan qo‘yish shart ekan-chi? Anavi yesa maylimi? A? — Korovyov shunday deb binafsha rang paltoli baqaloqni ko‘rsatgan edi, uning chehrasida qattiq hayajon alomatlari paydo bo‘ldi, — kim o‘zi bu? A? Qayoqdan kelgan? Nega kelgan! Nima, ko‘zimiz uchib turuvdimi unga? Yo uni yurtimizga taklif qilganmidik? To‘g‘ri, — dedi baralla ovoz bilan sobiq regent zaharxanda qilib, — ko‘rib turibsiz, u binafsha rang palto kiyib yasanib kelgan, qimmatbaho losos balig‘ini yeb pufakdek shishib ksgipti, uning hammayog‘i jaraq-jaraq valyuta, ammo bizning birodarimiz-chi?! Qanday nadomat! Chidolmayman! Chidolmayman! — deb chinqirdi Korovyov xuddi so‘yilayotgan cho‘chqaday.

Bu betuturiq, beadab va hattoki siyosiy jihatdan isyonli bo‘lgan va’z Pavel Iosifovichni g‘azabdan tutaqtirib yubordi, lekin, taajjubki, bu yerda uymalashib turgan olomonning ko‘zlariga boqib, va’z aksar odamlarning rahmini keltirganiga shohid bo‘lish mumkin edi! Begemot isqirt va yirtiq yengini ko‘ziga olib borib, fojiona ohangda:

— Mendek jabrdiydaning yonini olganing uchun rahmat senga, sadoqatli do‘stim! — degan edi hamki, mo‘’jiza sodir bo‘ldi. Hozirgina shirinliklar bo‘limidan mag‘iz solingan uchta pirojniy xarid qilgan, g‘aribona, ammo juda ozoda kiyingan, o‘ta nazokatli, yuvosh tabiat chol birdan o‘zgarib ketdi. Uning ko‘zlarida jangovar o‘t chaqnadi, cho‘g‘dek qizarib ketdi va pirojniylar solingan xaltachani yerga otib, go‘daklarnikidek ingichka ovoz bilan chiyilladi:

— To‘g‘ri! — Keyin u boya Begemot buzib yuborgan shokolad minorasi ostidagi patnisni tortib olib, bir qo‘li bilan ajnabiyning boshidan shlyapasini yulib oldi-da, o‘ng qo‘lidagi patnisning o‘rtasi bilan uning kal boshiga qulochkashlab shunday urdiki, yuk mashinasidan yerga tunuka tushirilayotganda qanday taraqlagan ovoz eshitilsa, hozir ham shunday dahshatli ovoz butun magazinni bosib ketdi. Baqaloq ajnabiy rangi quv o‘chib, chalqancha yiqilarkan, Kerch selyodkasi solingan bochkaga o‘tirib qoldi va buning oqibatida selyodkaning namakobi uning chor yonidan fontan bo‘lib otildi. Ayni shu payt ikkinchi mo‘’jiza yuz berdi. Bochkaga orqasi bilan tiqilib qolgan bu ajnabiy sof rus tilida chinqirib yubordi:

— Voy, o‘ldirishyapti! Militsiya! Meni banditlar o‘ldirishyapti! — o‘ziga shu choqqacha begona bo‘lgan tilni u, chamasi, hozirgi asabiy hayajon oqibatida, dabdurustdan o‘zlashtirib olgan bo‘lsa kerak.

Shu payt eshikog‘asining hushtagi tindi va bezovta xaridorlar olomoni orasida davraga yaqinlashib kelayotgan ikkita militsioner dubulg‘asi ko‘zga tashlandi. Lekin badkor Begemot, xuddi hammomga tushgan odam supachaga tosdan suv sepganday, shirinliklar bo‘limi peshtaxtasi ustiga primusidan benzin quydi va benzin o‘z-o‘zidan o‘t oddi. Alanga «pov» etib yuqori ko‘tarildi-yu, peshtaxta bo‘ylab pildirab ketdi va yo‘l-yo‘lakay ho‘l mevalar to‘ldirilgan savatchalarnipg chiroyli qog‘oz lentalarini yalab yondirib o‘tdi. Sotuvchi ayollar qiy-chuv ko‘tarib, peshtaxtalar ortidan otilib chiqishdi, xuddi shu mahal derazalarga tutilgan darpardalarni o‘t oldi va yerga to‘kilgan benzin ham yona boshladi. Olomon birdan jon achchig‘ida faryod ko‘tarib, endi hech keragi bo‘lmay qolgan Pavel Iosifovichni ham bosib-yanchib, shirinliklar bo‘limidan pala-partish chekina boshladi, baliq bo‘limining sotuvchilari esa qo‘llarida o‘tkir pichoqlari bilan turnaqator tizilishib orqa eshik tomon shataloq otib qochishdi. Boshdan-oyoq selyodka namakobiga bo‘kko‘an binafsha rang paltoli ajpabiy bir iloj qilib bochka asoratidan qutuldi-yu, peshtaxtada yotgan syomga balig‘i osha hatdab o‘tib, u ham sotuvchi erkaklar orqasidan juftakni rostlab qoldi. Yong‘indan qochgan olomonning siquvi ostida magazinning ko‘cha eshigiga o‘rnatilgan ko‘zgular chil-chil sindi, lekin ikki ablah — Korovyov bilan ochko‘z Begemotpipg qayoqqa g‘oyib bo‘lganini hech kim bilmay qoldi. Keyinchalik, Smolenskiy bozoridagi Torgsinda yuz bergan yong‘in paytida hozir bo‘lgan guvohlarning hikoya qilishlaricha, go‘yo ikki bezori yuqoriga, shiftgacha ko‘tarilganmish-u, o‘sha yerda xuddi bolalarning pufaklari singari «paq» etib yorilib, g‘oyib bo‘lganmish. Bunday bo‘lishi albatta dargumon, ammo ko‘rmagan narsamiz haqida hech nima deya olmaymiz.

Lekin shuni aniq bilamizki, Smolenskiy bozorida yuz bergan hodisadan rosa bir daqiqa o‘tgach, Begemot bilan Korovyov Griboedov xolasining uyi oldidagi xiyobonda paydo bo‘lishdi. Korovyov panjara devor oldida to‘xtab, shunday dedi:

— Buni qara! Axir bu adiblar uyi-ku. Bilasanmi, Begemot, men bu uy haqida juda ko‘p g‘aroyib va maqtov so‘zlar eshitganman. Sen bu uyga yaxshilab nazar tashla, do‘stim! Mana shu dargohda ne-ne behudud iste’dodlar pishib yetishayotgani menga ulkan huzur bag‘ishlaydi.

— Parnikda o‘sgan ananasdek pishib yetilishadi degin, — ded Begemot va serustun, sarg‘ish binoni durustroq ko‘rish uchun cho‘yan panjara o‘rnatilgan beton ioydevor ustiga chiqdi.

— Juda to‘g‘ri aytding, — deb Korovyov qadrdon xamrohining fikriga qo‘shilishdi, — hozir mana shu binoda «Don Kixot» ning yoki «Faust» ning, yo bo‘lmasa, azbaroyi shifo, «O‘lik jonlar» ning bo‘lg‘usi mualliflari yetilayotgani haqida o‘ylasang, vujudingni kandaydir bir totli vahima qamraganday bo‘ladi! Nima deysai?

— O‘ylasang vahming keladi, — deb do‘stining fikrini tasdiqladi Begemot.

— Ha, — deb davom etdi Korovyov, — juda g‘aroyib narsalarning shohidi bo‘lish mumkin bu uyning parniklarida, zero bu uy Melpomena, Poligimniya va Taliyalarga butun hayotini fido qilgan bir necha ming jonbozlarni o‘z panohiga to‘plagan. Basharti shu jonbozlardan birontasi kitobxon ahliga namuna sifatida «Revizor» ni, yo bo‘lmasa, «Yevgeniy Onegin» ni taqdim qilgudek bo‘lsa, qanaqa shov-shuv ko‘tarilishini sen tasavvur qilsang kerak!

— Judayam-da, — deb yana tasdiqladi Bsgsmot.

— Ha, — dedi Korovyov va tashvishli qiyofada barmog‘ini ko‘tardi, — lekin! Men yana takror aytaman — lekin! Agar bu nozik, chiniqmagan teplitsa o‘simliklariga biron-bir mikrob tushib, uning ildizini kemirmasayu chiritib yubormasa! Bunday hol ananaslarda uchrab turadi.

— Aytganday, — dedi Begemot, dum-dumaloq boshini panjaradan tiqib, — anavilar nima qilishyapti rovonda?

— Ovqatlanishyapti, — deb izohladi Korovyov, — senga yana shuni ham aytishim mumkinki, azizim, bu yerning restorani yaxshigina va taomlari arzon. Lekin men hozir, sirasini aytganda, olis safarga shaylangan har qanday sayyoh singari, miriqib ovqatlanish va kattakon bordoqni lim-lim to‘ldirib muzdakkina pivo ichish ishtiyoqidaman.

— Men ham, — dedi Begemot, shundan keyin ikki muttaham jo‘ka daraxtlari ostidan o‘tgan asfalt yo‘lkadan bo‘lg‘usi falokatdan g‘ofil restoranning rovoni sari ravona bo‘ldilar.

Rovonga kiraverishda, atrofiga yam-yashil o‘tlardan so‘ri qilingan eshikning bir chekkasiga qo‘yilgan stulda oq paypoq, dumli oq beretka kiygan rangpar bir ayol zerikib o‘tirardi. Uning oldidagi odmigina ovqat stoli ustida qalin bir daftar yotar va ayol nima uchundir restoranga kirganlarni shu daftarga qayd qilib o‘tirardi. Mana shu ayol Korovyov bilan Begemotning yo‘lini to‘sdi.