Sayyohlar xiyobon uzra uchib borisharkan, mitti odamlarning endi tomchilay boshlagan yomg‘irdan o‘zlarini panaga olish uchun har tomonga tumtaraqay qochishayotganini ko‘rdilar. Suvorilar tutun buruqsaetgan bir yerdan uchib o‘tdilar. — Griboedovdan qolgani shu edi. Suvorilar zulmat og‘ushiga cho‘kayotgan shahar uzra uchdilar. Ulardan tepada tinmay yashin chaqnardi. Nihoyat, shahar tomlari tugab, pastda yam-yashil dalalar paydo bo‘ldi. Shundagina yomg‘ir sharros quyib yuborib, uchta chavandozni uchta ulkan pufakka aylantirdi.
Parvoz hissiyoti Margaritaga tanish bo‘lsa ham, usta bu tuyg‘udan g‘ofil edi, shunga ko‘ra, ko‘zlagan manziliga bir zumda yetib borgani uni hayron qoldirdi. Bu yerda u bir odam bilan vidolashmoqchi edi — uning vidolashadigan boshqa hech kimi ham yo‘q edi. Sharros quyayotgan yomg‘ir pardasi orqali u Stravinskiy shifoxonasi binosini ham, daryoni ham, daryoning narigi sohilidagi juda yaxshi tanish bo‘lib qolgan o‘rmonni ham darrov tanidi. Ular shifoxona yaqinidagi sayhonlikka qo‘nishdi.
— Sizlarni shu yerda kutib turaman, — deb qichqirdi Azazello qo‘llarini karnay qilib; u dam yashil shu’lasida ko‘rinib, dam zulmat qo‘ygina g‘arq bo‘lardi, — tezroq vidolasha qoling.
Usta bilan Margarita egardan sakrab tushishib, xuddi suyuq sharpalardek lip-lip ko‘rinib shifoxoia bog‘idan uchib o‘tdilar. Yana bir zumdan keyin usta 117-xonaning‘ balkonidagi, o‘ziga juda tanish bo‘lib qolgan papjarani surib ichkari kirdi. Margarita unga ergashdi. Ular Ivanushkaning oldiga momaqaldiroq gumburlayotgan paytda ko‘rinmay va sezdirmay kirishdi. Usta karavot yonida to‘xtadi.
Ivanushka bu oromgohga kelgan birinchi kuni momaqaldiroqni qanday kuzatib yotgan bo‘lsa, hozir ham shu tarzda qimir etmay yotardi. Lekin hozir avvalgi safardagidek yig‘lamas edi. Nihoyat, u balkondan kirib kelgan qora sharpaga sinchiklab tikildi va yostikdan boshini ko‘tarib, unga qo‘llarini uzatdi-da, shodlanib dedi:
— Ie, sizmisiz? Men bo‘lsam qachondan beri kutib yotibman. Kelganingiz yaxshi bo‘ldi, qo‘shnijon.
— Ha, shu yerdaman! — dedi unga javoban usta. — Lekin, taassufki, sizga ortiq qo‘shni bo‘la olmayman. Men butunlay uchib ketyapman, siz bilan vidolashgani keldim.
— Men buni bilardim, sezgan edim, — ohistagina dedi Ivan va so‘radi: — Siz uni uchratdingizmi?
— Ha, — dedi usta, — shuning uchun ham siz bilap vidolashgani keldimki, keyingi paytda faqat siz mening yagona suhbatdoshim edingiz.
Ivanushkaning ko‘ngli yorishib dedi:
— Xonamga uchib kirganingiz yaxshi bo‘ldi. Men albatta so‘zimning ustidan chiqaman, endi hech qachon she’r yozmayman. Meni endi boshqa narsa qiziqtirib qoldi, — Ivanushka jilmayib, telba ko‘zlarini qayoqlargadir tikdi, — boshqa narsa yozmoqchiman. Bilasizmi, bu yerda yotganimda ancha-muncha narsaga tushundim.
Usta bu so‘zlarni eshitib hayajonlandi va Ivanushkaning to‘shagiga omonatgina o‘tirib gap boshladi:
— Bu gapingiz yaxshi, juda yaxshi. Demak, uning to‘g‘risidagi asarning davomini yozasiz!
Ivanushkaning ko‘zlari chaqnab ketdi.
— Nima, o‘zingiz yozmaysizmii? — shunday deb u boshini xam qildi va o‘ychanlik bilan ilova qildi: — Ha-ya… nimaga buni so‘radim, — Ivanushka ko‘z qiri bilan qo‘rqa-pisa yerga qaradi.
— Ha, — dedi usta, uning bo‘g‘iq ovozini Ivaiushka taiimadi, — uning to‘g‘risida boshqa yozmayman endi. Men boshqa ish bilan mashg‘ul bo‘laman.
Uzokdan eshitilgan hushtak momaqaldiroq gumburini bosib ketdi.
— Eshityapsizmi? — so‘radi usta.
— Momaqaldiroq gumburlayapti…
— Yo‘q, meii chorlashmoqda — ketadigan payt bo‘ldi, — deb izohladi usta va o‘rnidan turdi.
— To‘xtang! Yana bir og‘iz so‘z, — dedi Ivan, — siz o‘sha ma’shuqangizni topdingizmi? Sizga vafodorligicha qoliptimi u?
— Mana u, — deb javob qildi usta va devorga ishora qildi. Qora kiygan Margarita oppoq devordan ajralib, bemorning tepasiga yaqinlashdi. U karavotda yotgan yigitga mahzun ko‘zlarini tikdi.
— Sho‘rlik yigit, — deb tovushsiz pichirladi Margarita va bemor ustiga engashdi.
— Judayam go‘zal ekan, — dedi Ivan behasad, ammo bir oz hasrat va qandaydir ayanch bilan, — ana ko‘rdingizmi, hamma armoningiz ushalipti. Ammo menda unday bo‘lmadi, — shunday deb u o‘ylanib qoldi va o‘ychanlik bilan ilova qildi: — Balkim shunday bo‘lgani ma’quldir…
— Ha, ha, — deb pichirladi Margarita bemor ustiga yana ham pastroq engasharkan, — mana, hozir men peshonangizdan o‘paman-u, keyin hamma narsa ko‘nglingiz tusagandek bo‘ladi… gapimga ishonavering, bularning hammasini o‘z boshimdan kechirganman, hammasidan voqifman.
Karavotda yotgan yigit Margaritaning bo‘ynidan quchdi, shunda Margarita uni o‘pib oldi.
— Alvido, shogirdim, — dedi usta eshitilar-eshitilmas va havoda eriy boshladi. U, u bilan birga Margarita ham g‘oyib bo‘lishdi. Balkon panjarasi yopildi.
Ivanushka bezovtalana boshladi. U o‘rnidan turib o‘tirdi, atrofiga olazarak bo‘lib qarab, hatto ingrab ham qo‘ydi, o‘zicha bir nimalarni g‘o‘ldirab o‘rnidan turdi. Momaqaldiroq tobora zo‘raya borardi, chamasi uning qalbiga g‘uluv solgan narsa ham shu momaqaldiroq bo‘lsa kerak. Ivanni bezovta qilgan yana bir narsa shu bo‘ldiki, uning shifoxona yo‘lagidagi doimiy sokinlikka ko‘nikib qolgan qulog‘iga hozir eshik orqasidan bezovta oyoq tovushlari, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitilgan edi.
— Praskovya Fyodorovna! — deb chaqirdi u asabiylashib va titrab-qaqshab.
Shu zahotiyoq xonaga kirib kelgan Praskovya Fyodorovna Ivanushkaga savol ma’nosida hayajonlanib tikildi.
— Xo‘sh? Nima bo‘ldi? — deb so‘radi u, — momaqaldiroq bezovta qilyaptimi? Tinchlaning, hechqisi yo‘q… Hozir yordam ko‘rsatishadi sizga. Men doktorni chaqiraman.
— Yo‘q, Pravskovya Fyodorovna, doktorni chaqir-ang, — dedi Ivanushka, Praskovya Fyodorovnaga emas, devorga hayajon bilan tikilarkan, — menga hech nima bo‘lgani yo‘q. Men o‘z ahvolimga tushunadigan bo‘lib qolganman, siz ko‘rqmang. Yaxshisi, ayting-chi, — deb dilkashlik bilan so‘radi Ivan, — yonimdagi yuz o‘n sakkizinchi xonada hozir nima bo‘ldi?
— Yuz o‘n sakkizinchidami? — deb so‘radi Praskovya Fyodorovna va bezovta ko‘zlarini undan olib qocha boshladi, — hech nima bo‘lgani yo‘q. — Lekin ayolning ovozida dudmollik sezilib turardi, buni darhol sezgan Ivanushka dedi:
— Qo‘ying, Praskovya Fyodorovna! Siz axir to‘g‘riso‘z odamsiz-ku… Nima, meni to‘polon qiladi deb o‘ylayapsizmi? Yo‘q, Praskovya Fyodorovna, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Siz gapning rostini aytavering. Men, baribir devor orqali his qilyapman.
— Qo‘shningiz qazo qildi hozir, — deb pichirladi Praskovya Fyodorovna o‘zining hamgo‘yligi va oqko‘ngilligini tiyishga qurbi yetmay, aytishga aytdi-yu, yuragi taka-puka bo‘lib Ivanushkaga yalt etib qaradi, shunda Praskovya Fyodorovna yashin shu’lasidan bir zumga libos kiydi. Lekin Ivanushkaga hech narsa bo‘lmadi. U faqat barmog‘ini ma’nodor ko‘tarib shunday dedi:
— O‘zimam biluvdim! Sizni ishontirib aytamanki, Praskovya Fyodorovna, hozir shaharda yana bir inson olamdan o‘tdi. Men hatto uning kimligini ham bilaman, — shunday deb Ivanushka xufiyona jilmayib qo‘ydi, — u ayol kishi.
O‘ttiz birinchi bob
CHUMCHUQTEPADA
Momaqaldiroq dag‘dag‘asidan asar ham qolmadi, bu mahal butun Moskva uzra ulkan gumbazday ko‘tarilgan rang-barang kamalak Moskva daryosidan suv ichardi. Baland tepalikdagi ikki daraxtzor oralig‘ida uchta qora sharpa ko‘rindi. Egarlangan qora otlarga mingan Voland, Korovyov va Begemot daryo ortidan to ufqqacha yoyilib ketgan shaharga, uning g‘arbga qaragan uylaridagi ming-minglab derazalarda aks etayotgan kechki shu’lasiga va Qizlar monastirining jimjimador, muhtasham gumbaziga tikilib turardilar.