— Konsultantni qidirib yuribman, — javob qildi Ivan Nikolaevich va bezovtalanib olazarak bo‘ldi.
— Qanaqa konsultantni?
— Siz Berliozni bilasizmi? — so‘radi Ivan ma’nodor ohangda.
— Haligi… kompozitornimi? Ivanning ta’bi tirriq bo‘ldi.
— Qanaqa kompozitor? E, ha, yo‘q! yo‘q! Kompozitor — Misha Berlioz bilan familiyadosh!
Ryuxinning gapirishdan hafsalasi pir bo‘lgan edi, ammo izoh berishiga to‘g‘ri keldi.
— MASSOLIT sekretari Berliozni bugun kechqurun Patriarx ko‘li yaqinida tramvay bosib ketdi.
— Bilmagan narsangni gapirma! — dedi Ivan Ryuxindan achchig‘lanib, — sen emas, men shohidman bunga! U Mishani ataylab tramvayga ro‘para qildi!
— Itarib yubordimi?
— Nega endi «itarib yuborarkan?» — dedi odamlarning befarosatligidan achchig‘i chiqqan Ivan, — uning uchun itarvorishning hech hojati yo‘q! Uning qo‘lidan shunaqangi nayranglar keladiki, ehtiyot bo‘lmasang, holing xarob! U Berliozning tramvay tagiga tushishini oldindan aytib bergan edi!
— Sizdan boshqa yana hech kim ko‘rdimi o‘sha konsultantni?
— Hamma balo shunda-da, men bilan Berliozdan boshqa hech kim ko‘rgani yo‘q uni.
— Hm. Xo‘sh, o‘sha qotilni qo‘lga olish uchun qanday choralar ko‘rdingiz? — shunday deb turib vrach bir chekkada, stol yonida o‘tirgan, oq xalat kiygan ayol to-monga o‘tirildi. Ayol bir varaq qog‘oz olib, uning bo‘sh grafalarini yozuv bilan to‘ldira boshladi.
— Men ko‘rgan chorami? Oshxonadan sham olib oldim…
— Manavinimi? — deb so‘radi vrach ayol oldida stolda qog‘oz ikona bilan yonma-yon yotgan, mayishib ketgan sham bo‘lagini ko‘rsatib.
— Ha, shuni, keyin…
— Ikona nimaga kerak bo‘lib qoldi?
— Darvoqe, ikona… — Ivan qizarib ketdi, — hammadanam shu ikona ko‘proq cho‘chitib yubordi uni, — Ivan yana barmog‘i bilan Ryuxinga ishora qildi. — Gap shundaki, o‘sha konsultant, ochig‘ini aytadigan bo‘lsak… ins-jinslar bilan topishgan… uni osonlikcha qo‘lga olib bo‘lmaydi.
Sanitarlar negadir Ivandan ko‘zlarini uzmagancha qo‘llarini yonlariga tushirib g‘oz turishardi.
— Ha, shunaqa, — deb gapida davom etdi Ivan, — jinlar bilan topishgan. Bu dalilni aslo rad qilib bo‘lmaydi. U Pontiy Pilat bilan shaxsan suhbatlashgan ekan. E, bunaqa hayron bo‘lib qaramang menga! Gapim rost! Hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘ripti — rovonni ham, palmalarni ham. Xullas, u Pontiy Pilatning huzurida bo‘lgan, bunga men kafilman.
— Xo‘sh, xo‘sh….
— Qisqasi, men qog‘oz ikonani ko‘kragimga qadadimu uni quvib ketdim….
Shu payt birdan soat ikkiga jom chaldi.
— O‘h-ho‘! — deb yubordi Ivan divandan turarkan, — soat ikki bo‘liptiyu, men bo‘lsam sizlar bilan valaqlashib o‘tiribman! Kechirasiz, telefon qaerda?
— Telefonga o‘tkazib yuboringlar, — deb buyurdi vrach sanitarlarga.
Ivan bora solib trubkani qo‘liga oldi, bu payt sanitar ayol Ryuxindan ohista so‘radi:
— Uylanganmi?
— Bo‘ydoq, — qo‘rqa-pisa javob qildi Ryuxin.
— Kasabachilar uyushmasi a’zosimi? — Ha.
— Militsiyami? — deb baqirdi bu payt Ivap trubkaga, — militsiyami? O‘rtoq navbatchi, darhol buyruq bering, ajnabiy konsultantni tutish uchun pulemyot o‘rnatilgan beshta mototsiklet yuborishsin. Nima? Kelib meni olib keting, o‘zim sizlar bilan boraman… Menmi? Shoir Bezdomniyman, jinnixonadan gapir-yapman… Manzilinglar qanaqa? — pichirlab so‘radi u doktordan telefon trubkasini kafti bilan bosib turib, keyin yana trubkaga qichqirib gapira boshladi: — Eshityapsizmi? Allo!.. Yaramaslar! — birdan baqirib yubordi Ivan va trubkani devorga uloqtirdi. Keyii u vrach tomonga o‘girildi-da, unga qo‘lini cho‘zib, quruqqina «xayr» dediyu ketmoqchi bo‘ldi.
— Kechirasiz, qayoqqa ketmoqchisiz shu ichki kiyimda? — dedi vrach Ivanning ko‘zlariga tikilgancha, — vaqt yarim kechadan oqqan bo‘lsa… Siz o‘zingizni noxush sezyapsiz, yaxshisi, shu yerda qolib dam oling!
— O‘tkazib yuboring, — dedi Ivan eshik oldini g‘ov bo‘lib to‘sib turgan sanitarlarga. — Yo‘l berasizlarmi, yo yo‘qmi? — dahshat bilan baqirdi shoir.
Ryuxinni titroq bosdi, ayol oldidagi knopkani bosgan edi, oynavand stol ustida yaltiroq quticha bilap ampula paydo bo‘ldi.
— Xali shunaqami? — dedi Ivan vahshiyona ko‘zlari alang-jalang bo‘lib, — ha, yaxshi! Xayr bo‘lma-sa… — u parda bilan to‘silgan derazaga kalla qo‘ydi. «Gurs» etgan tovush eshitildi, parda orqasidagi derazaning sinmaydigan oynasi uning kallasi zarbiga dosh bergan edi, shu zamonoq Ivan sanitarlarning qo‘liga tushdi. U jonholatda xirillar, sanitarlarpi tishlamoqchi bo‘lar, baqirardi:
— Xali derazangizga shunaqa oyna qoplab olib-siz-da!.. Qo‘yvor! Qo‘yvor deyapman! Vrachning qo‘lida shprits yalt etib ketdi, ayol bir hamlada Ivanning uvada yengini yirtdiyu, uning qo‘liga g‘ayrimuannas kuch bilan yopishdi. Efir hidi tarqaddi. Ivan to‘rt kishining qo‘lida holsizlandi, epchil vrach esa shu fursatdai foydalanib, Ivanning qo‘liga ukol qildi. Uni yana bir necha soniya ushlab turib, so‘ng divanga o‘tqazishdi.
— Banditlar! — baqirdi Ivan divandan sapchib turarkan, lekin uni yana joyiga o‘tqazib qo‘yishdi. Shu zahoti u yana «dik» sakrab turdi, ammo endi o‘zi qay-tib joyiga o‘tirdi. U jim qoldi, olazarak bo‘lib atrofga qaradi, keyin birdan esnadi, so‘ng qahr bilan tirjaydi.
— Axiri hibsga oldinglar-a, — dedi u, yana esnadi, kutilmaganda yonboshlab, boshini yostiqqa qo‘yarkan, xuddi go‘dak boladek yuzini mushtumiga qo‘ydi, so‘ng ko‘zi uyquga ketarkan, endi qahrsiz g‘o‘ldiradi:
— Xa, juda soz… hali bu qilmishingizga ming pushaymon bo‘lasiz. Men ogohlantirdim, u yog‘iga bilganingizni qiling! Meni esa hozir hammadan ham ko‘proq Pontiy Pilat qiziqtiradi… Pilat… — shundan keyin u ko‘zini yumdi.
— Vannaga tushiring, yuz o‘n yettinchi alohida xonaga yotqizib, soqchi qo‘ying, — deb farmoyish berdi vrach ko‘zoynagini taqarkan. Ryuxin yana seskanib ketdi, oppoq eshik tovushsiz ochilib, tungi yashil chiroqlar bilan yoritilgan koridor ko‘rindi. Shu koridordan rezina g‘ildiraklarga o‘rnatilgan aravacha chiqib keldi, sanitarlar jimib qolgan Ivanni aravachaga olib yotqizishgan edi, u yana koridor tomon g‘il-dirab, eshik uning orqasidan yopildi.
— Doktor, — dedi pichirlab hayratda qolgan Ryuxin, — demak, u chindanam betob ekanda?
— O, albatta, — javob qildi vrach.
— Nima bo‘lipti o‘zi unga? — qo‘rqa-pisa so‘radi Ryuxin.
Charchagan vrach Ryuxinga qarab qo‘yib, lanjlik bilan dedi:
— Xarakat va nutq a’zolari asabiylashgan… alahsirash holati… nazarimda, murakkab hol… Shizofreniya bo‘lsa kerak. Buning ustiga yana ichkilik kasofati…
Ryuxin doktorning bu gapidan, Ivan Nikolaevichning ahvoli chatoq, degan ma’nonigina angladi xolos, so‘ng xo‘rsinib qo‘yib so‘radi:
— Nega u hadeb allaqanday konsultantni gapirib yotipti?
— Bironta odamni uchratgan-u, u odam uning buzilgan xayolotiga qattiq ta’sir ko‘rsatgan. Yoki ko‘ziga biron sharpa ko‘ringan bo‘lishi ham mumkin…
Bir necha daqiqadan keyin boyagi yuk mashinasi Ryuxiini yana Moskvaga olib ketdi. Tong yorisha boshlagan edi, shu bois katta yo‘ldagi hali o‘chirilmagan chi-roqlar shu’lasi endi nokerak va noxush bo‘lib tuyulardi. Xaydovchi bu tunning zoe ketganidan g‘ijinib, mashinani jon-jahdi bilan uchirib borarkan, muyulishlarda mashina g‘ildiraklari yo‘l yoqasigacha surilib borardi.
Mana, o‘rmon ham «g‘uv» etib o‘tib, orqada qolib ketdi, daryo ham allaqayoqlarga chetlab ketdi, endi yuk mashinasi yo‘lda; ustiga qorovulxonalar o‘rnatilgan qandaydir uzundan-uzun devorlaru sarjin qilib terilgan o‘tinlar, juda daroz simyog‘ochlaru shoda-shoda g‘altaklar tizilgan qandaydir machtalar, tog‘-tog‘ uyilgan shag‘allaru sathini ariqlar taram-taram qilib qirqqan dalalar yoqalab o‘tib borardi. Xullas, mana, hozir anavi muyulishdan o‘tish bilan Moskva boshlanishi va darhol mashinani o‘z og‘ushiga olajagi sezila boshlagan edi.