— Jinoyat hisoblanadi-ku, — eshitilar-eshitilmas pichirladi rais ko‘zlari olazarak bo‘lib.
— Axir guvohlar yo‘q-ku! — pichirladi Korovyov uning ikkinchi qulog‘iga. — O‘zingiz ayting, qani guvoh? Be, qo‘ysangiz-chi!
Shu payt, keyinchalik raisning tasdiqlashicha, mo‘’jiza sodir bo‘ldi: o‘sha bir dasta pul o‘zidan-o‘zi uning portfeliga sho‘ng‘ib kirib ketdi. Keyin negadir birdan tinkasi qurigan, hatto behol rais o‘zini zina boshida ko‘rdi. Uning miyasida turli-tuman xayollar g‘ujg‘on o‘ynardi. Bu xayollar ichida Nitstsadagi villa ham, o‘rgatilgan mushuk ham bor edi, yana u, xayriyat guvohlar yo‘q edi, deb o‘ylab turib, birdan kontramarka uchun Pelageya Antonovna xursand bo‘ladi, deb ko‘ngli-dan o‘tkazdi. Bular poyintar-soyintar fikrlar edi-yu, ammo umuman, xush yoqardi. Lekin shunga qaramay, rais qalbining eng teran bir yerida qandaydir igna mudom sanchib turardi. Bu bezovtalik ignasi edi. Bundan tashqari, shu yerda, zina boshidayoq birdan raisning miyasida: «Ie, eshik surg‘uchlangan bo‘lsa, tarjimon ka-binetga qanday kirib qoldi ekan?! Nega buni u, ya’ni Nikonor Ivanovich, undan so‘ramadi?» — degan fikrdan hushi og‘ib qolayozdi. Rais ancha vaqtgacha zinaning pillapoyalariga baqrayib turib qoldi, lekin axiyri bunga parvo qilmaslikka va bu jumboqli savol bilan boshini qotirib o‘tirmaslikka qaror qildi…
Rais kvartiradan chiqqan hamonoq, yotoqxonadan do‘rillagan ovoz eshitildi:
— Menga yoqmadi bu Nikonor Ivanovich. U pixini yorgan qallob, uchiga chiqqan muttaham. Uni ikkinchi bu yerga kelmaydigan qilib yuborish mumkin emasmi?
— Messir, siz buyruq bersangiz bo‘ldi!.. — qaerdandir Korovyovning ovozi eshitildi — lekin endi ovozi qaltiramas, balki jarangdor va ravon edi.
Keyin shu onning o‘zida bu la’nati tarjimon dahlizda paydo bo‘ldi, telefon nomerini terib, endi negadir yig‘loqi ovoz bilan gapira boshladi:
— Allo! Sizga shuni ma’lum qilishni o‘z burchim deb bilaman: Sadovaya ko‘chasidagi nomer uch yuz ikkinchi bis uy boshqarmasining raisi Nikonor Ivanovich Bosoy valyutafurushlik qiladi. Ayni shu paytda uning nomer o‘ttiz beshinchi kvartirasida, hojatxonadagi ventilyatsiya tuynugida gazeta qog‘ozga o‘ralgan to‘rt yuz dollar yashirilgan. Bu gapirayotgan — yuqorida aytilgan uyning nomer o‘n birinchi kvartirasida istiqomat qiluvchi Timofey Kvastsovman. Lekin mening nomimni sir tutishingizni o‘tinib so‘rayman. Zero, yuqorida nomi zikr etilgan raisning qasos olishidan qo‘rqaman.
Shunday deb trubkani osib qo‘ydi ablah.
Shundan keyin 50-kvartirada nimalar bo‘lgani ma’lum emas, lekin Nikonor Ivanovichnikida ne hol yuz bergani bizga ma’lum. Rais o‘z kvartirasida hojatxonaga kirib, ichidan eshikning ilgagini solib qo‘ydi, so‘ng portfelidan tarjimon zo‘rlab qistirgan bir dasta pulni oldi-da, uni sanab to‘rt yuz so‘m ekanligini bildi. Nikonor Ivanovich shu pulni gazeta parchasiga o‘rab, ventilyatsiya tuynugiga tiqib qo‘ydi.
Yana besh minutdan keyin rais o‘zining mo‘’jazgina yemakxonasida stol ortida o‘tirardi. Uning umr yo‘ldoshi sarishtalik bilan to‘g‘ralib, ustiga ko‘k piyoz qalin qilib sepilgan bir tarelka selyodkani oshxonadan olib chikdi. Nikonor Ivanovich bir ryumka araq quyib, ichib yubordi, ikkinchi ryumkani quyib, uniyam ichdi-da, sanchqisiga birakayiga uch bo‘lak selyodkani ildi… Xuddi shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi, Pelageya Antonovna ayni paytda bug‘i chiqib turgan kastryulni yemakxonaga ko‘tarib kirdiki, unga bir nazar tashlashning o‘zida ichida nima borligini, olovrang quyuq karam sho‘rva ichida jahonda eng totli narsa — ilik borligini his etish qiyin emas edi.
Nikonor Ivanovich so‘lagini yutib, xuddi ko‘ppakdek irilladi.
— E, padarlaringga la’nat! Tinchgina ovqatlanganiyam qo‘yishmaydi. Hech kimni qo‘yma, men yo‘qman, yo‘qman. Kvartira masalasida bo‘lsa, ayt, boshni qoti-rishmasin. Bir haftadan keyin majlis bo‘ladi.
Nikonor Ivanovichning xotini dahlizga g‘izillab chiqib ketdi, o‘zi esa o‘t ufuruvchi ko‘lni eslatuvchi karam sho‘rvadan cho‘mich bilan uzunasiga darz ketgan ilik suyagini suzib oldi. Xuddi shu payt yemakxonaga ikki kishi kirdi, ular bilan kirgan Pelageya Antonovnaning rangi negadir quv o‘chgan edi. Bu grajdanlarga ko‘zi tushishi bilan Nikonor Ivanovich ham oqarib ketdi va o‘rnidan turdi.
— Hojatxona qaerda? — qiyshiq yoqali oq ko‘ylak kiygan birinchi grajdanin tashvishli ohangda so‘radi.
Ovqat stolida bir narsa «to‘q» etib ketdi (Nikonor Ivanovichning qo‘lidan cho‘mich tushib ketgan edi).
— Buyoqda, buyoqda, — dedi bidirlab Pelageya Antonovna.
Kelganlar darhol yo‘lak tomonga otilishdi.
— Nima gap o‘zi? — tortinibgina so‘radi Nikonor Ivanovich kelganlar orqasidan ergasharkan. — Bizning kvartiramizda hech qanday shubhali narsa bo‘li-shi mumkin emas… Kechirasiz… hujjatlaringiz…
Birinchi grajdanin keta turib Nikonor Ivanovichga hujjatini ko‘rsatdi, ikkinchi grajdanin esa ayni shu topda hojatxonada, kursiga chiqib, ventilyatsiya tuynugiga qo‘lini tiqqan edi. Nikonor Ivanovichning ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Gazetani ochishgai edi, unda so‘mlar emas, balki allaqanday cholning gasviri tushirilgan, ko‘k bo‘lib ko‘k, yashil bo‘lib yashil bo‘lmagan notanish pullar chikdi. Lekin bularning qammasi Nikonor Ivanovichning ko‘ziga g‘ira-shira ko‘rindi, chunki uning ko‘z oldini qandaydir dog‘lar qoplagan edi.
— Ventilyatsiya tuynugida dollarlar, — o‘ychanlik bilan dedi birinchi grajdanin va Nikonor Ivanovichdan muloyim ohangda so‘radi: — Paket siznikimi?
— Yo‘q! — deb javob qildi Nikonor Ivanovich ko‘rqinchli ovoz bilan. — Dushmanlarning ishi bu!
— Shunaqa ham bo‘ladi, — deb qo‘shilishdi birinchi grajdanin, so‘ng yana muloyimlik bilan ilova qildi: — Bo‘pti, qolganini ham topshirish kerak.
— Menda hech nima yo‘q! Yo‘q, azbaroyi xudo, qo‘limga ham ushlamaganman bunaqa narsani! — jon-jahdi bilan chirqilladi rais.
U kiyim javoni oldiga yugurib borib, uning g‘aladonini taraqlatib tortib oldi, u yerda yotgan portfelni olib ocharkan, bir-biriga qovushmagan gaplarni baqira boshladi:
— Mana shartnoma… ablah tarjimon solib qo‘ygan… Korovyov… pensne taqqan!
U portfelni ochib, ichiga qaradi, keyin unga qo‘lini tiqdiyu rangi ko‘karib ketdi, qo‘lidagi portfel karam sho‘rvaga tushib ketdi. Portfelda hech nima: Styopaning xati ham, shartnoma ham, ajnabiy artistning pasporti ham, pul ham, kontramarka ham yo‘q edi. Xullas, buklama metrdan boshqa hech vaqo qolmagan edi.
— O‘rtoqlar! — jazavasi tutib baqirvordi rais. — Tutinglar ularni! Bizning uyga insu jinslar joylashib olipti!
Xuddi shu mahal Pelageya Antonovaning ko‘ziga nima ko‘rindi bilmaymiz-u, lekin u birdan qo‘llarini bir-biriga urib chinqirdi:
— Voy, Ivanich, tavba qil! Gunohing yengillashadi! Ko‘zlariga qon quyilgan Nikonor Ivanovich xotinining boshida musht do‘laytirdi va:
— Padar qusur ovsar! — deb xirilladi. Shundan keyin u zaiflashib, stulga o‘tirdi, chamasi, taqdirga tan bermoqchi bo‘ldi.
Bu mahal sinchkovlik dardiga chalingan Timofey Kondratevich Kvastsov rais kvartirasining ostonasida turib, eshikning kalit teshigiga goh mo‘ralar, goh quloq tutar edi.
Yana besh minutdan keyin uyning bu paytda hovlida bo‘lgan jami aholisi raisning ikki kishi kuzatuvida to‘g‘ri darvoza tomon yo‘l olganini ko‘rdi. Ularning gapiga qaraganda, Nikonor Ivanovichning rangi dokadek oqargan, xuddi mast kishiday gandiraklab, bir nimalarni g‘o‘ldirab o‘tib ketganmish.
Yana bir soatdai keyin noma’lum bir grajdanin o‘n birinchi kvartiraga kirib keldi, bu payt Timofey Kondratevich qo‘shnilariga raisni qanday qilib ilintirishganini huzur qilib, og‘iz ko‘pirtirib hikoya qilardi. Kelgan odam Timofey Kondratevichni barmog‘i bilan oshxonadan dahlizga imladi, unga bir nimalar dedi, so‘ng u bilan birga g‘oyib bo‘ldi.