— Qaerda turipti o‘zi o‘sha la’nati Voland? — so‘radi Rimskiy.
Varenuxa darhol inturist byurosiga qo‘ng‘iroq qildi va shu zahoti, Volandning Lixodeev kvartirasida joylashganligini xabar qilib, Rimskiyning og‘zini ochirib qo‘ydi. Shundan keyin u Lixodeev kvartirasiga qo‘ng‘iroq qilib, trubkadan eshitilayotgan uzun-uzun signalga uzoq vaqt quloq solib turdi. Qaerdadir juda olisda og‘ir qo‘shiq ijro etayotgan mungli bir ovoz telefon signaliga omixta bo‘lib eshitilardi, shunda Varenuxa, telefon tarmog‘iga radio ulanib qolipti, deb ko‘nglidan o‘tkazdi…
— Hech kim javob bermayapti, — dedi Varenuxa trubkani ilarkan, — balki qo‘ng‘iroq qilsammikan…
U gapni tugatolmadi. Ostonada yana o‘sha ayol paydo bo‘ldi va ikkovlari: Rimskiy ham, Varenuxa ham ayolga peshvoz turishdi, u esa sumkachasidan, bu gal oq emas, qandaydir odmirang qog‘oz oldi.
— Bunisi endi juda qiyomat bo‘ldi, — dedi Varenuxa g‘ijinib, shosha-pisha xonadan chiqib ketayotgan ayolning orqasidan kuzatib qolarkan. Birinchi navbatda qog‘oz Rimskiyga tegdi.
Fotoqog‘ozga surati tushirilgan qora harflar bilan yozilgan quyidagi xatni aniq o‘qisa bo‘lardi:
«Mening dastxatim, imzoim kimligimni isbot-laydi. Imzoimni tasdiqlab shoshilinch telegramma yuboring, Voland orqasidan maxfiy kuzatuv olib boring. Lixodeev».
Varenuxa teatrlardagi yigirma yillik faoliyati paytida ko‘p g‘aroyib voqealarning shohidi bo‘lgan edi, lekin hozir aql-zakovatidan judo bo‘layotganday his qildi o‘zini, shunga ko‘ra quyidagi odmigina va o‘ta bema’ni jumladan o‘zga hech nima deya olmadi:
— Bunday bo‘lishi mumkin emas!
Lekin Rimskiy boshqacha yo‘l tutdi. U o‘rnidan turib borib, eshikni ochdi, kursida o‘tirgan kurer ayolga:
— Pochtalondan boshqa hech kimni kiritmang! — deb baqirdi-da, eshikni ichidan qulflab oldi.
So‘ng yozuv stolining g‘aladonidan bir dasta qog‘oz olib, undagi Styopaning dastxatlari va imzolarini fotogrammadagi yozuv va imzo bilan qiyos qila boshla-di. Varenuxa stolga ko‘kragini berib yotib olib, Rimskiyning yuziga qaynoq nafas qaytarardi.
— Bu dastxat uniki, — dedi nihoyat qat’iyat bilan moliya direktori, Varenuxa esa xuddi aks sadodek takrorladi
— Uniki..
Administrator Rimskiyning yuziga qaradi, qaradiyu unda sodir bo‘lgan o‘zgarishdan serrayib qoldi. Shundoq ham cho‘pday oriq bo‘lgan moliya direktori, go‘yo yanayam ozib, hatto qarib qolganday, muguz gardishli ko‘zoynak taqqan ko‘zlarining avvalgi o‘qrayib qarashi yo‘qolib, ulardan nainki hayajon, hattoki hasrat paydo bo‘lgandek tuyuldi.
Odam nihoyatda qattiq hayratlangan damda o‘zini qanday tutsa, Varenuxa ham o‘zini shunday tutdi. U kabinetning u boshidan bu boshiga zir yugurdi, ikki marta, xochga tortilgan Isodek qulochini yozdi, grafindagi sarg‘ish suvdan bir stakanini birvarakayiga ichib yubordi-da, nihoyat shunday dedi:
— Tushunmayman! Tu-shun-may-man!
Rimskiy esa derazaga tikilgancha, astoydil bosh qotirib nimadir o‘ylardi. Moliya direktorining ahvoli juda og‘ir edi. Hoziroq, shu yerning o‘zida bu g‘ayritabiiy hodisa uchun tabiiy izoh kashf etish talab qilinayotgan edi.
U ko‘zlarini qisgancha, Styopaning bugun soat o‘n bir yarimlarda tungi ko‘ylakda, sarpoychan holda qandaydir o‘ta tez uchuvchi afsonaviy samolyotga chiqayotganini, keyin esa shu Styopaning o‘zini ayni o‘sha paytning o‘zida — soat o‘n bir yarimda Yalta aerodromida paypoqchan turganini ko‘z oldiga keltirib ko‘rdi… Jin ursin, g‘irt bema’nilik bu!
Balki bugun Styopaning kvartirasida turib u bilan gaplashgan odam Styopa emasdir? Yo‘q, Styopaning ovozi edi! Styopaning ovozini hech kim Rimskiychalik yaxshi tanimaydi! Boring, ana bugungi telefonda gapirgan Styopa emas ham deylik, axir kuni kecha oqshomga yaqin Styopa o‘z kabinetidan chiqib, to‘g‘ri mana shu kabinetga anavi tuguriqsiz shartnomani ko‘tarib kirib, o‘zining yengiltakligi bilan moliya direktorining zardasini qaynatgan edi-ku. Axir teatrda hech kimga hech pima demasdan, qanday qilib jo‘nab yo uchib ketishi mumkin? Agar kecha kechqurun uchib ketganida ham, Yaltaga bugun tushgacha yetib borolmagan bo‘lardi. Yo yetib olarmidi, a?
— Yaltagacha necha kilometr? — so‘radi Rimskiy. Varenuxa zir yugurishdan to‘xtab, baqirib berdi:
— Ha, o‘yladim! Buniyam o‘yladim! Temir yo‘l bilan Sevastopolgacha bir yarim ming kilometrcha keladi. Yaltagacha yana sakson kilometr qo‘sh. Lekin samolyotda kamroq bo‘ladi, albatta..
Hm… Ha… Poezd haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Xo‘sh, unda qanday borib qoldi? Qiruvchi samolyotdami? Kim ham qiruvchi samolyotga chiqarardi sarpoychan Styopani? Nima uchun? Balkim u Yaltaga uchib borgandan keyin etigini yechgandir? Yana: Nima uchun? Keyin, etigi bo‘lganida ham uni qiruvchi samolyotga chiqarmagan bo‘lardilar! Shoshmang, qiruvchi samolyotning bunga nima daxli bor o‘zi? Axir, aniq qilib yozilgan-ku: jinoiy qidiruv bo‘limiga kunduz o‘n biru o‘ttizda kirib keldi deb, lekin u Moskvada telefon orqali gaplashganida soat… ie, qiziq-ku… Shu chog‘ Rimskiyning ko‘zi oldida o‘z soatining tsiferblati ko‘rindi… U soat millarining qay alfozda turgapini eslay boshladi. Yo tavba! Esiga turgandi: o‘n birdan yigirma minut o‘tgan edi. Bu qanaqasi bo‘ldi? Agar Styopa telefondagi suhbatdan keyii, aerodromga yugurib, u yerga, aytaylik, besh minutda yetib borgan deb faraz qilinsa (lekin sirasini olganda, bunga ham hech aql bovar qilmaydi), unda samolyot besh minut ichida ham havoga ko‘tarilib, ham ming kilometrdan ko‘proq masofani bosib o‘tib, Yaltaga qo‘ngan bo‘ladimi? Bundan chiqdi, samolyot soatiga o‘n ikki ming kilometrdan ham ko‘proq masofani uchib o‘tarkan-da!!! Bu aslo mumkin emas, demak, Styopa ham Yaltada emas.
Xo‘sh, yana qanday yo‘l qoldi? Gipnozmi? Odamzodni birvarakayiga ming kilometr masofaga uloqtirib yubora oladigan hech qanday gipnoz yo‘q dunyoda! Demak, Styopa o‘zini Yaltadadek tuygan! Hay, unga shunday tuyulgan bo‘lishi mumkin, lekip Yalta jinoiy qidiruv bulimiga ham shunday tuyulgan deb o‘ylaysizmi?! E, yo‘k, kechirasiz-u, bunday bo‘lishi mumkin emas!.. Axir gelegrammalar o‘sha yoqdan kelyaptimi?
Moliya direktorining yuzida dahshat aks etgan edi. Shu payt tashqaridan eshik bandini burab, torta boshlashdi, kur’er ayolning jon-jahd bilan chirqillagani niitildi:
— Mumkin emas! O‘ldirsangiz ham kiritmayman! Majlis bo‘lyapti!
Rimskiy, baholi qudrat, o‘zini qo‘lga olib, telefon trubkasini ko‘tardi:
— Shoshilinch Yalta bilan ulang.
«Oqilona fikr», — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Varenuxa.
Lekin Rimskiy Yalta bilan gaplasha olmadi. U trubkani ilib, dedi:
— Aksiga yurib, liniya shikastlangan.
Negadir liniyaning shikastlangani uni, ayniqsa, qattiq ranjitdi, hattoki o‘ylantirib ham qo‘ydi. U bir oz o‘yga tolib turgach, bir qo‘li bilan yana trubkani oldi, ikkinchi qo‘li bilan esa trubkaga aytayotgan so‘zini yoza boshladi:
— O‘ta shoshilinch telegramma qabul qiling. Varete. Ha. Yalta. Jinoiy qidiruv bo‘limiga. Ha. «Bugun soat o‘n bir yarimlarda Lixodeev Moskvada men bilan telefon orqali gaplashdi, nuqta. Shundan keyin xizmat joyiga kelmadi va uni telefon orqali axtarib topa olmayapmiz, nuqta. Dastxatni tasdiqlayman, nuqta. Zikr etilgan artistni kuzatish chorasini ko‘ryapman. Moliya direktori Rimskiy».
«Juda ma’nili fikr!» — deb o‘yladi Varenuxa, lekin o‘yini oxiriga yetkazmay, miyasidan boshqa so‘zlar «lip» etib o‘tdi. «Bema’nilik! U Yaltada bo‘lishi mumkin emas!»
Bu payt Rimskiy bunday qildi: hamma olingan telegrammalarni, ularga qo‘shib o‘z telegrammasining nusxasini yaxshilab taxtlab paketga soldi, paketni konvertga solib, uni yelimladi, konvert ustiga bir necha so‘z yozib, uni Varenuxaga tutqazar-kan, dedi:
— Sen, Ivan Savelevich, hoziroq shaxsan o‘zing olib borib ber. O‘zlari bosh qotirib ko‘rishsin.