Выбрать главу

«Mana bu haqiqatan ham bama’ni fikr bo‘ldi!» — deb o‘yladi Varenuxa va konvertni portfeliga solib qo‘ydi. Keyin, u har ehtimolga qarshi, Styopaning te-lefoni nomerini yana bir marta terib ko‘rib, bir oz quloq solib turdi-da, birdan xursand bo‘lib sirli tarzda ko‘zini qisa boshladi. Rimskiy hushyor tortib bo‘ynini cho‘zdi.

— Artist Voland kerak edi! — muloyimlik bilan dedi Varenuxa.

— U kishi bandlar, — deb javob qildi trubkada bir qaltiroq ovoz, — kim so‘rayapti?

— Varete administratori Varenuxa.

— Ivan Savelevich? — shodlanib qichqirib yubordi trubkadagi ovoz. — Benihoya xursandman ovozingizni eshitganimdan! Salomatligingiz qalay?

— Mersi, — javob qildi hayron qolgan Varenuxa, — kim bu gapirayotgan?

— Uning yordamchisi, yordamchi va tarjimoni Korovyovman, — deb javrardi trubkadagi ovoz, — kamina xizmatingizga tayyorman, e’zozli Ivan Savelevich! Nima ishingiz bo‘lsa, hech tortinmay menga aytavering. Qulog‘im sizda!

— Kechirasiz, Stepan Bogdanovich Lixodeev hozir uyda yo‘qmi?

— Afsuski, yo‘qlar! Yo‘qlar! — shang‘illadi trubka. — Ketganlar.

— Qayoqqa?

— Shahar tashqarisiga, mashinada sayr qilgani..

— Qa… qayoqqa? Sa… sayrga?.. Qachon qaytib keladi.

— Bir oz toza havoda dam olamanu qaytib kelaman, deb aytdilar!

— Tushunarli… — dedi esankirab qolgan Varenuxa. — Mersi. Iltimos, mose Volandga aytib qo‘ysangiz, u kishi bugun sahnaga uchinchi bo‘limda chiqadilar.

— Aytaman. Bo‘lmasam-chi. Albatta. Shoshilinch garzda. Shak-shubhasiz. Aytaman, — trubkadan uzuq-uzuq javob keldi.

— Xo‘p, omon bo‘ling, — dedi ajablangan Varenuxa.

— Mening eng samimiy, eng otashin salomimni va istaklarimni qabul qilgaysiz! — derdi trubka. — Sizga muvaffaqiyatlar! Omad, baxt-saodat tilayman. Salomat bo‘ling!

— Hammasi ravshan! Aytuvdim-ku! — deb baqirdi administrator jig‘ibiyroni chiqib. — Hech qanaqa Yalta-palta yo‘q; shahar tashqarisiga sayrga ketipti!

— Agar shu rost bo‘lsa, — dedi g‘azabdan rangi dokadek oqarib ketgan moliya direktori, — bunday to‘ng‘izlikni nima deb atashni ham bilmayman!

Shu payt administrator sapchib turib ketib shunday shang‘illab baqirvordiki, Rimskiy seskanib ketdi:

— Bo‘ldi! Esimga tushdi! Pushkinoda «Yalta» degan cheburekxona ochilgan! Hammasi tushunarli! Styopa o‘sha yoqqa borgan, molday ichib olib, endi o‘sha yerdan telegramma yuborib yotipti!

— Bu endi g‘irt bema’nilik, — dedi Rimskiy asabdan yonog‘i pir-pir uchib, azbaroyi g‘azablanganidan ko‘zlarida o‘t chaqnarkan, — hali shoshmay tursin, bu sayr unga juda qimmatga tushadi, — shunday deb turib u birdan to‘xtab qoldi va taraddudlanib ilova qildi: — Ie, jinoiy qidiruv nima bo‘ladi…

— E, safsata u! Uning odatdagi nayrangi, — deb Rimskiy so‘zini bo‘ldi qiziqqon administrator va so‘radi: — Paketni eltib beraveraymi?

— Albatta, — dedi Rimskiy.

Shu payt eshik ochilib, yana o‘sha ayol kirib keldi… «O‘sha!» — deb o‘yladi Rimskiy negadir ma’yuslik bilan. Ikkovlari ham pochtachi ayolga peshvoz turishdi.

Bu galgi telsgrammada quyidagi so‘zlar yozilgan edi:

«Tasdiqlaganingiz uchun rahmat. Jinoiy qidiruv bo‘limi adresiga men uchun shoshilinch besh yuz yuboring, ertaga Moskvaga uchaman. Lixodeev».

— Jinni bo‘lib qolipti… — dedi Varenuxa zo‘r-bazo‘r.

Rimskiy esa kalitni sharakdatib, temir kassa yashigini ochdi-da, undan besh yuz so‘m pulni sanab olib, qo‘ng‘iroq chalib kurerni chaqirdi, pulni uning qo‘liga tutqazib, telegrafga yubordi.

— Esing joyidami, Grigoriy Danilovich? — dedi Varenuxa o‘z ko‘zlariga ishonmay. — Menimcha, pul yuborib bekor qilyapsan.

— Bekor bo‘lsa, qaytib keladi, — dedi Rimskiy sekingina, — lekin bu maishatbozligi uchun u hali rosa adabini yeydi, — so‘ng Varenuxaning portfeliga ishora qilib qo‘shib qo‘ydi: — Sen boraqol, Ivan Savelevich, fursat g‘animat.

Shundan keyin Varenuxa qo‘lida portfeli bilan kabinetdan o‘qday otilib chiqib ketdi.

U pastki qavatga tushib, kassa oldida turnaqator tizilishib navbatda turgan odamlarni ko‘rdi, kassir ayoldan, yaqin bir soat ichida bittayam bilet qolmas-ligini, chunki qo‘shimcha afishani o‘qigan odamlar gala-gala bo‘lib kslayotganini eshitdida, kassir ayolga loja va parterdan o‘ttizta eng yaxshi joyni sotmay, chegirib olib qo‘yishni buyurdi, so‘ng g‘izillab chiqib, kontramarka so‘rab xiralik qiluvchilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, shu zahoti kepkasini olgani o‘z kabi-netiga sho‘ng‘idi. Lekin u kabinetga kirishi bilan telefon jiringlab qoldi.

— Eshitaman! — dedi baqirib Varenuxa.

— Ivan Savelevichmi? — deb so‘radi telefonda nihoyatda yoqimsiz ping‘illagan ovoz.

— Hozir u teatrda yo‘q! — deb Varenuxa chinqirgan ediyamki, telefondagi ovoz uning so‘zini bo‘ldi:

— Maynavozchilikni qo‘ying, Ivan Savelevich, gapimni eshiting. Qo‘lingizdagi telegrammalarni hech qayoqqa olib ham bormang, hech kimga ko‘rsatmang ham.

— Kim o‘zi bu gapiryapkan? — deb baqirdi Varenuxa. — Hazilni bas qiling, grajdanin! Hozirning o‘zida kimligingizni aniqlaymiz! Nomeringiz?

— Varenuxa, — dedi yana o‘sha xunuk ovoz, — sen o‘zi rus tilini tushunasanmi? Telegrammalarni hech qayoqqa olib borma.

— Ie, hali shunaqa shilqimmisiz? — baqirdi administrator g‘azablanib. — Shoshmay turing hali! Bu qilmishingiz uchun adabingizni berishadi, — u yana bir nimalar deb dag‘dag‘a qildi-da, birdan jim bo‘lib qoldi, chunki trubkada uni endi hech kim eshitmayotgan edi.

Shu choq, mo‘’jaz kabinetga birdan qorong‘i tusha boshladi. Varenuxa kabinetdan o‘kday otilib chiqib, eshikni «qars» etib yopdi-da, yon tomondagi yo‘lakdan yozlik bog‘ tomon yugurdi.

Administrator asabiylashgan va qattiq hayajonda edi. Chunki u, boyagi sullohona qo‘ng‘iroq qilgan bezorilar albatta biron nojo‘ya nayrang ko‘rsatishadi-yu, o‘sha nayranglari Lixodeevning g‘oyib bo‘lishiga aloqador bo‘ladi, deb o‘ylagan edi. Shu bois, o‘sha yovuz piyatli odamlarni fosh qilish istagi administratorni tinch qo‘ymas, eng qiziq tomoni shundaki, qandaydir ko‘ngilli bir voqea sodir bo‘lishini oldindan his qila boshlagan edi u. Odatda, biron yerga juda muhim xabar yetkazib, butun jamiyatning diqqat-e’tiboriga musharraf bo‘lishga intilgan odamda tug‘iladi bunday hissiyot.

Bog‘da birdan qattiq shamol turib, administratorning yo‘lini to‘smoqchi, uni ogohlantirmoqchi bo‘lganday, ko‘zlariga qum purkadi. Ikkinchi qavatda bir deraza oynasi singudek bo‘lib qarsillab yopildi, jo‘ka daraxtlarining qir uchlari bezovta pguvilladi. Qosh qorayib, sal salqin tushdi. Administrator ko‘zlarini ishqalab momaqaldiroqdan da-rak beruvchi osti zarrang bulut Moskva uzra pastlab suzayotganini ko‘rdi. Olisdan dag‘al qaldiragan ovoz eshitildi.

Varenuxa qanchalik shoshayotgan bo‘lmasin, yozlik hojatxonaga birrov kirib, montyorning elektr lampasiga sim to‘r kiydirgan yo kiydirmaganini tekshirish istagidan voz kecha olmadi.

U tir yonidan yugurib o‘tib, quyuq o‘sgan siren butalari orasiga kirdi, havorang bo‘yoq bilan bo‘yalgan hojatxona shu yerda joylashgan edi. Montyor sarishta odam ekan, erkaklar bo‘limida, shiftga o‘rnatilgan lampa sim to‘r bilan to‘silgan edi, lekin administratorni bu yerda boshqa narsa ranjitgan edi: momaqal-diroq oldidan kun xiyla qorong‘ilashgan bo‘lishiga qaramay, hojatxona devorlariga ko‘mir va qalam bilan yozib tashlangan har xil bema’ni gaplarni bemalol o‘qisa bo‘lardi.

— Obbo, axir bu qanaqa… — deb administrator endi gap boshlagan edi hamki, birdan orqasidan kimningdir xurillagan ovozi eshitildi:

— Sizmisiz bu, Ivan Savelevich?

Varenuxa seskanib ketdi, orqasiga o‘girilib, afti mushuknikiga o‘xshab ketuvchi bir baqaloq odamni ko‘rdi.