Выбрать главу

Bu hol oqshomgacha davom etdi, u kamalakning asta-sekin g‘oyib bo‘lganini ham, osmonning quti o‘chib, mahzun bo‘lganini ham, o‘rmonning qora tusga kirganini ham payqamay qoldi.

Ivan qaynoq sut ichib yana o‘ringa yotdi, mulohazalari o‘zgarganini his qilib, o‘zi ham hayron qoldi. Shaytonnamo la’nati mushuk haqidagi fikri mayinlashdi, uzilgan kalla endi uni cho‘chitmas, shunga ko‘ra, Ivan buni xotirasidan faromush qilib, endi, sira-sini olganda, bu shifoxonada yotish hecham yomon emas, Stravinskiy bama’ni va mashhur odam, u bilan muloqotda bo‘lish nihoyatda ko‘ngilli, buning ustiga momaqaldiroqdan keyin oqshom havosi g‘oyatda totli va tarovatli bo‘larkan, deb o‘ylay boshladi.

Hasrat uyi pinakka ketdi. Sokin yo‘laklardagi sirlangan oq lampalar o‘chib, ular o‘rniga, qoidaga ko‘ra havorang tungi chiroqlar yondi, eshiklar ortida yo‘lakka to‘shalgan rezina poyandoz ustida ohista yurgan feldsher ayollarning oyoq tovushlari tobora kamroq eshitila boshladi.

Endi Ivan shirin orom olib yotarkan, goh shiftdagi abajur ostidan mayin shu’la sochayotgan chiroqqa, goh qora o‘rmon ortidan bosh ko‘tarib chiqayotgan oyga nigoh tashlab, o‘zi bilan o‘zi suhbatlashardi.

— O‘zi nega buncha qattiq hayajonlandima Berliozni tramvay bosib ketganiga? — deb mulohaza qilardi shoir. — Shungayam ota go‘ri qozixonami? Nima, u mening yetti tug‘ib bir qolganimmidi? Agar bu masalani yaxshilab tahlil qilinadigan bo‘lsa, men, hatto durustroq ham bilmas ekanman marhumni. Darhaqiqat, uning to‘g‘risida nima bilardim? Hech narsa, agar uning boshi kal, tili juda burro ekanligini aytmasam. Undan keyin, grajdanlar, — Ivan kimlargadir murojaat qilgancha gapini davom ettirdi, — kelinglar, bir narsani oydinlashtirib olaylik: qani, menga tushuntirib bering-chi, nega endi men anavi bir ko‘zi o‘lik va qora shubhali konsultant, sehrgar va professorga itday tashlandim o‘zi? Sham ushlab olib ichki ishtonda uni orqasidan telbalarcha quvishimning, undan keyin, restoranda ko‘rsatgan bema’nigarchilikning nima keragi bor edi?

— E, yo‘q, yo‘q, — dedi avvalgi Ivan shoirning yo ichida, yo boshi uzra turgan yangi Ivanga qat’iyat bilan, — har qalay, professor Berliozning boshi uzilajagini oldindan bashorat qildimi? Demak, nega hayajonlanmaslik kerak ekan?

— Masala boshqa yoqda, o‘rtoqlar! — deb e’tiroz bildirdi yangi Ivan avvalgi Ivanga. — Buning tagida qandaydir bir palidlik borligi hatto go‘dakka ham ayon. O‘sha konsultant yuz foiz favqulodda va sirli shaxs. Lekin eng qiziq tomoni ham shunda-da! U Pontiy Pilat bilan shaxsan tanish bo‘lgan ekan, bundan ham antiqaroq yana nima bo‘lishi mumkin? Patriarx ko‘li bo‘yida g‘irt ahmoqona g‘alva ko‘targandan ko‘ra undan muloyimlik bilan Pilat va mahbus Ha-Notsri to‘g‘risida batafsil so‘zlab berishni iltimos qilinsa, to‘g‘ri bo‘lmasmidi?

Men bo‘lsam boshimga qayoqdagi g‘alvani orttirib yuribman! To‘g‘ri, jurnal muharririni tramvay bosib ketgani — muhim hodisa, albatta! Lekin nima, shu bilan jurnal yopilib qolarmidi? Hay, iloj qancha: odamzod o‘lmay qolmaydi, hatto tasodifan ham o‘lishi mumkin, deb juda haq gap aytilgan. Hay, joyi jannatda bo‘lsin! Nima qipti, o‘rniga boshqa muharrir tayinlanadi, ehtimol, bunisi yana ham so‘zamolroq bo‘lar.

Yangi Ivan bir oz mudrab olgach, eski Ivandan so‘radi:

— Xo‘sh, bu vaziyatda men kim bo‘ldim?

— Ahmoq! — dedi kimdir do‘rillagan ovozda aniq qilib, lekin bu na yangi, na avvalgi Ivanning ovozi edi, balki konsultantning yo‘g‘on ovoziga judayam o‘xshab ketardi.

Lekin Ivan «ahmoq» degan so‘zdan negadir hech xafa bo‘lmadi balki hatto xushtaajjub bilan jilmayib ko‘ydi-yu, ko‘zi ilinib jim bo‘lib qoldi. Ivan pinakka ketarkan, ko‘z oldida tanasi fil oyog‘ini eslatuvchi palma daraxti ko‘rindi, mushuk ohista yonidan o‘tib ketdi — u qo‘rqinchli emas, quvnoq ko‘rinardi. Xullas, Ivanni endigina uyqu elita boshlagan ham ediki, birdan deraza panjarasi tovushsiz bir tomonga surildi va balkonda o‘zini oy shu’lasidan panaga oli-ga urinayotgan sirli bir shaxs paydo bo‘ldi, u Ivanga barmog‘i bilan po‘pisa qildi. Ivan aslo qo‘rqmay karavotidan turib, balkonda bir erkak turganini ko‘rdi. Bu erkak barmog‘ini labiga bosib pichirladi:

— Tsss!

O‘n ikkinchi bob

SEHRGARLIK VA UNING FOSH ETILISHI

Boshiga sariq rangli teshik kotelok-shlyapa, egniga katak shim, oyog‘iga yaltiroq botinka kiygan, noksimon burni qip-qizil kichkinagina bir odam Varete sahnasiga ikki g‘ildirakli oddiy velosiped minib chikdi. U fokstrot sadosi ostida sahnani bir marta aylangach, burg‘i chalib zafar na’rasini tortgan edi, velosiped orqa g‘ildiragiga turib oddi. Kichkina odam bitta g‘ildirakda bir oz sahna aylangach, oyog‘ini osmonga ko‘tarib, velosipedni qo‘li bilan boshqara boshladi va ayni paytda uning old g‘iddiragini chiqarib olib parda orqasiga dumalatib yubordi, so‘ng velosiped tepkilarini qo‘li bilan aylantirgancha bir g‘ildirakda yurishni davom ettirdi.

Shundan keyin egniga triko va hammayog‘iga kumush yulduzchalar yopishtirilgan yubka kiygan, to‘ladan kelgan sariq soch ayol bir g‘ildirakli judayam baland velosiped minib chiqib, u ham sahnada aylana boshladi. Kichkina odam bu ayol bilan to‘qpash kelganida boyagadagi kotelok-shlyapasini oyog‘i bilan yechib, chinqirib salomlashardi.

Nihoyat, sakkiz yoshlardagi afti qarimsiq bir bola avtomobilning kattakon gudogi osilgan qo‘shg‘ildirakli jajjigina velosiped minib chiqib, kattalar oyog‘i ostida o‘ralashib, g‘izillab yura boshladi.

Uchchala artist sahnada bir necha marta gir-gir aylangach, orkestrdagi barabanning vahimali sadosi ostida yugurib sahna labiga kelishgan edi, birinchi qatorda o‘tirgan tomoshabinlar «voh», deb o‘tirgan yerlarida orqaga tashlanishdi, chunki odamlarning nazarida, uchchala artist ham velosipedlari bilan birga orkestr joylashgan chuqurga yiqilib tushayotganday bo‘lib tuyulgan edi.

Lekin artistlar, velosipedlarining oldingi g‘ildiraklari musiqachilar ustiga qulagudek bo‘lgan bir paytda taqqa to‘xtashdi. Velosipedchilar «Ap!» deya qattiq qichqirishib, yerga sakrab tushdilar, ayni paytda sariq soch ayol tomoshabinlarga havoyi bo‘sa yubordi, go‘dak esa gudogini bibilatib kulgili signal berdi.

Gulduros qarsaklar binoni larzaga keltirdi, havorang parda sahnaning ikki tomonidan bir-biriga yaqinlashib kelib, velosipedchilarni ko‘zdan yashirdi, eshiklar tepasidagi «chiqish» deb yozilgan yashil chiroqlar o‘chdi, gumbaz ostidagi oppoq sharsimon chiroqlar o‘rgimchak inini eslatuvchi gimnastika dorlari oralig‘idan quyoshdek charaqlab yondi. Tanaffus boshlangan edi, shu tanaffusdan so‘ng tomoshaning oxirgi bo‘limi boshlanishi kerak.

Velosipedchi Jullilar oilasi namoyish qilgan mo‘’jizaga mutlaqo qiziqmagan yagona odam Grigoriy Danilovich Rimskiy bo‘ldi. U yolg‘iz o‘zi yupqa lablarini tishlab kabinetida o‘tirarkan, chehrasi dam-badam asabdan tirishardi. Lixodeevning g‘ayritabiiy tarzda g‘oyib bo‘lgani yetmaganday, endi hech kutilmaganda administrator Varenuxaning yo‘qolib qolgani ortiqcha bo‘ldi.

Rimskiy uning qayoqqa ketganini bilardi, ammo u shu ketganicha… qaytib kelmadi! Rimskiy yelkasini uchirib-uchirib qo‘yarkan, o‘zicha pichirladi:

— Axir qaysi gunohim uchun?!

Moliya direktoridek ishbilarmon odam uchun Varenuxa ketgan yerga qo‘ng‘iroq qilib, unga nima bo‘lganini so‘rab bilishdan oson ish bo‘lmasa ham, taajjubki, u to kechki soat o‘ngacha o‘zini bu narsaga majbur qila olmadi.

Soat o‘nga borganda Rimskiy o‘zini o‘zi majbur qilib, nihoyat telefon trubkasini qulog‘iga tutdi, tutdi-yu telefonning gung bo‘lib qolganini bildi. Kurer binodagi boshqa telefonlar ham ishlamayotganini xabar qildi. Albatta, ko‘ngilsiz, ammo unchalik g‘ayritabiiy bo‘lmagan bu hol moliya direktorini, negadir, tamomila hangu mang qilib qo‘ydi, lekin ayni paytda xursand ham qildi: u qo‘ng‘iroq qilish zaruratidan forig‘ bo‘lgan edi.