Выбрать главу

Tanaffusdan darak beruvchi qizil chiroq moliya direktorining boshi uzra endigina lip-lip yona boshlagan edi, kurer kirib ajnabiy artistning kelganini xabar qildi. Negadir moliya direktori bu xabardan bir seskanib tushdi va o‘rnidan turib, qovog‘idan qor yog‘gudek o‘shshaygancha, gastrolyorni kutib olgani parda orqasiga yo‘l oldi, chunki uni kutib olish uchun Rimskiydan boshqa hech kim qolmagan edi.

Bir guruh sinchkov odamlar: egniga zarvaraq shohi to‘n kiyib, salla o‘ragan ko‘zboyloqchilar, to‘qima oq kurtka kiygan konki uchuvchiyu upa sepib aftini oqarTirgan bayonchi va grimchilar yo‘lakda uymalashib turisharkan, har xil vaj bilan kattakon grimxonaga mo‘ralashardi.

Egniga bichimi g‘oyat antiqa va nihoyatda uzun frak kiyib, yuziga faqat ko‘zlarinigina berkituvchi qora niqob taqqan mashhur artist hammani hayratda qoldirdi. Lekin bu sehrgarning ikki hamrohi yanada alomatroq ko‘rindi. Bular: egniga katak kamzul kiyib, ko‘ziga shishasi darz ketgan pensne taqqan daroz odam bilan xo‘ppasemiz qora mushuk edi — mushuk grimxonaga orqa oyoqlarida yurib kirdi, borib bemalol divanga o‘tirdi va ko‘zlarini suzib grim stoli yonidagi yalang‘och chiroqchalarni kuzata boshladi.

Rimskiy o‘zini jilmayishga majbur qilib (ammo u zaharxanda irshaydi), divanda, mushukning yonida gung bo‘lib o‘tirgan sehrgar bilan ta’zim qilib salomlashdi. Qo‘l siqib ko‘rishish bo‘lmadi. Lekin katak kamzulli naynov: «Kamina u kishining yordamchisiman», deb o‘zini tanitdi moliya direktoriga. Bu vaziyatdan moliya direktori yana noxush taajjublandi: axir shartnomada yordamchi haqida hech qanday so‘z bo‘lmagan edi-ku.

Grigoriy Danilovich, xuddi tomdan tarasha tushganday, dabdurustdan paydo bo‘lib qolgan bu katak kamzulga majburan yuzlanib, quruqqina so‘radi:

— Apparatlaringiz qaerda?

— O samoviy olmosimiz, e’zozli janob direktor, — qaltiroq ovoz bilan javob qildi sehrgar yordamchisi, — bizning apparatlarimiz, hamisha o‘zimiz bilan birga. Mana u! Eyn, tsvey, drey! — Shunday deb u Rimskiyning ko‘zi oddida g‘adir barmoqlarini aylantirib turdi-da, birdan uning tugmalari qadalgan kamzuli ichidagi nimchasining cho‘ntagiga solinib, zanjir bilan tugma teshigiga ilingan oltin soatini zanjiri bilan birga mushukning qulog‘i orqasidan oldi.

Rimskiy beixtiyor qo‘lini qorniga qo‘ydi, bu mo‘’jizaning shohidi bo‘lganlar hang-mang bo‘lib qolishdi, eshik tirqishidan mo‘ralab turgan grimchi esa mamnun bo‘lib tomoq qirib qo‘ydi.

— Sizning soatingizmi? Marhamat, oling, — surbetlarcha tirajyib dedi yordamchi va esankirab qolgan Rimskiyga uning buyumini isqirt kaftida uzatdi.

— Bunaqa odam bilan tramvayga chiqsang uying kuyadi, — deb quvnoq ohangda pichirladi bayonchi grimchining qulog‘iga.

Lekin mushuk soat voqeasidan ham antiqaroq nayrang ko‘rsatdi. U to‘satdan o‘rnidan turdi, orqa oyoqlarida yurib, ustiga ko‘zgu o‘rnatilgan stolcha oddiga bordi, old oyoqlari bilan grafin qopqog‘ini olib, stakanga suv quydi, suvni ichib bo‘lib, yana qopqoqni yopdi-da, grim lattasi bilan mo‘ylovini artdi.

Endi odamlar, og‘izlari lang ochilgancha, tillari kalimaga kelmay, serrayib qolishdi, grimchi esa zavq bilan pichirladi:

— O, qoyilman!

Shu choq qo‘ng‘iroq uchinchi marta vahima bilan chalindi va juda qiziqarli nomerlarni ko‘rish niyatida bo‘lgan odamlar grimxonadan nari keta boshlashdi.

Yana bir daqiqadan keyin tomosha zalidagi sharsimon chiroqlar o‘chdi, sahna oddidagi chiroqlar yonib, parda etagiga qizg‘ish shu’la tushdi, shunda egniga eskirgan ko‘ylak, g‘ijimlangan frak kiygan, soqol-mo‘ylovi olingan, xuddi go‘dakdek xushchaqchaq, to‘ladan kelgai bir odam parda oldida paydo bo‘ldi. Bu butun Moskvaga dovrug‘i ketgan konferanse Jorj Bengalskiy edi.

— Shunday qilib, grajdanlar, — deb gap boshladi Bengalskiy, go‘daklarga xos jilva bilan, — hozir sahnaga chiqish navbati… — shunday deb turib Bengalskiy o‘z nutqini bo‘ldi va boshqacha ohangda gapira boshladi: — Bugun, uchinchi bo‘limda tomoshabinlar yanayam ko‘paygan ko‘rinadi zalda. Bugun bu yerga shaharning yarmi yig‘ilgan! Yaqinda men bir og‘aynimni uchratib, unga: «Nega teatrimizga bormay qo‘yding? Kecha shaharning yarmi yig‘iddi bizda», — degan edim, u: «Men shaharning ikkinchi yarmida turaman!» — deb javob qildi. — Bengalskiy gurra kulgi ko‘tarilishini kutib bir oz pauza qildi, lekin hech kim kulmagach, gapini davom ettirdi: —… Shunday qilib, hozir mashhur ajnabiy artist mese Voland sehrgarlik seansini sizlarga namoyish qiladi! Lekin siz bilan biz yaxshi tushunamizki, — shu yerga kelganda Bengalskiy donishmandona jilmaydi, — sehrgarlik o‘zi dunyoda yo‘q narsa, u bid’at, xolos, lekin maestro Voland ko‘zboyloqchilik texnikasini mukammal o‘zlashtirganki, bu narsa sehrgarlik seansining eng qiziqarli qismida, ya’ni sehrgarlik texnikasini fosh etish paytida sizlarga oydinlashadi, ammo bizlar texnika va uning fosh etilishi tarafdori bo‘lganimiz sababli janob Volapdni sahnaga taklif qilamiz!

Bengalskiy shu tuturiqsiz nutqini javrab bo‘lib, ikki kaftini bir-biriga chalishtirgancha, parda oralig‘iga tiqib silkiy boshlagan edi, parda ohista shirillab ikki tomonga ochildi.

Sehrgarning o‘z daroz yordamchisi hamda orqa oyoqlarida yuruvchi mushugi bilan sahnaga chiqib kelishi xalqqa juda manzur bo‘ldi.

— Menga kreslo qo‘ying, — deb buyurdi Voland sekingina, shu zahotiyoq sahnada qayokdandir kreslo paydo bo‘ldi-yu, sehrgar unga borib o‘tirdi, — ayt-chi menga, azizim Fagot, — deb yuzlandi Voland katak kamzulli masxarabozga (chamasi, uning «Korovyov» dan boshqa ham ismi bor bo‘lsa kerak), — sen nima deysan, Moskva nufuzi tabiatida ancha o‘zgarish sodir bo‘lgan-a?

Sehrgar kresloning osmondan tushganini ko‘rib dong qotib qolgan olomonga qaradi.

— Xuddi shunday, messir, — ohista javob qildi Fagot-Korovyov.

— Gaping to‘g‘ri. Shahar aholisi zohiran juda o‘zgarib ketipti, ayni paytda, menimcha, shaharning o‘zi ham. Kiyim-boshlar to‘g‘risida-ku gapirmasa ham bo‘ladi, lekin men… haligi… nimaydi… tramvay, avtomobillarni nazarda tutyapman.

— Avtobuslarniyam, — iltifot bilan ilova qildi Fagot.

Xalq, bu suhbat — sehrgarlikning muqaddimasi bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, uni diqqat bilan tinglardi. Sahna orqasida artistlar, sahna ishchilari g‘ij-g‘ij bo‘lib ketgan edi, ularning basharalari orasida Rimskiyning bo‘zday oqargan tajang yuzi ham ko‘zga tashlanardi.

Sahna yoniga turib olgan Bengalskiyning chehrasida taajjub alomatlari paydo bo‘ldi. U bir qoshini xiyol chimirdi-da, pauzadan foydalanib gapira boshladi:

— Xorijdan kelgan artist, texnika jihatidan rivojlangan Moskvamizga, shuningdek, Moskva aholisiga tahsin o‘qimoqda, — shunday deb Bengalskiy ikki marta: oldin parterdagilarga, keyin galereyaga qarab, jilmaydi.

Voland, Fagot va mushuk konferanse tomonga o‘girildilar.

— Nima, men tahsin o‘qidimmi? — so‘radi sehrgar Fagotdan.

— Aslo, messir, siz hech kimga hech qanday tahsin o‘qimadingiz, — deb javob qildi u.

— Bo‘lmasa, nima deb javrayapti manavi odam?

— U shunchaki yolg‘on gapirdi! — butun teatr eshitadigan yangroq ovoz bilan dedi katak kamzulli yordamchi va Bengalskiyga o‘girilib ilova qildi: — Tabriklayman sizni, yolg‘onchi grajdanin!

Galereyada kulgi ko‘tarildi, Bengalskiy bir seskanib, ko‘zlarini chaqchaytirdi.

— Lekin meni ko‘proq qiziqtirgan g‘oyatda muhim masala, albatta, avtobuslar, telefonlar va hokazolar.

— Apparatlar! — deya eslatdi katak kamzul.

— Judayam to‘g‘ri, minnatdorman, — deb yo‘g‘on ovoz bilan ohista gapida davom etdi sehrgar, — … apparatlar emas, balki shahar aholisining doxilan qanchalik o‘zgarganligidir!

— Ha, bu nihoyatda muhim masala, taqsir.

Sahna orqasida turganlar bir-birlariga qarab qo‘yib, taajjubda yelka qisa boshladilar. Bengalskiy lavlagiday qizarib, Rimskiy dokaday oqarib ketdi. Lekin shu mahal sehrgar boshlanib kelayotgan hayajonni his qildi shekilli, bunday dedi: