— Darvoqe, azizim Fagot, gapga berilib ketib, buyoqda xalqni zeriktirib qo‘yibmiz-u. Qani, boshlanishiga bironta odmiroq hunaringni ko‘rsatchi bizga..
Zal yengil tin olib, bir qo‘zg‘alib qo‘ydi. Fagot bilan mushuk rampa yoqalab ikki tomonga ketishdi. Fagot barmokdarini shaqillatgancha:
— U, to‘rt! — deb sho‘x qichqirdi-da, havodan bir dasta qarta ilib oldi, so‘ng uni chiylab turib, uzun lenta qilib mushukka uzatdi. Mushuk uni ilib olib, xuddi shu tarzda Fagotga qaytardi. Atlas qarta ilondek vishilladi, Fagot og‘zini xuddi polapondek ochgancha, bir dasta qartani bitta-bittadan yutib yubordi.
Shundan keyin mushuk orqa o‘ng oyog‘ini sudrab turib, zalga ta’zim qildi va gulduros olqishga sazovor bo‘ldi.
— Qoyil! Bunaqasi bo‘lmagan! — deb zavq bilan qichqirishardi sahna orqasida turganlar.
Fagot esa barmog‘i bilan parterga ishora qilib dedi:
— Endi, hurmatli grajdanlar, haligi qarta yettinchi qatorda o‘tirgan grajdanin Parchevskiyning cho‘ntagida, grajdanka Zelkovaga aliment to‘lash haqida suddan kelgan chaqiriq qog‘ozi bilan bitta uch so‘mlik pul orasida.
Parterda o‘tirganlar g‘imirlab, o‘rinlaridan tura boshlashdi. Nihoyat, shu payt taajjubdan qulog‘igacha qizarib ketgan bir grajdanin (uning familiyasi haqiqatan ham Parchevskiy ekan) hamyonidan qarta dastasini olib, uni nima qilishni bilmay, dam-badam boshi uzra ko‘tara boshladi.
— O‘zingizga esdalik bo‘lib qolaqolsin! — deb qichqirdi Fagot. — Axir siz kecha kechqurun ovqat paytida, agar poker o‘yini bo‘lmaganda Moskvada bir kun ham yashay olmasdim, deb bekorga aytmovdingiz-ku.
— Almisoqdan qolgan nayrang, — dedi kimdir galereyadan, — anavi parterdagi o‘zlarining sherigi bo‘lishi kerak.
— Siz shunday fikrdamisiz? — deb baqirdi Fagot, galereyaga ko‘zini suzib qararkan. — Unday bo‘lsa, siz ham bizga sheriksiz, negaki qarta hozir sizning cho‘ntagingizda!
Galereyada harakat boshlandi, so‘ng xursand bo‘lgan ovoz eshitildi:
— To‘g‘ri! Shunda ekan! Shu yerda, shu yerda… To‘xta! Ie, chervon pullarku!
Parterdagilar galereya tomonga boshlarini o‘girishdi. U yerda bir grajdanin o‘z kissasidan bank usulida bog‘lanib, ustiga «bir ming so‘m» deb yozilgan bir dasta pul topib hang-mang bo‘lib qolgan edi.
Atrofida o‘girganlar uning ustiga yopirilishdi, u esa pullar rostakammikin yo sehrli qog‘ozlarmikin deb dasta pul ustidagi qog‘ozni tirnog‘i bilan yirtishga urinardi.
— Azbaroyi xudo, rostakam pul! Chervon pullar! — deb qichqirishdi galereyadan quvonchli ovozlar.
— Men bilan ham shunaqa o‘yin o‘ynang, — deb kuldi parterning o‘rtalarida o‘tirgan bir baqaloq odam.
— Avek plezir! — dedi Fagot. — Nega endi faqat siz bilan? Hamma faol ishtirok etadi bu o‘yinda!
— keyin komanda bera boshladi: — Hamma yuqoriga qarasin!.. Bir! — shu choq uning qo‘lida pistolet paydo bo‘ldi, so‘ng: — Ikki! — deb qichqirdi. Pistoletning og‘zi osmonga qaradi. — Uch! — deb qichqirgan edi, o‘t chaqnab, «paq» etgan ovoz eshitildi-yu, gumbaz ostidan, har yoqqa tortilgan sim va arqon dorlar orasidan zalga oq qog‘ozlar yog‘a boshladi.
Qog‘ozlar gir-gir aylanib uchar, ba’zilari galereyaga, ba’zilari orkestr joylashgan yerga, hatto sahnaga ham uchib tushar edi. Bir necha soniyadan keyin tomoshabinlar ustiga pul laylakqordek gupillab yog‘a boshladi, odamlar turib ketib, pullarni ilib ola boshladilar.
Yuzlab qo‘llar havoga ko‘tarildi, tomoshabinlar o‘zlari ilib olgan qog‘oz pullarni charog‘on sahna tomonga qarab, ko‘zlariga yaqin olib borishar, ularda haqiqiy suvli belgilar borligiga, ya’ni pullarning rostakam ekanligiga ishonch hosil qilishardi. Pullarning hidi ham hech qanday shubha uyg‘otmasdi: bu
— faqat endigina bosmadan chiqqan pullargagina xos bo‘lgan jozibali hid edi. Butun teatrni avaliga shodlik, so‘ng hayrat tuyg‘usi qamrab oldi. Hammayoqdan: «Chervonlar, haqiqiy chervon pullar», — degan so‘zlar, «voy, voy-bo‘» — degan undovlar va quvnoq kulgi guvillab eshitilardi. Ba’zi birovlar kreslolar ostiga tushgan pullarni qidirib qatorlar orasida emaklay ham boshlagan edi. Ko‘pchilik o‘tirg‘ichlar ustiga chiqib olib, har tomonga shox tashlab, pirpirak bo‘lib uchib tushayotgan qog‘oz pullarni ilishga harakat qilardi.
Militsionerlar borgan sari ko‘proq hayratga kela boshlashdi, artistlar esa endi parda orqasidan bemalol mo‘ralay boshlashgandi.
Beletajdan: «Nega chang solasan? Bu meniki! Men tomonga uchib tushayotuvdi!» — degan ovoz va unga javoban: «Turtma meni, agar men seni turtsam, onangni ko‘rasan!» — deb baqirgan boshqa ovoz eshitiddi. So‘ng birdan shapaloq ovozi keldi. Shu zahoti beletajda militsioner qalpog‘i paydo bo‘lib, u yerdan kimnidir olib chiqib ketishdi.
Xullas, odamlarning hayajoni tobora ortib borardi, agarda Fagot havoga bir puflab pul yog‘inini taqqa to‘xtatmaganida bormi, oxiri nima bo‘lishini bilib bo‘lmasdi.
Ikkita yosh yigit ma’nodor va sho‘x ko‘zlarini urishtirib olib, o‘rinlaridan turishdi-yu, to‘ppa-to‘g‘ri bufetga yo‘l olishdi. Teatr misoli ari uyasi edi, tomoshabinlarning ko‘zlari asabiy chaqnardi. Ha, darhaqiqat, bu mashmashaning oqibati nima bo‘lishini hech kim ayta olmas edi — agar Bengalskiy o‘zini qo‘lga olib, joyidan qo‘zg‘almaganida. U o‘zini yaxshilab tutib olishga urinib, odati bo‘yicha kaftlarini bir-biriga ishqadi va ovozini mumkin qadar jarangdor qilib dedi:
— Shunday qilib, grajdanlar, hozir siz bilan biz ommaviy gipnoz deyiluvchi voqeaning shohidi bo‘ldik. Bu — sehrgarlikda hech qanday mo‘’jiza yo‘qligini juda aniq isbotlovchi sof ilmiy tajriba. Endi maestro Volanddan mazkur tajribani fosh qilishlarini iltimos qilamiz. Hozir, grajdanlar, siz ana shu pul bo‘lib ko‘ringan qog‘ozlarning qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday zumda g‘oyib bo‘lishini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz.
Shunday deb u chapak chala boshladi, lekin unga bironta ham odam jo‘r bo‘lmadi, u chapak chalayotganida chehrasida ishonchli tabassum o‘ynagan edi, ammo ko‘zlarida ishonchdan asar ham yo‘q edi, uning ko‘zlari ko‘proq iltijoni ifodalardi.
Bengalskiy nutqi xalqqa yoqmadi. Butun zal shunday teran sukutga toldiki, uni faqat katak kamzulli Fagot buzdi.
— Buyam yana, hali aytganimizdek, yolg‘onchilik namunasi, — dedi u takaniki singari qaltiroq va shang‘i ovoz bilan. — Bu qog‘ozlar, grajdanlar, haqiqiy pullardir!
— Bravo! — deb bo‘kirdi bir yo‘g‘on ovoz yuqoridan.
— Sirasini aytsam, bu odam, — deb Fagot Bengalskiyni ko‘rsatdi, — jonimga tegdi. Hamma narsaga tumshug‘ini tiqyapti, qalbaki luqmalari bilan seansga putur yetkazyapti! Nima qilsak bo‘larkina buni?
— Kallasini olish kerak! — dedi galereyadan turib kimdir g‘azab bilan.
— Nima dedingiz? Labbay? — Fagot shu zahoti ilib ketdi bu yaramas taklifni. — Kallasini olish kerak? Dono fikr! Begemot! — deb baqirdi u mushukka. — Bajar! Eyn, tsvey, drey!
Shunda mutlaqo kutilmagan hol yuz berdi. Qora mushukning tuklari tikkaydi, u mudhish ovoz bilan miyovladi. Keyin g‘ujanak bo‘lib turib to‘g‘ri Bengalskiyning ko‘ksiga qoplondek sapchidi-da, uning boshiga sakrab chikdi. Mushuk xirillagancha momiq panjalari bilan konferansening siyrak sochlarini changallab oldi va vahshiyona chinqirgancha boshini ikki marta burab, yo‘g‘on bo‘ynidan uzib oldi.
Teatrdagi ikki yarim ming odam baravariga chinqirib yubordi. Bengalskiy uzilgan bo‘ynidagi tomirlaridan qon tizillab otila boshladi, uning manishkasi, fraki qonga bo‘yaldi. Zaldan ayollarning jonholatda chinqirganlari eshitildi. Mushuk uzilgan boshni Fagotga berdi, u esa boshning sochidan ushlab, uni xalqqa ko‘rsatdi, shunda bosh jon achchig‘ida butun teatrni boshga ko‘tarib baqirdi: