Mehmon Ivanga ko‘z qisib qo‘yib, qo‘lidagi bir shoda kalitni cho‘ntagiga solib qo‘ydi-da:
«O‘tirsam maylimi?» — deb so‘radi, Ivan bosh irg‘atib rozi bo‘lgach, kresloga o‘tirdi.
— Bu yerga qanday kirdingiz? — Ivan mehmonning qoq suyak barmog‘i po‘pisasiga rioya etib, pichirlab so‘radi. — Balkon panjarasi qulflog‘liq edi-ku!
— Panjara-ku qulflog‘lig‘-a, — dedi mehmon, — lekin Praskovya Fyodorovna, garchi ko‘p latofatli ayol bo‘lsa ham, o‘ta parishonxotir. Bundan bir oy oldin uning bir shoda kalitini o‘g‘irlab olganman, shundan beri birinchi qavatning gir aylana balkonlariga chiqishga, ba’zan esa qo‘shnilarim bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldim.
— Baski balkonga chiqa olarkansiz, qochib ketishingiz ham mumkin-ku. Yo balandmi juda? — qiziqsinib so‘radi Ivan.
— Yo‘q, — qat’iy javob qildi mehmon, — men bu yerdan qochib ketolmayman — balkon baland bo‘lgani uchun emas, boradigan yerim yo‘kdigi uchun ketolmayman. — U bir oz sukutdan so‘ng ilova qildi: — Shunday qilib, yotibmiz deng?
— Yotibmiz, — javob qildi Ivan kelgan odamning g‘oyatda bejo, timqora ko‘zlariga tikilib qararkan.
— Ha-ya… — dedi mehmon birdan bezovtalanib. — Harholda, siz ashaddiylardan emasdirsiz-a? So‘rashimning boisi, bilasizmi, men shovqinni, janjalni,qiynoqni va shunga o‘xshash narsalarni sira yoqtirmayman. Ayniqsa, men uchun odamzodning qichqirig‘i (xoh u iztirob, nafrat yo boshqa holat qichqirig‘i bo‘lsin, baribir) manfurdir. Ko‘nglimga taskin berib, ayting, siz ashaddiylardan emassiz-a?
— Kecha restoranda bittasining tumshug‘ini bejab qo‘ydim, — deb mardona tan oldi yangi qiyofaga kira boshlagan shoir.
— Sabab? — qat’iy ohangda so‘radi mehmon.
— Ochig‘ini aytsam, besabab, — dedi Ivan xijolat bo‘lib.
— Uyat, — deya koyidi mehmon va ilova qildi: — Undan keyin, nega unaqa beadab gap qilasiz? «Tumshug‘ini bejab qo‘ydim». Odamda tumshuqmi yo yuzmi — ma’lum emas-ku. Har qalay, tumshug‘i emas, yuz bo‘lsa kerak. Binobarin, musht ishlatish… Yo‘q, siz butunlay tashlang bu ishingizni.
Mehmon Ivanga shu tarzda tanbeh berib bo‘lib, so‘radi:
— Kasbingiz?
— Shoirman, — negadir istar-istamas bo‘yniga oddi Ivan.
Mehmonning ta’bi tirriq bo‘ldi.
— Obbo, hech omadim yurmadi-yurmadi-da! — deb yubordi u, lekin shu zahoti hushini yig‘ib olib, uzr aytdi va so‘radi: — Familiyangiz nima?
— Bezdomniy.
— Eh, attang… — dedi mehmon aftini bujmaytirib.
— Nima, she’rlarim sizga yoqmaydimi? — qiziqsinib so‘radi Ivan.
— Mutlaqo yoqmaydi.
— Qaysi she’rlarimni o‘qigansiz?
— Hech qanaqa she’ringizni o‘qimaganman! — dedi mehmon asabiylashib.
— Bo‘lmasa nega unday dedingiz?
— Desam, nima bo‘pti, — javob qildi mehmon. — Nima, umrimda she’r o‘qimabmanmi? Ehtimol… sizniki istisnodir? Yaxshi, so‘zingizga ishonishga tayyorman. O‘zingiz ayta qoling: she’rlaringiz yaxshimi?
— G‘irt tuturiqsiz she’rlar! — birdan dadil va dildan e’tirof etdi Ivan.
— Boshqa yozmang! — deb iltimos qildi mehmon yolvoruvchi ohangda.
— Ont ichib va’da beraman! — tantanali ohangda dedi Ivan.
Ontni qo‘l siqishib tasdiqlashdi, shu payt yo‘lak-dan sassiz oyoq tovushi va g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitildi.
— Tss, — pichirladi mehmon va «lip» etib balkonga chiqib, panjarani surib yopdi.
Eshikdan Praskovya Fyodorovna mo‘ralab, Ivandan hol-ahvol so‘radi, so‘ng undan, qorong‘ida uxlashni xohlaysizmi, yo yorug‘dami, deb so‘radi. Ivan chiroqni o‘chirmaslikni iltimos qildi, shundan keyin Praskovya Ivanovna bemorga yaxshi tush ko‘rishni tilab, bu yerdan uzoqlashdi. Hammayoq sukutga cho‘mdi, shunda mehmon yana xonaga kirdi.
— 119-xonaga baq-baqaloq, ikki yuzi qip-qizil yangi bir bemorni yotqizishdi, — dedi u pichirlab. — Qiziq, u nuqul ventilyatsiya tuynugiga qo‘yilgan allaqanday valyutalar haqida, yana Sadovaya ko‘chasidagi o‘zi yashab turgan uyni jinlar maskan qilib olgani haqida labi-labiga tegmay javrab yotipti. Pushkinni bo‘ralab so‘kyapti deng, keyin ikki gapning birida: «Kurolesov, bis-bis!» — deb baqirib qo‘yadi deng.
U hayajonlanganidan bir seskanib qo‘ydi. Keyin ko‘ngli bir oz taskin topib, kursiga o‘tirdi-da: — Hay, havolasi xudoga, — deb Ivan bilan boshlagan suhbatini davom etdirdi: — Xo‘sh, bu yerga tushishingizga nima sabab bo‘ldi?
— Sabab Pontiy Pilat, — dedi Ivan yerga xomush tikilarkan.
— Nima?! — ehtiyotkorlikni ham unutib baqirib yubordi mehmon va darhol kafti bilan og‘zini to‘sdi. — Qanday g‘ayritabiiy o‘xshashlik! O‘tinaman, o‘tinib so‘rayman, bir boshdan aytib bering!
Ivan negadir bu noma’lum odamga e’tiqod qildi va kecha Patriarx ko‘li bo‘yida yuz bergan hodisani, avvaliga cho‘chinqirab, tutila-tutila, so‘ng esa dadil, ravon hikoya qila boshladi. Ha, Ivan Nikolaevich mana shu kalit o‘g‘irlagan mavhum shaxs timsolida nihoyat muruvvatli tinglovchini uchratgan edi! Mehmon Ivanni jinniga yo‘ymadi, uning hikoyasini nihoyatda zo‘r qiziqish bilan tinglarkan, bora-bora bayonidan hayratga keddi. U dam-badam shunday xitoblar bilan Ivanning so‘zini bo‘lardi:
— Xo‘sh, xo‘sh! U yog‘ichi, u yog‘ini ayting, o‘tinaman sizdan. Faqat, avliyoyu anbiyolar haqqi, hech nimani tushirib qoldirmay, mufassal hikoya qiling!
Ivan ham mufassal hikoya qilardi, zero unga shu tarzda hikoya qilish qulayroq edi, mana, nihoyat u Pontiy Pilatning alvonrang astarli oq ridoda balkonga chiqqan yeriga yetdi.
Shunda mehmon xuddi ibodat qilayotganday kaftini kaftiga qo‘yib pichirladi:
— O, to‘g‘ri topgan ekanman! O, hammasi to‘g‘ri chiqyapti!
Mehmon Berliozning mudhish o‘limi ta’rifini eshitgach, ko‘zlarida jaholat uchquni chaqnadi va shunday mubham gap qildi:
— Faqat bir narsaga: o‘sha Berliozning o‘rnida tanqidchi Latunskiy yoki adabiyotchi Mstislav Lavr-vich bo‘lmaganiga taassuf qilaman, — so‘ng qattiq g‘ijinib, tovushsiz chinqirdi: — Davom eting!
Konduktorga kira haqi uzatgan mushuk haqidagi hikoya mehmonning ko‘nglini chog‘ qilib yubordi, u o‘z qissaxonligidan zavqlanib ketgan Ivanning, mo‘ylovi ostida tanga pul tishlagan mushukni tasvirlab, o‘tirgan o‘rnida ohista sakrashini kuzatarkan, ichagi uzilgudek bo‘lib tovushsiz rosa kuldi.
— Shu tarzda bu yerga kelib qoldim, — dedi Ivan Griboedovda yuz bergan voqeani so‘zlab bo‘lib va yana ruhi tushib, o‘shshayib oldi.
Mehmon sho‘rlik shoirga achinib, uning yelkasiga qo‘lini qo‘ygancha dedi:
— Baxtiqaro shoir! Ammo, azizim, hammasiga o‘zingiz aybdorsiz. U bilan bunchalik betakalluf, hatto surbetlarcha muomala qilmaslik kerak edi. Mana endi azobini tortyapsiz. Haliyam osongina qutulibsiz, shukur qiling.
— Axir kim o‘zi u? — mushtlarini hayajon bilan silkib so‘radi Ivan.
Mehmon unga tikilib turib savoliga savol bilan javob qildi:
— Aytsam, hayajonlanmaysizmi? Bu yerda biz hammamiz shubhali odamlarmiz… Doktor chaqirish, ukol qildirishu yana shunga o‘xshagan dahmazalar bo‘lmaydimi?
— Yo‘q, bo‘lmaydi! — dedi Ivan. — Aytaqoling, kim o‘zi u?
— Ha, yaxshi, — javob qildi mehmon va har bir so‘zini keskin va dona-dona qilib dedi: — Kecha Patriarx ko‘li yoqasida siz shayton bilan uchrashgansiz.
Ivan va’dasining ustidan chiqib, hayajonlanmadi, lekin baribir taajjubdan dong qotib qoldi.
— Bu mumkin emas! Shayton yo‘q narsa.
— Qiziq ekansiz-u! Hamma gapirgandayam, siz bunday demasligingiz kerak. Siz, nazarimda, birinchi bo‘lib uning azobiga uchraganlardansiz. O‘zingiz jinnixonada o‘tiribsiz-u, nuqul uni yo‘q deb aytyapsiz. Hayronman sizga!