Выбрать главу

Gangib qolgan Ivan sukutga toldi.

— Siz uni tasvirlay boshlashingiz bilan, — deb gapida davom etdi mehmon, — kecha kim bilan suhbat qurish sharafiga muyassar bo‘lganingizni payqadim. Chindanam, men Berliozga hayron bo‘lyapman! Siz-ku, ma’lum, g‘ofil odamsiz, — shunday deb mehmon yana klirim so‘radi, — lekin Berlioz, eshitishimcha, durustgina alloma bo‘lgan ekan-ku! O‘sha professorning eng dastlabki gaplaridanoq uning kimligiga hech shubham qolmadi. Uni tanimaslik aslo mumkin emas, do‘stim! Ammo siz… siz meni yana bir bor kechiring-u… men hech qachon yanglishmayman: siz omi odamsiz!

— Shak-shubhasiz, — deb tasdiqladi o‘zgara boshlagan Ivan.

— Ha, balli… axir o‘zingiz uning yuz tuzilishini tasvirlab berdingiz… ko‘zining ikki xilligi, qoshlari! Meni afv etasiz-u, hali siz ehtimol hatto «Faust» operasini ham ko‘rmagandirsiz?

Ivan negadir judayam qattiq xijolat bo‘ldi, ikki yuzi cho‘g‘dek qizarib, Yaltada qaysiyam sanatoriyga borgani haqida bir nimalarni g‘o‘ldiray boshladi…

— Ana, ko‘rdingizmi… nimasiga hayron bo‘lamiz! Lekin Berlioz, takror aytaman, meni hayratga soldi. U nainki o‘qimishli, yana nihoyatda quv odam. Lekin shuni e’tirof etish kerakki, Voland undan ham quvroq odamniyam bir cho‘qishda qochiradi.

— Nima?! — deb baqirib yubordi Ivan ham.

— Sekin!

Ivan «shap» etib kafti bilan o‘z peshanasiga urdi va xirillab dedi:

— Tushunaman, tushunaman. Uning tashrifnomasida «V» harfi bor edi. Ana xolos! — Esankirab qolgan Ivan panjara ortida, fazoda suzayotgan oyga tikilgancha ancha vaqt sukutga tolib o‘tirdi, so‘ng yana gapga kirdi: — Bundan chiqdi, uning Pontiy Pilat huzurida bo‘lganligi rost ekan-da? Demak, u o‘sha zamonda tug‘ilgan bo‘lib chiqadimi? Meni jinniga chiqarib o‘tirishipti-ya! — derdi Ivan, nafrat bilan eshik tomonga ishora qilarkan. Mehmonning labi yonida hasrat ajinlari paydo bo‘ldi.

— Haqiqatdan yuz o‘girib bo‘lmaydi, — deb mehmon yuzini bulutlar oralab suzayotgan tungi yoritqich tomonga o‘girdi. — Siz ham, men ham — jinnilarmiz, nima qilamiz bo‘yin tovlab! Qisqasi, u sizni tuzog‘iga ilintirganu siz esingizdan og‘gansiz, sabab, buning uchun, chamasi, aynan siz munosib bo‘lgansiz. Lekin siz hikoya qilgan narsalar haqiqatan ham bo‘lgan. Ammo o‘sha yuz bergan voqealar benihoya g‘ayritabiiyligi sababli hatto genial psixiatr Stravinskiy ham gaplaringizga ishonmagan. U sizni ko‘rdimi? (Ivan bosh irg‘adi.) O‘sha hamsuhbatingiz Pilat huzurida ham bo‘lgan, Kant bilan ham nonushta qilgan, endi bo‘lsa, mana, Moskvagayam kelipti.

— Axir u bu yerda hamma narsani ostin-ustin qilib yuboradi-ku! Bir amallab uni tutish kerakdir? — deb yangi Ivan vujudida qimtinibgina bo‘lsa ham bosh ko‘tardi endilikda chalajon bo‘lib qolgan avvalgi Ivan.

— Mana, siz urinib ko‘ribsiz, shu hissa qo‘shganingiz kifoya, — dedi mehmon kinoya bilan. — Boshqalarga ham urinmaslikni maslahat ko‘rardim. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, u haqiqatan ham hammayoqni ostin-ustin qilib yuboradi. Eh, attang! Ming-ming afsuski, u bilan men emas, siz uchrashgansiz! Garchi fursat o‘tgan — butun niyatlar yonib kulga aylangan bo‘lsa ham, ont ichib aytamanki, u bilan uchrashish uchun Praskovya Fyodorovnaning bir shoda kalitini ham berardim, zero, boshqa beradigan hech vaqoim yo‘q. Men qashshoqman!

— Nimaga kerak bo‘lib qoldi u sizga?

Mehmon uzoq vaqt kiftlarini uchirib xomush o‘tirdi va nihoyat yana gapira boshladi:

— Men sizga aytsam, bu juda antiqa hodisa — men ham bu yerda xuddi sizga o‘xshab, o‘sha Pontiy Pilat tufayli yotibman, — mehmon atrofga qo‘rqa-pisa ko‘z tashlab dedi: — Xullas kalom, men o‘tgan yili Pontiy haqida roman yozgan edim.

— Siz yozuvchimisiz? — ajablanib so‘radi shoir. Mehmonning rangi quv o‘chib ketdi, shoirga musht do‘laytirib qo‘yib, so‘ng dedi:

— Mep ustaman, — u xo‘mrayib xalatining cho‘ntagidap tamomila yog‘ bosib ketgan bir shapkacha oldi, unga sariq ipak bilan «M» harfi tikilgan edi. U shapkachani boshiga kiydi va usta ekanligini isbotlash maqsadida ham yonlamasiga, ham yuzma-yuz turib, o‘zini Ivanga ko‘rsatdi. — Buni menga sevgilim tikib bergan edi, — deb sirli ravishda ilova qildi u.

— Familiyangiz nima?

— Familiyam yo‘q endi, — ma’yus nafrat bilan javob qildi bu g‘alati mehmon. — Men familiyamdan, shuningdek, barcha hayotiy narsalardan voz kechganman. So‘ramang familiyamni.

— Bo‘lmasa, romaningiz haqida gapirib bering, — dedi Ivan muloyim ohangda.

— Jonim bilan. Hayotim, chindanam, unchalik oddiy emas, — deb hikoya qila boshladi mehmon.

… U ma’lumoti bo‘yicha tarixchi bo‘lib, bundan ikki yil muqaddam, Moskva muzeylaridan birida xizmat qilar, bundan tashqari tarjimonlik bilan ham shug‘ullanarkan.

— Qaysi tildan? — so‘radi Ivan qiziqsinib.

— Men ona tilimdan boshqa yana beshta tilni bilaman, — javob qildi mehmon, — ingliz, frantsuz, nemis, lotin va yunon tilini. Keyin, yana italyancha ham sal-pal o‘qiy olaman.

— Voy bo‘-o‘! — pichirladi Ivan hasad bilan.

U so‘qqabosh bo‘lib yasharkan, hech yerda hech bir qarindoshi, Moskvada deyarli bironta ham tanishi io‘q ekan. Buni qarangki, bir kun u zayomdan yuz ming so‘m yutipti.

— Qanday tang qolganimni bir tasavvur qiling-a, — derdi pichirlab qora shapkacha kiygan chehmon, — kir solingan savatga qo‘l tiqsam, qo‘limga obligatsiya ilindi: uni gazetaga solishtir-dimu hang-mang bo‘lib qoldim — nomeri gazetadagi nomer bilan bir xil edi! Uni menga muzeyda Gyurishgan edi, — deb izohladi u.

Bu alomat mehmon yuz ming so‘mlik yutuqni olgach, juda ko‘p kitob sotib olipti, Myasnitskayadagi xonasini tashlab…

— O‘, ming la’nat o‘sha gurbatxonaga! — deya xirilladi mehmon.

… Arbat yaqinidagi bir tor ko‘chada xususiy tarzda imorat qurgan odamning bog‘chasida turgan kichkina uyning podvalidan ikki xonani ijaraga olgan. Keyin ishdan bo‘shab, Pontiy Pilat haqida roman yozishga kirishgan.

— Oh, u paytlar — oltin davr edi, — deb pichirladi mehmon ko‘zlari chaqnab, — alohida kvartira deng, yana dahliziyam bor, dahlizda suv jo‘mragi, jo‘mrak ostida chanoq, — negadir, u ayniqsa shu so‘zga urg‘u berib, mag‘rurlanib gapirdi, — ko‘cha eshikdan boshlangan yo‘lka mo‘’jazgina derazalarimning shundoqqina oldidan o‘tardi, Ro‘parada, to‘rt qadamgina narida, devor tagida nastarin, jo‘ka va zarang daraxtlari o‘sardi. Oh… oh… oh! Qishda men derazadan odamlarning qorda «g‘arch-g‘urch» yurgan oyoqlarini kam ko‘rar, tovushlarini kam eshitar edim. Pechkamda muttasil lang‘illab olov yonib turardi! Lekin birdan bahor kirib keldi-yu, derazamning xira oynalari orqali men avvaliga yalang‘och, so‘ngra asta-asta yashil libos kiya boshlagan nastarin butalarini ko‘rdim. Ana shunda, ya’ni o‘tgan yili bahorda yuz ming so‘mlik yutukdan ham dilraboroq voqea sodir bo‘ldi. Vaholanki, fikrimga qo‘shilarsiz, yuz ming — bu juda katta boylik!

— Bu to‘g‘ri, — e’tirof etdi uning gapini diqqat bilan tinglayotgan Ivan.

— Men, derazani ochib mo‘’jazgina ikkinchi xonamda o‘tirardim, — mehmon qo‘li bilan o‘lchab ko‘rsata boshladi, — mana… bu yerda divan, ro‘parasida ikkinchi divan, divanlar oralig‘ida stolcha, uning ustida chiroyli shamchiroq, derazaga yaqin yerda kitoblar, buyoqda esa, kichkina yozuv stoli, birinchi xonamda — u judayam katta, o‘n to‘rt metr edi, — tog‘-tog‘ kitobu pechka bor edi. Oh, jihozlarim qanday zo‘r ediya!

Nastarin hidi gupillab kirardi! Miyamning charchog‘i ham qolib, o‘zimni qushday yengil his qilardim, Pilat haqidagi romanim ham shig‘illagancha oxirlab borayotgan edi…