Выбрать главу

— Kim u?

Tanish ovoz — mahbubamning ovozi javob berdi:

— Menman.

Qanday qilib eshik zanjiri bilan ilgagini tushirdim — bilmayman. U boshdan-oyoq shalabbo, yonoqlari ho‘l, sochlari parishon holda ostona hatlab ichkari kirdi-yu, dag‘-dag‘ titragancha o‘zini quchog‘imga otdi. Men faqat bitta so‘zni takrorlay oldim xolos:

— Sen… sen? — dedimu tovushim chiqmay qoddi, keyin ikkovimiz pastga otiddik. U dahlizda paltosini yechib tashladi, so‘ng biz birinchi xonaga o‘kday otilib kirdik. U ohista chinqirib yuborib, yalang‘och qo‘lini shartta pechkaga tikdida, endi ostidan alanga ola boshlagan oxirgi dasta qo‘lyozmani tortib olib polga tashladi. Shu zahoti butun xona tutunga to‘ldi. Men oyoqlarim bilan tepib olovni o‘chirdim, u esa o‘zini divanga otib, o‘pkasi to‘lib, yum-yum yig‘lay boshladi.

U axiri tinchidi, men gap boshladim:

— Ko‘rarga ko‘zim yo‘q bu romanni, men qo‘rqaman. Betobman. Meni dahshat qamrab olyapti.

U o‘rnidan turib o‘tirib, gapga kirdi.

— Voy, xudoyim, kasal bo‘lib qopsan-u. Nega endi, nega axir? Baribir seni darddan forig‘ qilaman, seni qutqaraman. Bu qanday bedodlik?

Men uning tutun va yig‘idan shishgan ko‘zlarini ko‘rdim, peshanamni silay boshlagan muzdek qo‘llarini his qildim.

— Men seni davolab tuzataman, tuzataman, — deb g‘o‘ldirardi u yuzini yelkamga qo‘yib, — sen hali uni yana tiklaysan. Nega, nega bir nusxasini o‘zim saqlab qo‘ymadim!

U darg‘azab qiyofada tishlarini irjaytirdi, yana allanimalarni gapirdi. Keyin lablarini chirt yumib olib, kuygan varaqlarni terib, tekislay boshladi. Bu — roman o‘rtasidagi bir bob edi. U kuygan varaqlarni avaylab taxlab qog‘ozga o‘radida, ustidan lenta bilan bog‘ladi. Uning butun xatti-harakatida qat’iyat mavjud edi, o‘zini qo‘lga olib olganligi yaqqol ko‘rinib turardi. U vino so‘rab, ichib oldi-da, keyin ancha bamaylixotir gapira boshladi.

— Aldamchilik bilan yashashning oqibati shunaqa voy bo‘ladi, — derdi u, — bo‘ldi, endi hech aldamayman. Hoziroq sen bilan qolgan bo‘lardim-u, lekin bu tarzda ish tutishni xohlamayman. Uyidan tunda qochib ketganimni u doim alam bilan eslab yurishini istamayman. U menga hech qachon, hech qanday yomonlik qilmagan. Uni hozir to‘satdan chaqirtirib qolishdi, zavodlarida yong‘in bo‘lganmish. Lekin u hademay qaytib keladi. Men u bilan ertaga gaplashaman, boshqa odamni sevaman, deb aytaman unga, keyin butunlay sening yoningga kelaman. Qani, ayt, balki bunday qilishimni xohlamassan?

— O, bechoraginam, — dedim unga, — bunday qilishingga yo‘l qo‘ymayman. Ahvolim yana mushkullashadi, shu bois seni ham men bilan birga nobud bo‘lishingni xohlamayman.

— Faqat shu sababmii? — deb so‘radi u ko‘zlarini ko‘zimga yaqin olib kelib.

— Faqat shu.

U birdan ruhlanib ketdi, bo‘ynimdan quchib meni bag‘riga bosgancha dedi:

— Unda men ham sen bilan birga nobud bo‘laman. Ertalab qaytib kelaman.

Mana, hayotimda eslab qolganim oxirgi manzara — qiya ochilgan dahliz eshigidan tushgan yorug‘da uning hilpiragan soch tolasi, boshidagi beret va jur’at to‘la ko‘zlari. Yana ostonada uning qora ko‘lankasiyu qog‘ozga o‘ralgan oq tugunchak ham xotiramda qolgan.

— Seni kuzatib qo‘ygan bo‘lardim-u, lekin yolg‘iz qaytib kelishga majolim yo‘q, qo‘rqaman.

— Qo‘rqma. Yana bir necha soat sabr qil. Ertaga ertalab yoningda bo‘laman. — Bu uning hayotimdagi oxirgi so‘zlari bo‘ldi.

— Tss! — deb bemor birdan o‘z so‘zini bo‘ldi-yu, barmog‘ini ko‘tardi, — bugun oydin tun juda beorom.

U balkonga chiqib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ivan koridordan aravacha g‘ildirab o‘tganini, kimningdir piqillab yig‘lagani yo zaifgina chinqirganini eshitdi.

Hammayoq tinchigandan keyin mehmon yana qaytib keldi va 120-xonaga odam joylashtirilganini xabar qildi. Olib kelingan odam nuqul boshimni qaytarib beringlar, deb yolborarmish. Suhbatdoshlar avvaliga bezovta bo‘lishib jim o‘tirishdi, keyin ko‘ngillari joyiga tushgach, bo‘lingan suhbatni davom ettirishdi. Mehmon endi gapga og‘iz juftlagan edi… lekin bugungi tun chindanam notinch edi — hamon yo‘lakdan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz eshitilardi. Oqibat, mehmon gaplarini eshitilar-eshitilmas pichirlab Ivanning qulog‘iga ayta boshladiki, uning:

— Mahbubam jo‘nab ketgandan keyin oradan chorak soat o‘tgach derazamni taqillatishdi… — degan birinchi jumlasidan boshqa hamma gaplarini faqatgina shoir eshitdi, xolos.

Bemor shoirning qulog‘iga pichirlab aytgan gaplar, chamasi, uni qattiq iztirobga solayotgan edi. Dam o‘tmay uning afti tirishar, ko‘zlari goh tahlikali, goh g‘azab bilan boqardi. U endi balkonda ko‘rinmay qolgan oy tomonga qo‘li bilan ishora qilardi. Tashqaridan kelayotgan tovushlar butunlay tingandan keyingina mehmon Ivandan sal surilib o‘tirib, xiyol balandroq ovoz bilan gapini davom ettirdi.

— Ha, keyinchalik, yanvarning o‘rtalarida, tunda, men o‘z hovlimizda tugmalari uzib olingan o‘sha paltomda sovuqdan diydirab turardim. Orqamda nastarin butalarini ko‘mib yuborgan qor uyumi, oldimda, oyog‘im ostida — darparda tutilgan, g‘ira-shira yori-tilgan derazalarim. Men birinchi derazaga engashib quloq sola boshladim — xonalarimdan patefon ovozi eshitilardi. Qulog‘imga chalingan tovush faqat shu bo‘ldi. Lekin hech nima ko‘ra olmadim. Yana bir oz turib, bog‘cha eshigidan tor ko‘chaga chiqdim. Kuchli izg‘irin ko‘tarilgan edi. Oyog‘im ostida o‘ralashgan bir it meni cho‘chitib yubordi, o‘zimni undan olib qochib, ko‘chaning narigi betiga o‘tdim. Doimiy hamrohim bo‘lib qolgan ayoz va qo‘rquv asablarimni barbod etib, umidsizlikka mubtalo qilgan edi. Boradigan yerim yo‘q, eng oson yo‘li, tor ko‘chamizdan chiqib, o‘zimni tramvay tagiga tashlash edi. Ichi chiroqlar bilan yoritilgan, hammayog‘ini muz qoplagan bu yashiklarning sovuq iz ustida odamning g‘ashini keltiruvchi g‘ijirlashini olisdan eshitdim. Lekin, o aziz qo‘shnim, hamma balo shundaki, qo‘rquv mening har bir hujayramni mahv etib olgan edi. Binobarin, tramvaydan ham xuddi itdan qo‘rqqanday qo‘rqardim. Ha, bu binoda mening dardimdan og‘ir dard yo‘q hech kimda, gapimga ishonavering.

— Lekin siz u ayolga xabar qilishingiz mumkin edi-ku, — dedi Ivan bechora bemorga achinib, — undan keyin, pulingiz ham qolgan edi-ku unda? Saqlab qo‘ygan bo‘lsa kerak, albatta?

— Siz bunga hech shubha qilmang, albatta saqlab qo‘ygan. Lekin siz, nazarimda, meni tushunmayapsiz chog‘i? Yoki, aniqrog‘i, bir vaqtlardagi voqeani ta’riflash qobiliyatimni yo‘qotgan bo‘lsam kerak. Sirasini olganda, men unga ko‘pam achinmayman, chunki uning keragi bo‘lmaydi endi menga. Agar qo‘liga, mehmon tungi zulmatga iltifot bilan tikildi, jinnixonadan maktub borib tushsa… Axir bunaqa adresdan qanday qilib xat yuborib bo‘ladi? Ruhiy kasaldan? Hazil qilyapsiz, do‘stim! Yo‘q, uni baxtsiz qilaymi? Qo‘limdan kelmaydi bu.

Ivan unga e’tiroz bildirolmadi, lekin kamsuxan mezbon mehmonning ahvoliga achindi, unga hamdard bo‘ldi. U esa o‘z xotiralaridan iztirob chekib, qora qalpoqcha kiygan boshini tinmay irg‘atib o‘tirarkan, derdi:

— Sho‘rpeshona juvon. Lekin, u meni unutib yuborgan bo‘lishi ham mumkin!

— Hali siz tuzalib ketasiz… — qimtinibgina dedi Ivan.

— Dardim bedavo, — deb xotirjam javob qildi mehmon, — Stravinskiy meni hayotga qaytarishga va’da qilyapti, lekin men unga ishonmayman. U insonparvar doktor, shunchaki tasalli bermoqchi menga. Lekin inkor qilmayman, hozir ancha tuzukman. Darvoqe, nimaga kelib to‘xtagandim? Ayoz, g‘izillab borayotgan tramvaylar. O‘sha paytda, bu shifoxonaning ochilganidan xabarim bor edi, shuning uchun butun shaharni piyoda bosib o‘tib keldim bu yerga. Telbalik edi bu, albatta! Shahar tashqarisida men sovuq qotib o‘lib ketardim ehtimol, lekin bir tasodif jonimga oro kir-di. Shahar qopqasidan to‘rt kilometrcha berida yo‘lda bir yuk mashinasini ko‘rdim, u bir nimasi buzilib to‘xtab turgan ekan, men shofyordan iltimos qilgan edim, buni qarangki, u menga rahm qildi. Mashina o‘zi shu yoqqa kelayotgan ekan. Meniyam o‘zi bilan olib keldi. Bu safar paytida chap oyog‘imning barmoqlarini sovuq oldirdim, xolos. Lekin, oyog‘imni davolab tuzatishdi. Mana, sal kam to‘rt oydan beri shu yerdaman. Bilasizmi, bu yer sira, sira yomon emas, menimcha. To‘g‘ri, ulkan rejalarga bosh qotirib o‘tirishning hojati yo‘q bu yerda. Mana, masalan, men butun yer kurrasini aylanib chiqmoqchi bo‘lgan edim. Hay, nachora, bu nasib qilmadi. Endi, mana shu kurraning kichik bir bo‘lagini ko‘rib o‘tiribman. O‘ylaymanki, kurraning eng noyob qismi emas bu, ammo, takror aytaman, shunisigayam shukur. Mana, yoz kirib kelyapti, Praskovya Fyodorovnaning va’da qilishicha, balkonimizni pechak gul burkab olarmish. Kalitlar imkoniyatimni oshirdi. Kechalari oy chiqadi. Ie, botib ketibdi! Salqin tushdi. Tun yarim kechadan og‘di. Men boray endi.