— Ayting-chi, Ieshua bilan Pilatning taqdiri nima bo‘lgan edi, — deb so‘radi Ivan, — shuni bilmoqchiman, o‘tinaman sizdan, so‘zlab bersangiz.
— E, yo‘q, yo‘q, — dedi mehmon g‘ijinib kiftini uchirarkan, — romanimni eslasam butun vujudim qaqshab ketadi. Anavi Patriarx ko‘lida tanishganingiz sehrgar buni mendan yaxshiroq so‘zlab berishi mumkin. Suhbat uchun tashakkur. Xayr.
Ivan es-hushini yig‘ishga ulgurmasdan panjara ohista «shiq» etib yopildi-yu, mehmon g‘oyib bo‘ldi.
O‘n to‘rtinchi bob
XO‘ROZGA TASANNO!
Rimskiyning asabi ortiq bardosh berolmadi, protokolni yozib bo‘lgunlaricha ham qanoat qilmay, o‘z kabinetiga otildi. U stodda uyulib yotgan sehrli pullardan qizargan ko‘zlarini uzolmay o‘tirardi. Miyasi g‘ovlab ketgan edi. Tashqaridan odamlar g‘ovuri bir maromda eshitilardi. Tomoshabinlar ko‘chaga oqib chiqa boshlagan edi. Moliya direktorining haddan ziyod ding bo‘lgan quloqlariga birdan militsiya hushtagining churillagani eshitildi. Turgan gapki, hushtak hech qachon o‘z-o‘zidan yaxshilikka churillamaydi. Churillash takrorlandi, shunda boshqa hushtak unga yordamga kelib, qattiqroq va cho‘zibroq churilladi, keyin shu hushtak ovoziga odamlarning qahqahasi, hatto qiyqirig‘i jo‘r bo‘ldiki, moliya direktori, ko‘chada yana bironta mashmasha, xunuk voqea sodir bo‘lganini va bu voqeaning albatta anavi jodugar bilan yordamchilari bajargan mash’um seansga bevosita daxldor ekanligini fahmladi. Ziyrak Rimskiy yanglishmagan edi, albatta.
U Sadovaya ko‘chasiga ochiladigan derazadan tashqariga qaradi-yu, afti burishib ketdi va pichirlab emas, aniqrog‘i, vishillab dedi:
— Biluvdim-a!
U ko‘cha fonarlarining kuchli yorug‘ida, o‘z derazasi ostida, pastda, yo‘lkada bir xonimning ichki ko‘ylak va binafsharang uzun trusikda turganini ko‘rdi. To‘g‘ri, xonimning boshida yana shlyapa, qo‘lida shamsiyasi ham bor edi.
Tamomila esankirab qolganidan, goh cho‘nqayib o‘tirishga, goh g‘izillagancha qayoqqadir qochishga shaylangan bu xonimning atrofini o‘rab olgan olomon g‘avg‘o ko‘targan, boya moliya direktorining etini jimirlatib yuborgan qahqahayu qiyqiriqlarning ijrochisi ham shu olomon edi. Ayolning atrofida bir grajdanin girdikapalak bo‘lib, egnidan avra paltosini yechishga urinar, lekin qattiq hayajonlanganidan, qo‘lini hech palto yengidan chiqara olmasdi.
Shu payt boshqa yerdan — chap tomondagi eshikdan ham qiyqiriq va vahshiyona qahqaha eshitildi-yu, Grigoriy Danilovich o‘sha yoqqa o‘girilib, pushtirang ichki ko‘ylakda turgan ikkinchi bir xonimni ko‘rdi. U o‘zini panaga olish maqsadida yo‘lkaga o‘tib, tezroq Varete darvozasiga kirmoqchi bo‘ldi, lekin ichkaridan chiqayotgan tomoshabinlar oqimi uning yo‘liga g‘ov bo‘ldiki, mal’un Fagotning firmasidan pand yegan, kiyim-kechakka shaydoligi va yengiltakligi oqibatida sharmanda bo‘lgan sho‘rlik ayol endi faqat bir narsani — yer yorilib, tezroq yerga kirib ketishni orzu qilardi. Militsioner hushtagini xuddi havoni parmalagandek churillatib, bu baxti qaro ayol tomon yugurdi, uning orqasidan kepka kiygan qandaydir xushchaqchaq yigitlar ergashdi. Shular ko‘chani boshlariga ko‘tarib qahqah urgan va qiyqirgan edilar.
Qotmadan kelgan, shopmo‘ylov olatasir bir izvoshchi qirchang‘i otini uchirib kelib, birinchi yechingan ayol tepasida taqqa to‘xtadida, og‘zining tanobi qochib, tirjaydi, Rimskiy o‘z boshiga mushtlab, tupurdi-da, derazadan nari ketdi.
U ko‘chadan kelayotgan shovqinga quloq solib bir oz utirdi. Hushtaklar sadosi hammayoqni tutib ketdi, keyin pasaya-pasaya axiyri tindi. Mojaro ham juda tez bosilib, Rimskiyni hayron qoldirdi.
Ortiq qo‘l qovushtirib o‘tirib bo‘lmasdi, mas’uliyatning achchiq og‘usini ichish payti yetgandi. Tomoshaning uchinchi bo‘limi paytida telefon apparatlari tuzatilgan edi, demak qo‘ng‘iroq qilib, sodir bo‘lgan voqea haqida tegishli joyga xabar qilish, yordam so‘rash, yolg‘on gapirish, hamma aybni Lixodeevga ag‘darish, o‘zini oqlashga harakat qilish kerak edi va hokazo. Ana xolos — la’nati yana ishlamayapti! Xunobi chiqqan moliya direktori ikki marta trubkani olib yana qo‘yib qo‘ydi. Shu payt birdan teran sukutga tolgan xonada apparat juda qattiq jaranglab, moliya direktorini cho‘chitib yubordi, u qo‘rqqanidan taxta bo‘lib qoldi. «Asablarim ancha chatoqlashipti», — deb o‘ylab trubkani ko‘tardi. Lekin shu zahoti uni qulog‘idan uzoqlashtirdiyu rangi dokadek oqarib ketdi. Trubkada ayol kishining ohista va ayni. paytda shahvatga da’vat etuvchi mug‘ambirona ovozi pichirlab dedi:
— Hech qaerga qo‘ng‘iroq qilma, Rimskiy, oqibati yomon bo‘ladi.
Shunday deb u trubkani qo‘yib qo‘ydi. Moliya direktorining eti jimirlab ketdi, trubkani qo‘yib, negadir o‘z orqasidagi derazaga o‘girilib qaradi. U endigina yashil libos kiya boshlagan zarang daraxtining siyrak novdalari orasidan shaffof bulut parchasi orqasida suzayotgan oyni ko‘rdi. Rimskiy, negadir, novdalarga mahliyo bo‘lib qoldi, u tikilgan sari vujudini qo‘rquv tuyg‘usi ko‘proq qamrab ola boshladi.
Nihoyat u oy mo‘ralab turgan derazadan zo‘r-bazo‘r yuzini o‘girib, o‘rnidan turdi. Endi biron yerga qo‘ng‘iroq qilish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi, moliya direktori endi faqat bir narsa to‘g‘risi-da — qanday qilib tezroq teatrdan jo‘nab ketish haqida o‘ylardi.
U quloq soldi: teatr binosi suv quyganday jimjit. Rimskiy binoning ikkinchi qavatida anchadan beri o‘zidan bo‘lak hech kim yo‘qligini tushundi, tushundiyu go‘dakona kuchli qo‘rquv tuyg‘usi butun vujudini birdan mahv etdi. U hozir yolg‘iz o‘zi bo‘m-bo‘sh yo‘laklardan o‘tib borib zinadan tushishini o‘ylarkan, butun vujudi qaltirab ketdi. U gipnozchining stol ustida uyulib yotgan chervonlarini apir-shapir yig‘ishtirib portfelga soldi, o‘ziga bir oz bo‘lsa ham dalda berish uchun yo‘talib qo‘ydi. Lekin yo‘tali xirillab chiqib, zo‘rg‘a eshitildi.
Shu mahal uning dimog‘iga kabinetning eshigi ostidagi tirqishdan badbo‘y zax hidi urilganday bo‘ldi. Moliya direktorining eti jimirlab ketdi. Buning ustiga, ayni paytda soat yarim kechaga jom chala boshladi. Hattoki shu soat zangi ham moliya direktorini larzaga keltirdi. Keyin esa, kimdir eshik qulfiga kalit tiqib ohista buray boshlaganda-ku, yuragi qinidan chiqib ketayozdi. U nam va sovuq qo‘llari bilan portfelni mahkam changallab olarkan, qulf teshigidagi «qitir-qitir» yana bir oz davom etgudek bo‘lsa, bu dahshatga toqat qila olmay, «dod» deb baqirib yuborishini sezdi.
Nihoyat, eshik kimningdir ra’yiga yurib ochildi va kabinetga Varenuxa tovushsiz kirib keldi. Rimskiy turgan yerida kresloga tappa o‘tirib qoldi, chunki oyoqlarida darmon qolmagan edi. U o‘pkasini to‘ldirib havo oldi-da, xushomadgo‘y odamga o‘xshab tirjaydi va ohista dedi: