— Men Nikonorman, to‘g‘ri, Nikonorman! Lekin qanaqasiga rais bo‘lay?
— Buni qanday tushunish kerak? — deb so‘rashdi Nikonor Ivanovichdan ko‘zlarini qisgancha.
— Aytmoqchimanki, — deb javob qildi u, — agar rais bo‘lganimda, bir qarashdayoq uning shayton ekanligini fahmlagan bo‘lardim! Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring! Pensnesining oynagi darz ketgan… ust-boshi bir holatda-yu… Axir qanaqasiga xorijlik odamning tarjimoni bo‘lishi mumkin?
— Kimni gapiryapsiz o‘zi? — deb so‘rashdi Nikonor Ivanovichdan.
— Korovyovni-da! — deb chinqirdi Nikonor Ivanovich, — uyimizning elliginchi kvartirasini egallab olgan u! Yozing! Korovyov. Darhol qo‘lga olish kerak uni! Yozing! Oltinchi pod’ezd. U o‘sha yerda.
— Valyutani qaerdan olding? — deb muloyim ohangda so‘rashdi Nikonor Ivanovichdan.
— Haq taolo, qodir xudo, — deb gapira boshladi Nikonor Ivanovich, — hammasini ko‘rib turiiti, o‘zimning boradigan yerim ham o‘sha yoq. Hech qachon qo‘limga ushlamaganman, valyuta o‘zi qanaqa bo‘lishini tasavvur ham qilmaganman! Xudo meni badkirdorligim uchun g‘azabiga olmoqda,
— deb hayajon bilan davom etdi Nikonor Ivanovich ko‘ylagining tugmalarini goh qadab, goh yechib, goh cho‘qinib, — to‘g‘ri, olganman! Olganman, lekin o‘zimizning sovet puli bilan olganman! To‘g‘ri, pul olib propiska qilganman, bo‘ynimga olaman. Ammo kotibimiz Prolejnev ham qolishmaydi, u ham anoyilardanmas! Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, uy boshqarmasidagilarning hammasi o‘g‘ri. Lekin valyuta olmaganman!
— Maynavozchilikni bas qilib, dollarni ventilyatsiya tuynugida qayoqdan paydo bo‘lganini gapirib oering! — deb Nikonor Ivanovichdan iltimos qilishgan edi, u tiz cho‘kib o‘tirib, og‘zini katta ochdi-da, xuddi parket taxtasini yutib yubormoqchi bo‘lganday, engashdi.
— Xohlasangiz, — deb po‘ng‘illadi u, — olmaganman deb qasam ichib, tuproq yeyishga ham tayyorman. Lekin Korovyov — shayton.
Har qanday sabr-toqatning ham chegarasi bo‘ladi, stol ortida o‘tirganlar Nikonor Ivanovichga, bas bo‘ldi, odamga o‘xshab gapiring, deb qattiqroq gapira boshlashdi.
Shunda Nikonor Ivanovich o‘rnidan sapchib turib ketib, o‘sha divan qo‘yilgan xonani boshiga ko‘targudek vahshiyona chinqirdi:
— Ana u! Ana, shkaf orqasida turipti! Masxara qilib kulyapti! Pensnesiyam o‘sha… Ushlanglar uni! Isiriq tutatinglar!
Nikonor Ivanovichning rangi quv o‘chib ketdi, u dag‘-dag‘ titragancha bo‘shliqni cho‘qintirar, g‘izillab eshik oldiga borib, yana orqasiga qaytar, allaqanday duo so‘zlarini ifoda bilan o‘qirdi, nihoyat, u mutlaqo tuturiqsiz gaplarni aljiy boshladi.
Nikonor Ivanovichdan biron bama’ni gap chiqmasligi ayon bo‘ldi. Uni olib chiqib ketib, alohida xonaga joylashtirishdi, u sal tinchidi, ammo piqillab yig‘lagancha, tinmay ibodat qila boshladi.
To‘g‘ri, Sadovaya ko‘chasigayam borib kelishdi. 50-kvartiraga ham kirib chiqishdi. Lekin u yerda hech qanaqa Korovyovni uchratishmadi, alalxusus, u uyda istiqomat qiluvchilardan hech kim Korovyov degan odamni tanimas ham, ko‘rmagan ham ekan. Marhum Berlioz bilan hozir Yaltaga jo‘nab ketgan Lixodeev yashab turgan kvartirada hech zog‘ yo‘q edi, kabinetdagi shkaflarga osilgan surg‘uchli muhrlar o‘z joyida osilib turardi. Shundan so‘ng tekshirgani kelganlar yana qaytib ketishdi, ayni paytda uy boshqarmasining kotibi, ruhi tushib gangib qolgan Prolejnev ham ular bilan jo‘nab ketdi.
Kechqurun Nikonor Ivanovichni Stravinskiyning shifoxonasiga eltib qo‘yishdi. U yerda bemor betinch bo‘lib, shu qadar quturdiki, natijada Stravinskiy retsepti bo‘yicha unga ukol qilishga to‘g‘ri keldi. 119-xonaga joylashtirilgan Nikonor Yvanovich faqat vaqt yarim kechadan o‘tgandagina uyquga ketdi, shunda ham uyqu aralash iztirobli ingrab-ingrab qo‘yardi.
Lekin bora-bora uyqusi halovatli bo‘la boshladi. To‘lg‘onishi, ingrashlari qolib, yengil va bir tekisda nafas ola boshladi, shundan keyingina uni xonada xoli qoldirishdi.
Keyin Nikonor Ivanovich tush ko‘rdi, shubhasiz, ko‘rgan tushiga bugun o‘z boshidan kechirgan voqealar asos bo‘lgan edi. Nikonor Ivanovichning tushi quyidagicha boshlandi: qo‘liga mis karnaylar ushlagan qandaydir odamlar juda zo‘r tantana bilan uni yaraqlagan ulkan bir eshik oldiga olib kelishganmish. Keyin shu eshik tagida o‘sha karnaychilar Nikonor Ivanovich sha’niga tabrik muzikasi
— tush chalganmish-u, qan-daydir guldurovchi yo‘g‘on ovoz uning boshi uzra sho‘x ohangda bunday deganmish:
— Marhabo, Nikonor Ivanovich! Valyutalarni topshiring.
Nikonor Ivanovich judayam hayron bo‘lib, boshini ko‘tarib, tepasida qop-qora radiokarnayni ko‘rganmish.
Keyin u negadir teatr zalida paydo bo‘lib qolipti, zalning zarrin shiftida billur qandillar porlab turarmish, devorlarda — kenketlar. Hamma narsa o‘z o‘rnidamish, uncha katta bo‘lmagan, ammo qimmat teatrda qanday bo‘lsa, bu yer ham shundaymish. Sahna ham, oltin rang o‘n so‘mliklarning kattalashtirilgan tasviri har yer-har yerida xuddi yulduzlar singari porlab turgan to‘q-qizil duxoba parda ham, suflyor budkasi ham, hattoki tomoshabinlar ham bor emish.
Nikonor Ivanovichni hayron qoldirgan narsa shu bo‘libdiki, hamma tomoshabinlar bir jins vakili — erkaklarmish, buning ustiga, negadir, hammalari soqollimish. Yana zalda bironta ham stul yo‘qligi, tomoshabinlarning yaraqlatib artilgan silliq polda o‘tirgani uni taajjubga solibdi.
Nikonor Ivanovich bu ulkan notanish jamoa davrasida o‘zini o‘ng‘aysiz his qilib, bir oz vaqt qimtinib turipti-da, so‘ng hamma qatori u ham xirs-mirsday keladigan bir mallasoqol odam bilan hammayog‘ini tuk bosib ketgan rangpar bir grajdanin o‘rtasiga, parket polga chordana qurib o‘tiripti. Lekin hech kim bu yangi tomoshabinga parvo ham qilmapti.
Shu mahal mayin qo‘ng‘iroqcha sadosi eshitilib, zalda chiroq o‘chipti, parda ochilib, charog‘on sahnada kreslo, ustiga oltin qo‘ng‘iroqcha qo‘yilgan stolcha va to‘rda qora duxoba parda ko‘rinipti.
Yon tomondan sahnaga soqol-mo‘ylovi silliq olingan, sochining o‘rtasidan farq ochilgan, egniga smoking kiygan istarasi issiq yosh bir artist chiqipti. Tomoshabinlar jonlanishib, sahna tomonga o‘girilipti. Shunda artist budka yaqiniga kelib turib, kaftlarini bir-biriga ishqab:
— O‘tiribsizlarmi? — deb so‘rapti mayin bariton ovoz bilan va jilmayib zalga qarapti.
— O‘tiribmiz, o‘tiribmiz, — deb baravariga javob qilishipti zalda chiyillagan va do‘rillagan ovozlar.
— Hm… — depti o‘ychanlik bilan artist, — tavba, jonlaringga tegmadimi-a, hayronman? Aqli raso odamlar hozir bahor oftobidan, iliq havodan bahra olib, ko‘chalarda sayr qilib yurishipti, senlar bo‘lsanglar, bu yerda, qoq yerda dimiqib o‘tiribsanlar! Nahot, programmamiz shu qadar qiziqarli bo‘lsa? Darvoqe, har kimning didi har xil bo‘ladi, — deb faylasufona yakunlapti so‘zini artist.
Keyin u ovozining tembrini ham, ohangini ham o‘zgartirib, yangroq ovoz bilan sho‘x ohangda e’lon qilipti:
— Shunday qilib, programmamizning navbatdagi nomerida uy boshqarmasining raisi va parhez oshxonasi mudiri Nikonor Ivanovich Bosoy sahnaga chiqadi. So‘raymiz, Nikonor Ivanovich!
Artistning gapini zal gulduros qarsaklar bilan kutib olipti. Hang-mang bo‘lib qolgan Niko-nor Ivanovich baqrayib qolipti, konferanse esa sahna oldidagi chiroqlardan ko‘zini kafti bilan to‘sib, zalda o‘tirganlar orasidan uni axtarib to-pipti-da, muloyim jilmayib, barmog‘i bilan uni sahnaga imlab chaqiripti. Shunda Nikonor Ivanovich qanday qilib sahnaga chiqib qolganini o‘zi bilmay qolipti.
Uning ro‘parasidagi va oyog‘i ostidagi chiroqlarning rang-barang shu’lalari ko‘ziga tushgan hamonoq tomoshabin to‘la zal zulmat qa’riga cho‘kib g‘oyib bo‘lipti.
— Qani, Nikonor Ivanovich, bir o‘rnak ko‘rsating-chi, — depti dilkashlik bilan yosh artist, — valyutani topshiring.