Butun zal sukutda emish. Nikonor Ivanovich bir xo‘rsinib qo‘yib, ohista gap boshlapti.
— Xudo ursin, agar…
U aytmoqchi bo‘lgan gapini aytib ulgurmasdan butun zal qahru g‘azab bilan shovqin sola boshlapti. Natijada Nikonor Ivanovich esankirab jim bo‘lib qolipti.
— Fahmimcha, — deb gapira boshlapti programmani boshqarayotgan artist, — siz xudoni o‘rtaga qo‘yib, «valyutam yo‘q» deb ont ichmoqchi bo‘ldingiz, shundaymi? — U Nikonor Ivanovichga hamdardlik bilan boqipti.
— Ha, shunday, yo‘q, — deb javob qilipti Nikonor Ivanovich.
— Unday bo‘lsa, — depti artist, — beadabligim uchun kechirasiz, siz bilan xotiningizdan o‘zga hech kim istiqomat qilmaydigan o‘sha kvartiraning hojatxonasidan topilgan to‘rt yuz dollar qanday borib qolipti u yerga?
— Sehr bilan-da! — debdi shunda kimdir qorong‘i zaldan oshkora kinoya bilan.
— Ha, shunday, sehr bilan, — deb qo‘rqa-pisa javob qilibdi Nikonor Ivanovich, lekin kimga javob qilganini: artistgami yo qorong‘i zalgami — bilib bo‘lmapti. Keyin u javobini izohlapti: — Ins-jins, ya’ni katak kamzul kiygan tarjimon tashlab ketgan.
Zalda yana darg‘azab shovqin ko‘tarilipti. Shovqin gingach esa artist gap boshlapti:
— Mana shunaqa lafontenona masallar ham ijro etilib turadi bu yerda! To‘rt yuz dollarni tashlab ketishganmish! Mana, sizlar hammangiz valyutafurushlarsiz! Sizlar — mutaxassislarsiz, qani ayting-chi — shunday bo‘lishiga aql bovar qiladimi?
— Biz valyutafurushlarmasmiz, — zalning u yer-bu yeridan bitta-yarimta ovoz eshitilipti, — lekin chindanam bunday bo‘lishi mumkin emas.
— To‘la-to‘kis qo‘shilaman, — depti artist qat’iy ohangda, — binobarin, sizlarga savolim bor: masalan, iimani tashlab ketishlari mumkin?
— Bolani! — deb qichqiripti kimdir zaddan.
— Mutlaqo to‘g‘ri, — deb tasdiqlapti artist, — bolani, yumaloq xatni, proklamatsiyani, belgilangan vaqtda portlaydigan bombani, yana ko‘p narsalarni tashlab ketishlari mumkin, ammo to‘rt yuz dollar pulni hech kim tashlab ketmaydi, zero tabiat hech qachon yaratmagan unaqa ahmoqni, — shundan keyin artist Nikonor Ivanovichga yuzlanib, ma’yus malomat bilan ilova qilipti: — siz meni ranjitdingiz, Nikonor Ivanovich! Sizdan juda umidvor edim. Qisqasi, nomerimiz o‘tmadi.
Zalda Nikonor Ivanovichga qarata hushtak chala boshlashipti.
— Uchiga chiqqan valyutafurush u! — deb baqirisharmish zaldan, — mana shunaqalarning kasriga qolib biz begunohlar azob chekyapmiz!
— Koyimanglar uni, — muloyim ohangda depti konferanse, — o‘ziyam pushaymon bo‘lyapti. — So‘ng u g‘ilt-g‘ilt yosh to‘la ko‘m-ko‘k ko‘zlarini Nikonor Ivanovichga qaratib, ilova qilipti: — Mayli, bora qoling joyingizga, Nikonor Ivanovich!
Shundan keyin artist qo‘ng‘iroqchani chalib, baralla ovoz bilan e’lon qilipti:
— Tanaffus, ablahlar!
Hech kutilmaganda bu notanish teatr programmasida qatnashib, esi og‘ib qolgan Nikonor Ivanovich o‘zini yana boyagi poldagi o‘rnida ko‘ripti. Endi uning tushiga butun zalning zim-ziyo bo‘lgani, devorlarda: «Valyutalarni topshiring!» — degan qizil so‘zlar yona boshlagani kiripti. Keyin yana parda ochilib, konferanse:
— Sahnaga Sergey Gerardovich Dunchilni taklif qilaman, — depti.
Dunchil degani ellik yoshlardagi xushbichim, ammo judayam irkit odam emish.
— Sergey Gerardovich, — deb yuzlanipti konferanse shu odamga, — mana, bir yarim oydirki, qo‘lingizda qolgan valyutalarni topshirishdan qat’iyan bosh tortib bu yerda qiynalib o‘tiribsiz, holbuki, mamlakat ularga muhtoj, sizga esa ularning aslo hojati yo‘q, shunga qaramay, siz qaysarligingizni qo‘ymayapsiz. O‘zingiz ziyoli odamsiz, hamma narsaga juda yaxshi tushunasiz-u, shunga qaramay, menga yordam qilishni xohlamayapsiz.
— Taassufki, hech ilojim yo‘q, zero menda boshqa valyuta qolmagan, — deb bamaylixotir javob qilipti shunda Dunchil.
— Hech bo‘lmasa, brilliantlaringiz bordir? — deb so‘rapti artist.
— Brilliantlar ham yo‘q.
Artist boshini xam qilgancha bir oz o‘ylanib turipti-da, keyin bir marta chapak chalipti. Sahnaning yon tomonidan moda bo‘yicha kiyingan, ya’ni yoqasiz palto va kichkinagina shlyapa kiygan o‘rta yoshlardagi bir xonim chiqipti. U juda tashvishli ko‘rinarmish, Dunchil bu xonimga sovuqqina qarab qo‘yipti.
— Kim bu ayol? — deb so‘rapti artist Dunchildan.
— U mening xotinim, — deb viqor bilan javob qaytaripti Dunchil va xonimning uzun bo‘yniga xiyol ranj bilan tikilipti.
— Biz sizni, Dunchil xonim, — deb yuzlanipti konferanse xonimga, — bir masala yuzasidan bezovta qilishga jur’at etdik: biz sizdan, eringizda yana valyuta bormi, deb so‘ramoqchi edik.
— O‘shanda u hammasini topshirgan edi, — hayajonlanib javob qilipti Dunchil xonim.
— Yaxshi, — depti artist, — hay, unday bo‘lsa, yaxshi. Agar hammasini topshirgan bo‘lsa, nachora, unda biz darhol Sergey Gerardovich bilan vidolashmog‘imiz kerak! Istasangiz, teatrni tark etishingiz mumkin, Sergey Gerardovich, — shunday deb artist shohona muruvvat qilipti.
Dunchil esa salobat va viqor bilan orqasiga o‘girilib, sahna ichkarisi tomon yura boshlapti.
— Yana bir minut sabr qilsangiz! — deb uni to‘xtatipti shunda konferanse, — vidolashishimiz oldidan sizga programmamizda yana bir nomer ko‘rsatishga ijozat bersangiz, — shunday deb u yana chapak chalipti.
To‘rdagi qora parda surilib, sahnaga bal ko‘ylagi kiygan yoshgina bir sohibjamol qiz qo‘lida oltin patnis ko‘tarib chiqipti, patnisda konfet lentasi bilan bog‘langan qalin bir dasta pul va brilliant marjon otganmishki, undan sahnaning har tomoniga damo-dam yashil, sariq, qizil uchqunlar chatnarmish.
Dunchil bir qadam orqasiga tisarilibdiyu rangi dokadek oqarib ketipti. Zal churq etmay qolipti.
— O‘n sakkiz ming dollarni va oltin pulda qirq ming turadigan bu marjonni, — deb tantanavor e’lon qilipti artist, — Sergey Gerardovich Xarkov shahridagi o‘z ma’shuqasi — hozir siz bilan biz ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan Ida Gerkulanovnaning kvartirasida saqlab kelganki, aslida bebaho, ammo xususiy shaxs qo‘lida befoyda bo‘lgan bu ulkan boylikni topishda bizga lutfan ko‘maklashgan Ida Gerkulanovnaga mingdan-ming rahmat aytamiz.
Sohibjamol qiz jilmaygan ekan, tishlari yaraqlab ketipti, uzun kipriklari bir yelpinib ko‘yipti.
— Ammo siz, — deb endi artist Dunchilga yuzlanipti, — garchi sirtingizdan xushfazilat odam ko‘rinsangiz ham, aslida ochko‘z bo‘ri, badfe’l va uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansiz. Siz shu bir yarim oy mobaynida ahmoqona o‘jarligingiz bilan hammani qoniga tashna qildingiz. Uyingizga boravering endi, xotiningiz boshingizga soladigan jahannam azobi — qilgan jinoyatingizga monand jazo bo‘la qolsin.
Shunda Dunchil bir chayqalib, yiqilib tushayozgan ekan, kimdir rahm qilib, qo‘ltig‘idan olipti. Xuddi shu payt oldparda «shir» etib tushib, sahnadagilarning barini ko‘zdan yashiripti.
Nikonor Ivanovichning nazarida, zalni larzaga keltirgan gulduros qarsaklardan qandil chiroqlari «lik-lik» sakray boshlaganday bo‘lipti. Oldingi qora parda yuqoriga ko‘tarilganda sahnada endi yolg‘iz artistdan boshqa hech kim qolmaganmish. Yana boshlangan qarsak sadosini bo‘lib, artist zalga ta’zim qilipti va shunday gap boshlapti:
— Dasturimizda qatnashgan boyagi Dunchil qiyofasida siz oddiy bir eshakni ko‘rdingiz. Axir kecha men, maxfiy tarzda valyuta saqlash — g‘irt bema’nilikdir, deb aytish sharafiga muyassar bo‘lgan edim-ku. Sizlarni ishontirib aytamanki, hech kim, hech qachon u valyutadan foydalana olmaydi. Misol uchun o‘sha Dunchilni olaylik. U juda katta maosh oladi, hech narsaga muhtoj emas. Uning shohona kvartirasi, xotini, yana sohibjamol o‘ynashi ham bor. Buni qarangki, valyuta bilan qimmatbaho toshlarni hukumatga topshirib, har qanday ko‘ngilsizliklarni boshidan soqit qilish, tinchgina, halovatda yashash o‘rniga, bu manfaatparast galvars oxiri hammaning ko‘zi oldida o‘z oyog‘i bilan sharmandalik botqog‘iga botdi, siyloviga yana hali uyida boshida tayoq sinadigan bo‘ldi. Xo‘sh, qani, kim topshiradi? Xohlovchilar yo‘qmi? Unday bo‘lsa, navbatdagi nomerimizda — programmamizga maxsus taklif qilingan iste’dodli va taniqli dramatik artist Savva Potapovich Kurolesov shoir Pushkinning «Xasis ritsar» fojiasidan parcha o‘qib beradi.