Nomi zikr etilgan Kurolesov bir zum ham kutdirmay, sahnada paydo bo‘lipti, bu egniga frak kiyib, oq galstuk bog‘lagan, sochi ustarada olingan norg‘il va semiz odam emish.
U aftini burishtirib, qovoqlaripi uyipti-da, oltin qo‘ng‘iroqchaga qiyo boqqancha hech qanday muqaddimasiz, g‘ayrioddiy ovoz bilan she’r o‘qiy boshlapti:
— Uyinqaroq yigit makkor fohisha qizning visolini intizorli kutgani kabi…
Shundan boshlab Kurolesov o‘zi to‘g‘risida ko‘p yomon gaplarni aytib beripti. Nikonor Ivanovich qaysiyam bir baxti qaro beva xotinning yomg‘ir sharros quyib turganda zor-zor yig‘lab Kurolesovning qarshisida tiz cho‘kkani, ammo sho‘rlikning nolalari berahm artistning ko‘nglini yumshatmagani to‘g‘risida uning o‘z og‘zidan eshitipti. Nikonor Ivanovich to shu tushni ko‘rguniga qadar shoir Pushkinning bironta ham asarini o‘qimagan bo‘lsa ham, uning o‘zini juda yaxshi bilardi, hatto uning iomini har kuni bir necha martalab quyidagi mazmunda tilga olib turardi: «Kvartira haqini siz uchun Pushkin to‘laydimi?» yoki: «Nima, zinadagi lampochkani Pushkin ilib ketiptimi, bo‘lmasa?» — «Balki siz, neft uchun Pushkin pul to‘laydi, deb o‘ylarsiz?»
Mana endi Nikonor Ivanovich shoirning asarlaridan biri bilan tanishib, ma’yus bo‘lib qolipti, yetimcha bolalari bilan yomg‘irda tiz cho‘kib turgan ayolni ko‘z oldiga keltiripti-da, beixtiyor: «Ablahning o‘zi ekan-ku bu Kurolesov!» — deb ko‘nglidan o‘tkazipti.
U esa tobora ovozini balandlatib tavba qilishda davom etarkan, bora-bora Nikonor Ivanovichni gangitib qo‘yipti, chunki artist birdan sahnada yo‘q kdndaydir odamga murojaat qilib, o‘sha yo‘q odam tilidan o‘ziga-o‘zi javob qaytara boshlabdiki, shu gaplari paytida u o‘zini goh «siz» lab, goh «sen» lab, o‘ziga-o‘zi bir «janob», bir «baron», bir «ota», bir «o‘g‘lim» deb muojaat qila boshlapti.
Nikonor Ivanovich faqat bir narsani — artistning: «Kalitlar! Kalitlarim mening!» — deb jonholatda chinqirib, axiyri mash’um o‘lim topganini tushunipti, chunki artist «gurs» yiqilib, xirillagancha bo‘ynidagi galstugini ohista yecha boshlabdi.
Kurolesov o‘lib bo‘lgach, o‘rnidan turipti, shimining changini qoqipti, soxta jilmayib, ta’zim qilipti-da, siyrakkina qarsak ostida sahnadan chiqib ketipti. Keyin konferanse bunday deb gap boshlapti:
— Siz bilan biz Savva Potapovichning mohirona ijrosida «Xasis ritsar» asarini tingladik. O‘sha ritsar sho‘x ilohalar uchib kelib atrofimda parvona bo‘lishadiyu yana juda ko‘p shunga o‘xshash ko‘ngil ochuvchi hollar yuz beradi, deb umid qilgan edi. Lekin, hozir o‘zingiz ko‘rdingiz, hech qanday ilohalar ham uchib kelmadi, muzalar ham uni madh etmadi, u hech qanday koshona ham qura olmadi, aksincha, juda yomon o‘lim topdi, valyuta va qimmatbaho toshlar to‘ldirilgan o‘z sandig‘i ustida yuragi yorilib to‘ng‘iz qavmida ketdi. Bilib qo‘yinglar, valyutalarni topshirmasangiz sizlarning ham boshingizga shunday falokat, — balki undan ham beshbattari — tushishi mumkin.
Shunda yo Pushkinning nazmiy asari, yo konferansening nasriy nutqi kor qilgan bo‘lsa kerak — zaldan tortinchoq bir ovoz eshitilipti:
— Men topshiraman valyutamni.
— Sizni lutfan sahnaga taklif qilaman! — depti konferanse qorong‘i zalga tikilib qararkan, muloyim ovoz bilan.
Shunda sahnaga past bo‘yli, oq-malla soch bir grajdanin chiqipti, u uch haftalardan beri soqolini olmagan odamga o‘xsharmish.
— Afv etasiz, familiyangiz? — deb surapti konferanse.
— Kanavkin Nikolay, — qimtinibgina javob qilipti u.
— Ha! G‘oyat xursandman, grajdanin Kanavkin, qulog‘im sizda!
— Topshiraman, — depti Kanavkin sekingina.
— Qancha?
— Ming dollaru yana yigirmata o‘n so‘mlik oltin tanga.
— Bravo! Hammasi-a?
Programmani olib borayotgan artist Kanavkinning ko‘zlariga qattiq tikilib qarapti, shunda Nikonor Ivanovichning nazarida, artistning ko‘zlaridan hatto shu’la otilib chiqib, xuddi rentgen nurlari kabi Kanavkinning vujudini teshib o‘tganday bo‘lipti. Zalda o‘tirganlarning nafaslari ichiga tushib ketipti.
— Ishonaman! — depti nihoyat artist va ko‘z nurini o‘chiripti, — ishonaman! Bu ko‘zlar aldamaydi. Sizlarga qayta-qayta aytyapmanki, asosiy xatolaringiz — inson ko‘zi qudratini qadriga yetmayotganingizdadir. Tushuning axir, til haqiqatni yashirishi mumkin, ammo ko‘z — hech qachon! Masalan, sizga dabdurustdan bir savol berishdi deylik, lekin siz bundan hatto seskanmaysiz ham, bir zumda o‘zingizni tutib olasizu, haqiqatni yashirish uchun nima deb javob qilishni bilasiz, keyin qat’iy ishonch bilan javob qaytara boshlarkansiz, yuzingizda gapingizning yolg‘onligini sezdiruvchi bironta ham ishora ko‘rinmaydi, lekin taassufki, berilgan savoldan halovatini yo‘qotgan haqiqat bir lahzaga qalbingiz tubidan ko‘zingizga «lip» etib sakrab chiqadiyu, vassalom, ish tamom. Haqiqat fosh bo‘lib, tumshug‘ingizdan ilinasiz!
Artist bu g‘oyat asosli nutqini dabdaba bilan so‘zlab bo‘lib, Kanavkindan muloyim ohangda so‘rapti:
— Qaerga yashirgansiz?
— Prechistenkadagi xolamning uyiga, Poroxovnikova familiyasi…
— Ha-a! Ie… shoshmang-shoshmang… Klavdiya Ilinichnanikigami?
— Ha.
— O, ha, ha, to‘g‘ri! Mo‘’jazgina imorat-a? Ro‘parasida kichkinagina tomorqasiyam bormidi? E, bilaman, bilaman u uyni! Xo‘sh, u uyning qaeriga tiqib tashlagansiz boyligingizni?
— Yerto‘lada, Eynem qutisiga solib qo‘yganman… Artist «tavba» demoqchi bo‘lganday, qo‘llarini bir-biriga uripti.
— Hech ko‘rganmisiz o‘zi bunday be’manigarchilik-ni? — deb chinqiripti u xunob bo‘lib. — Axir u yerda pullar nam tortib, mog‘orlab ketadi-ku! Axir qanday ishonib topshirish mumkin bunaqalarga valyutani? A? Xuddi go‘dak bolaga o‘xshashadi-ya, azbaroyi xudo!
Kanavkinning o‘zi ham, nopok yo‘l bilan boylik to‘plab, xatoga yo‘l qo‘yganini endi tushunib, paxmoqsoch boshini xam qilib turganmish.
— Pul, — deb gapida davom etipti artist, — xolalarning kalamush kemirib rasvo qilishi mumkin bo‘lgan yerto‘lasida emas, balki davlat bankida, juda puxta qo‘riqlanadigan maxsus xonalarda saqlanishi lozim! Uyat sizga, Kanavkin! Axir, kap-katta odamsiz-a.
Kanavkin xijolatdan o‘zini qo‘yarga joy topa olmay, hadeb barmog‘i bilan kamzulining hoshiyasini tirnarmish.
— Ha, yaxshi, — depti artist jahlidan tushib, — o‘tgan ishga salavot… — Keyin kutilmaganda shunday ilova qilipti: — Ha, darvoqe: bir borishning o‘zida, haligi… mashinani ikki marta ovora qilib o‘tirmaslik uchun… o‘sha xolangizning o‘zidayam bo‘lsa kerak? A? Ishning bu qadar chappasidan ketishini hech kutmagan Kanavkinning eti jimirlab ketipti, butun teatr sukutga tolipti.
— Ie, ha, Kanavkin?! — depti konferanse muloyim ta’na bilan, — sizni odamlarga maqtab o‘tiribman-a! Ana xolos, nima hojati bor edi sullohlik qilishning! Yaxshi emas, Kanavkin! Hozirgina ko‘z haqida gapirgan edim-a. Ana, ko‘zingizdan ko‘rinib turipti xolangizdayam borligi. Ayting-qo‘ying-da, muncha qiynaysiz bizni?
— Bor! — depti Kanavkin dangal qichqirib.
— Bravo! — deb yuboripti konferanse.
— Bravo, — deyishipti odamlar butun zalni larzaga keltirib.
Zal tinchigach, konferanse Kanavkinni tabriklab qo‘lini siqipti, uning shaharga, o‘z uyiga ketishi uchun mashina taklif qilipti va sahna orqasida turgan qaysiyam bir odamga, aynan shu mashinada Kanavkinning xolasinikiga borib, uni ayollar teatridagi programmaga taklif qilishni buyuripti.