Выбрать главу

Shunga ko‘ra u o‘zini chetga olib, o‘pqon bo‘yiga bordi, bu yer tinch, hech kim unga xalal bermasdi.

Oftob nuridan va uyqusizlikdan ko‘zlari yiringlashgan bu qora soqol odam endi tosh ustida xomush o‘tirardi. U goh aslida zangori tusda bo‘lgan-u, sargardonlikda yuraverib isqirt-ko‘kimtir tus olgan uvada tallifini ko‘tarib, loyqa ter oqib tushayotgan ko‘kragining nayza zarbidan mo‘mataloq bo‘lgan yerini ochib xo‘rsinar, goh ko‘zlarini azob bilan osmonga qaratib hademay ziyofat bo‘lishini sezib samoda qanotlarini keng yozgancha ko‘pdan beri charx urib ay-lanayotgan uchta quzg‘unni kuzatar, goh umidsiz nigohini sarg‘aygan yerga tikib, oyog‘i ostida chiriy boshlagan it boshchanog‘i va uning atrofida zir yugurib yurgan kaltakesaklarga tikilib o‘tirardi.

Bu odam shu qadar qattiq iztirobda ediki, ba’zida u o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshlardi.

— O, men ahmoq! — deb g‘o‘ldirardi u tosh ustida ruhan azob chekib chayqalib o‘tirarkan, — tentakman, ovsar xotinman, qo‘rqoqman! Odam emas, bir o‘limtik-man!

U boshini xam qilib jim qolar, keyin yog‘och obdonidagi ilib qolgan suvdan ho‘plab, yana tetiklanardi-da, goh tallifi ostiga yashirgan pichoqni, goh qarshisida, yerda cho‘pqalam bilan siyohdon yonida yotgan bir parcha pergamentni qo‘liga olardi.

Bu pergamentga hozir shunday so‘zlar yozilgan edi:

«Daqiqalar o‘tib bormoqda, men, Leviy Matvey Taqir Tepadaman-u, ammo o‘limdan hamon darak yo‘q!»

Keyin yana:

«Quyosh og‘a boshladi, lekin o‘limdan darak yo‘q».

Endi Leviy Matvey umidsizlikka tushib, o‘tkir cho‘pqalam bilan quyidagi so‘zlarni yozdi:

«E xudo! Namuncha unga qahhorlik qilmasang? Tezroq jonini ol sho‘rlikning».

Shularni yozib bo‘lib, ko‘z yoshsiz piqillab yig‘ladi va yana tirnoqlari bilan ko‘ksini tirnab jarohatlay boshladi.

Leviyning bunday nola-fig‘on chekishiga o‘zi bilan Ieshua ikkovining boshiga tushgan mudhish badbaxtlik hamda Leviyning o‘zi yo‘l qo‘ygan g‘oyat og‘ir xatolik sabab bo‘lgan edi. O‘tgan kuni Ieshua bilan Leviy Yershalaim yaqinidagi Vifoniya qishlog‘ida bir dehqonning mehmoni bo‘lishgan edi. Chunki Ieshuaning va’zlari mezbonga ko‘p manzur bo‘lgan edi. Ikkovlari ertalabdan dehqonga ko‘maklashib, uning polizida ishlashdi, chunki ular kechki salqinda Yershalaimga yo‘l olmoqchi bo‘lgan edilar. Lekin tush paytida birdan Ieshua shosha-pisha yo‘lga otlanib, shaharda zarur ishim bor deb, jo‘nab ketdi. Leviy Matveyning birinchi xatosi ma-na shundan boshlangan edi. Nega, nega axir uning yolg‘iz o‘zini qo‘yib yubordi!

Kechqurun esa Matveyning o‘zi Yershalaimga bora olmadi. Kutilmaganda u allaqanday mudhish dardga chalinib yotib qoldi. Uning butun vujudi titrab-qaqshab, alanga bo‘lib yona boshladi, tishlari takillab, dam-badam suv so‘ray boshladi. Binobarin, u hech qayoqqa keta olmadi. U dehqonning pichanxonasida o‘zi-ni jul ustiga tashlab, ertangi juma kunining tongigacha og‘ir darddan hushini yo‘qotib yotdi, lekin dard Leviyga kecha kechqurun qanday kutilmaganda yopishgan bo‘lsa, endi uni shunday tez qo‘yib yubordi. Garchi u hali zaif, oyoqlari bedarmon bo‘lsa ham, ko‘ngli qandaydir falokat bo‘lishini sezib beorom bo‘laverdi, oqibat, polizchi bilan xayrlashib, Yershalaimga yo‘l oldi. Shaharga kelib, gumoni to‘g‘ri chiqqanini bildi. Falokat yuz bergan edi. Prokurator hukmni e’lon qilayotganida Leviy olomon orasida turib uni eshitgan edi.

O‘limga mahkum bo‘lganlarni qatl Tepasiga olib ketishayotganda Leviy Matvey Ieshuaga, hech bo‘lmasa, o‘zining shu yerda, u bilan birga ekanligini, so‘nggi daqiqalarida do‘stini yolg‘iz qoldirmaganligini va uning jonini tezroq olishni xudodan iltijo qilajagini bir amallab imi-jimida bildirish uchun legionlar tizmasi yoqalab, olomon orasida yugurib bordi. Ammo o‘zining juda olisdagi manzilidan ko‘z uzmagan Ieshua, turgan gapki, Leviyni ko‘rmadi.

Lekin qatl marosimi yarim chaqirimcha yo‘lni bosib o‘tganda, olomonning siquvi bilan surila-surila turnaqator tizilib borayotgan legionerlar oldiga borib qolgan Matveyning miyasiga birdan eng oddiy va g‘oyat ajoyib fikr keldiyu tabiatan qiziqqon bo‘lgan bu odam, nega endi shu fikr miyamga ilgariroq kelmadi deb ranjib, o‘zini rosa bo‘ralab so‘kdi. Tizilib borayotgan askarlar oralarida ozmi-ko‘pmi masofa mavjud edi. Agar epchillik qilib, aniq mo‘ljalga olib ish ko‘rilsa, ikki legioner orasidan engashib o‘tib ketish va yugurib borib aravaga chiqish mumkin edi. Ana unda Ieshua azobdan qutulgan bo‘lardi.

Ieshuaning kuraklari orasiga pichoq sanchib, unga: «Ieshua! Men kim, sening yagona, sadoqatli shogirding Matvey seni azobdan qutqarib, o‘zim ham sen bilan o‘lyapman!» — deb qichqirish uchun bir lahza kifoya edi.

Agar xudo yana bir zumlik erk ato etsa bormi, Matveyning o‘zi ham o‘ziga pichoq urib, ustunga bog‘lanib azobda o‘lishdan qutulib qolishi mumkin. Lekin hozir bu narsa sobiq o‘lpon yig‘uvchini kam qiziqtirardi. Qay tarzda jon berish uning uchun ahamiyatsiz edi. U faqat bir narsani — o‘z umrida zig‘ircha ham yomonlik qilmagan Ieshuaning qiynoqsiz o‘lishini xohlardi.

Bu juda yaxshi reja edi, ammo yonida pichog‘i yo‘qli-gi chatoq bo‘ldi. Undan keyin, hamyonida tiyin ham pu-li yo‘q edi.

O‘zidan qattiq ranjigan Leviy olomon orasini yorib chiqib, orqaga — shahar tomon yugura ketdi. Uning cho‘g‘dek qizigan boshida faqat bitta qaynoq fikr — shahardan, qanday qilib bo‘lmasin, pichoq to-pib, yana qatl namoyishiga yetib olish fikri lov-lov yonardi.

U shahar tomon oqib borayotgan odamlar va karvon-lar orasidan chaqqonlik bilan chopib o‘tib, shahar qopqasiga yetib oldi va shu yerda, chap tomonda ochiq turgan non do‘konini ko‘rdi. Jazirama oftobda yugu-rib kelganidan og‘ir hansiray boshlagan Leviy bir oz nafasini rostlab olgach, o‘zini sipo tutib, do‘konga kirib bordi, peshtaxta ortida turgan do‘kon bekasi bilan salomlashdi, ko‘ziga negadir eng yuqori taxtada turgan bo‘lka non yaxshi ko‘rinib ketib, bekadan shu nonni olib berishni iltimos qildi, lekin beka orqasiga o‘grilgan hamonoq u peshtaxta ustida yotgan, o‘zi uchun suv bilan havodek zarur narsani — ustara-day o‘tkir, uzun pichoqni tovush chiqarmay, juda chaqqonlik bilan oldi-yu, do‘kondan o‘qday otilib chiqib ketdi. Bir necha daqiqadan keyin u yana Yaffa yo‘liga chiqib olgan edi. Lekin namoyishchilar ko‘rinmasdi. U chopib ketdi. Leviy xachir minib, yayov yurib Yersha\aimga kelayotgan to‘da-to‘da odamlarni hay-ron qoldirib, ahyon-ahyonda o‘zini yo‘l o‘rtasiga «tap-pa» otib, nafasini bir oz rostlab olish uchun qimir etmay tuproqqa belanib yotarkan, nainki yuragining «gurs-gurs» tepishini, shuningdek, miyasi va quloq-lariga ham qon tomirlari qattiq-qattiq urilayotga-nini eshitardi. U shunday tarzda bir oz nafasini rostlagach, sakrab turib yana chopa boshlardi, lekin cho-pish sur’ati tobora sustlasha boshlagan edi. Nihoyat u olisda oftob shu’lasida tovlanib borayotgan uzundan-uzun namoyishni ko‘rdi, lekin namoyish axdi endi te-pa etagiga yetib olgan edi.

— E, xudo… — deb ingradi kechikayotganini sezgan Leviy. Ha, u kechikkan edi.

Qatl boshlanganiga to‘rt soat bo‘lganida Leviyning iztirobi eng baland avjga minib, g‘azabi qaynab ket-di. U tosh ustidan turib, uning fikricha, bekorga o‘g‘irlangan pichoqni yerga otdi, obdonni oyog‘i bilan bosib sindirib, o‘zini suvdan mahkum qiddi, boshida-gi ro‘molni yechib tashlab, siyrak sochini changallagan-cha o‘zini la’natlay boshladi.

U maza-bemaza gaplar bilan bo‘ralab so‘kinar, itday irillar, quturgan nordek og‘zidan ko‘pik sochar, ahmoq o‘g‘ilni dunyoga keltirgan ota-onasiga la’natlar o‘qirdi.

U shuncha ont ichgani, so‘kingani bilan bu jazirama kunda hech qanday o‘zgarish yuz bermaganini ko‘rib, qovjiragan mushtlarini tugib, osmonga, soyalarni to-bora uzaytirib O‘rta yer dengizi yoqqa og‘ib borayotgan quyoshga ko‘zlarini qisib qaradi-da, xudoga iltijo qilib, darhol mo‘’jiza yaratishni — tezroq Ieshuaning jonini olishini talab qildi.