Ammo u ko‘zini ochib, agar kenturionning ko‘ksida-gi ikki qalqonchaning endi porlamay qo‘yganini hisobga olinmasa, hech nima o‘zgarmaganini ko‘rdi. En-di oftob shu’lasi Yershalaim tomonga qaratilib chor-mix qilingan qotillarning orqasiga tushib turardi. Shunda Leviy:
— La’natlar bo‘lsin senga, e xudo! — deb baqirib yubordi.
Keyin u xirillab qolgan ovozi bilan xudoning adolatsizligiga shohid bo‘lgani va shu bois endi unga mutlaqo imon keltirmasligi haqida faryod qiddi.
— Sen karsan! — deb irillardi Leviy, — kar bo‘lmaganingda nolamni eshitgan zahoting uning jonini olgan bo‘lur eding.
Shu ta’nalardan keyin Leviy ko‘zlarini qisgancha, hozir osmondan chaqmoq tushib, men shakkokni mahv etadi, deb kuta boshladi. Lekin bu hol yuz bermadi, shunda Leviy hamon ko‘zlarini katta ochishga jur’at etmay, samoga qarata g‘oyat achchiq va alamli so‘zlarni chinqirishda davom etdi. U samodan butkul hafsalasi pir bo‘lgani va dunyoda boshqa xudolar va dinlar ham mavjudligi haqida hayqirardi. Ha, boshqa xudo Ieshua singari insonning ustunga band etilgan holda oftob tig‘ida kuyib o‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi.
— Men yanglishibman! — deb xirillardi butkul bo‘g‘ilib qolgan ovoz bilan Leviy, — sen yovuzlik xudosi ekansan! Yo ko‘zlaringni ibodatxonadagi isiriqdonlardan ko‘tarilgan tutun so‘qir qilib, quloqlaring din peshvolari chalgan burg‘u sadosidan boshqa sasni eshitishga ojiz bo‘lib qolganmi? Sen qodir xudo emassan. Sen qora niyat xudosan. La’natlar o‘qiyman senga, o qaroqchilarning homiysi va pushtipanohi bo‘lmish xudo!
Shu payt sobiq o‘lpon yig‘uvchining yuziga bir nima ufurdi, oyog‘i ostida nimadir shitirlab ketdi. Boyagi ufurish yana takrorlandi, shunda Leviy ko‘zini ochib, o‘z qarg‘ishlari ta’siridanmi, yo o‘zga bir sababga ko‘rami, atrof-muhitda o‘zgarish ro‘y berganini ko‘rdi. Quyosh har kun oqshom botadigan yer — dengizga tushib ulgurmasdan g‘oyib bo‘lipti. G‘arb tomondan tahdidona ko‘pchib tobora quyuqlashib kelayotgan qora bulut quyoshni yutib yuborgan edi. Bulutning qirg‘oqlarida oq ko‘piklardan zarrin hoshiya vujudga kelgan, uning ko‘pchigan timqora qorni sarg‘ish nur bilan yoritilgan edi. Bulut xuddi irillaganday guldurar, payti-payti bilan undan o‘tli iplar tortilardi. Nogoh esib kelgan kuchli shamol ziyoratchilarning Yaffa yo‘li yoqasiga va qaqragan Gion vodiysiga tikkan chaylalari uzra to‘zonli quyun ko‘tardi. Leviy, hali-zamon Yershalaim ustini burkab olishga shaylangan qora bulut baxtiqaro Ieshuaning qismatiga biron o‘zgarish kiritarmikin, deb mulohaza qilishga urinarkan, jim bo‘lib qoldi. Keyin qora bulutni bo‘lak-bo‘lak qilib chaqnayotgan o‘tli chiziqlarni kuzatarkan, chaqmoqdan tezroq Ieshua bog‘langan ustunga kelib urilishni iltijo qila boshladi. U qora bulut hali butkul burkab ulgurmagan beg‘ubor osmonga, momaqaldiroqdan jon saqlab endi qanot qoqib ucha boshlagan quzg‘unlarga o‘kinch bilan tikilarkan, la’nat o‘qishda juda shoshqaloqlik qilganini o‘yladi. Xudo uning so‘zini endi inobatga olmaydi.
Leviy nigohini tepa etagiga qaratib, u yerda sezilarli o‘zgarish yuz berganini ko‘rdi. Tepa etagini aylanma ihota qilgan suvoriylar yugurib-elishar,erga sanchilgan nayzalarini sug‘irib, plashlarini yelkalariga tashlashar, jilovdorlar zulukdek qora otlarni yetaklab, katta yo‘lga choptirib chiqardilarki, bularning hammasi yuqoridan Leviyning ko‘ziga yaqqol tashlanib turardi. U yuzini to‘zonli shamoldan to‘sib, dam-badam tupurarkan, nima sababdan otliqlar jo‘nashga shaylanishdi ekan, deb bosh qotira boshladi. So‘ng nigohini yuqoriga qaratdi-yu, qirmizi harbiy plash yopingan bir odamning qatl maydonchasiga ko‘tarilayotganini ko‘rdi. Ana shunda azob fursatining nihoyasi yaqinlashganini his qilgan sobiq o‘lpon yig‘uvchining yuragi quvonchdan «shuv» etib ketdi.
Isyonchilarning iztirob cheka boshlaganiga to‘rt soatdan ko‘proq vaqt o‘tganda tepaga ko‘tarilgan bu odam Yershalaimdan o‘z xosnavkari kuzatuvidan kelgan kohorta qo‘mondoni edi. Kalamushkushning bir imosi bilan askarlar tizmasi surilib, tribunga yo‘l ochdi, kenturion esa, unga chest berdi. Tribun esa Kalamushkushni bir chetga boshlab, unga nimanidir shipshidi. Kenturion ikkinchi marta unga chest berib, ustunlar poyida xarsangtoshlarda o‘tirgan jallodlar tomon yo‘l oldi. Tribun — uch oyokdi kursida o‘tirgan odamning istiqboli sari yurdi, u ham tavoze bilan tribunga peshvoz turdi. Tribun unga ham past ovoz bilan nimadir dedi, shundan so‘ng ikkovlari ustunlar tomon yo‘l olishdi. Jome posbonlari sardori ham ularga ergashdi.
Kalamushkush ustunlar tagida yotgan, yaqinginada jinoyatchilarning libosi bo‘lgan, ammo jallodlar olishga hazar qilgan isqirt uvadalarga yirganib ko‘z qirini tashladi-da, jallodlardan ikkitasini chaqirib olib:
— Men bilan yuringlar! — deb buyurdi.
Eng yaqin turgan ustundan hirqiroq ovoz bilan aytilgan ma’nosiz qo‘shiq eshitilardi. Bu ustunga bog‘langan Gestas ustunga bog‘langanidan beri uch soat o‘tganda pashsha talaganidan va oftob taftidan jinni bo‘lib qolgan edi, endi u uzum to‘g‘risida qandaydir qo‘shiqni ohista xirgoyi qilardi, lekin shunday bo‘lsa ham salla o‘ralgan boshini ahyon-ahyonda bir chayqab qo‘yar, shunda yuziga yopirilgan pashshalar erinibgina «g‘uvv» ko‘tarilardi-yu, shu zahoti yana yuzini burkab olardi.
Ikkinchi ustunga osilgan Dismas boshqa ikki jinoyatchidan ko‘proq azob chekardi, chunki hanuz hushini yo‘qotmagan edi, shunga ko‘ra, boshini bir maromda tez-tez chayqab, qulog‘ini yelkasiga tekkizishga urinardi.
Ieshua qolgan ikki mahbusdan baxtiyorroq edi. Qatl boshlangan birinchi soatdayoq u o‘zini yo‘qota boshlagan, keyin esa sallasi chuvalab ketgan boshini osiltirib, butunlay hushidan ketgan edi. Shuning uchun pashshayu so‘nalar uni tamomila burkab olgan ediki, bu g‘imirlovchi qora gala ostida uning yuzi butunlay ko‘rinmay qolgan edi. Uning chovi, qorni va qo‘ltiq taglariga yopishib olgan semiz-semiz so‘nalar bechoraning terisi titilgan sarg‘ishrang badanini so‘rib yotardi.
Qaytarma qalpoqli odamning ishorasi bilan ikki jallodning biri qo‘liga nayza oldi, ikkinchisi ustun ostiga chelakda suv bilan latta olib keldi. Birinchi jallod Ieshuaning ko‘ndalang to‘singa arqon bilan chandib bog‘langan qo‘llariga nayzasi bilan galma-gal urib qo‘ydi. Uning qovurg‘alari sanalib turgan badani bir seskandi. Jallod nayza uchini uning qornidan yurgizdi. Ieshua boshini ko‘tardi, shunda pashshalar «g‘uv» etib uchishdi va osilgan mahbusning tanib bo‘lmaydigan darajada shishib ketgan yuzi ochildi, uning ko‘zlari yumilib qolgan edi.
Ha-Notsri yopishib qolgan qovoqlarini bazo‘r ochib pastga qaradi. Uning hamisha porloq ko‘zlari endi xiralashgan edi.
— Ha-Notsri! — dedi jallod.
Ha-Notsri shishib ketgan lablarini zo‘rg‘a qimirlatib, qaroqchilarnikiga o‘xshagan hirqiroq ovoz bilan javob qildi:
— Nima istaysan? Nega kelding?
— Ich! — jallod nayza uchiga o‘rnatilgan lattani chelakdagi suvga botirib Ieshuaning og‘ziga olib bordi. Mahbusning ko‘zlari shodlikdan charaqlab ketdi, u lattani ochko‘zlik bilan so‘ra boshladi. Qo‘shni ustundan Dismasning ovozi eshitildi:
— Adolatsizlik! Men ham unga o‘xshagan qaroqchiman-ku.
Dismas kuchanib ko‘rdi, lekin qimirlay olmadi, chunki har bir qo‘li uch joydan ko‘ndalang to‘singa arqon bilan chandib bog‘langan edi. U boshini Ieshua bog‘langan ustunga qaratgancha, qornini ichiga tortdi, tirnoqlarini to‘sin uchiga botirdi, ko‘zlarida g‘azab uchqunlari yondi.
Maydonchani chang-to‘zon burkadi, qorong‘ilashdi. Shamol to‘zonni uchirib ketgach, kenturion qichqirdi:
— Ikkinchi ustundagi, o‘chir uningni!
Dismas jim bo‘lib qoldi. Ieshua nihoyat lattani og‘zidan qo‘yib yubordi, mayin va qat’iy ovoz bilan gapirishga urinsa ham, baribir buni eplolmay, xirillab jallodga dedi: