Yig‘layverib xun bo‘lib ketgan Rimskaya xonimni bir amallab yupatib uyiga jo‘natishdi, shundan keyin moliya direktorining kabineti haqida asosan farrosh ayoldan surishtira boshlashdi. Xizmatchilardan joy-joylariga borib, ish bilan mashg‘ul bo‘lishni iltimos qilishdi, oradan sal vaqt o‘tar-o‘tmas tergov xizmati xodimlari Veretega quloqlari chimirilgan, ko‘zlari g‘oyat dono, mushakdor bir bo‘z itni yetaklab kirib kelishdi. Varete xodimlari uni ko‘rishgan zahoti, dong‘i ketgan G‘ishtintuz degan it shu bo‘lsa kerak, degan ma’noda o‘zaro pichir-pichir gaplasha boshlashdi. Haqiqatan ham, bu — o‘sha it edi. Uning xatti-harakati hammaning og‘zini ochirib qo‘ydi. U moliya direktorining kabinetiga yugurib kirdi-yu, sarg‘imtir xunuk tishlarini irshaytirib irillay boshladi, keyin qornini yerga berib yotib, ko‘zlarida qandaydir hasrat va ayni paytda g‘azab bilan singan deraza tomon emaklab bora boshladi. Nihoyat u tetiklashib, birdan deraza tokchasiga sakrab chikdi va cho‘zinchoq tumshug‘ini ko‘tarib, jonhlatda vahshiyona uvlay boshladi. U derazadan tushishni xohlamas, irillarkan, badani seskanar va hadeb pastga sakramoqchi bo‘lardi.
Itni kabinetdan olib chiqib, vestibyulga qo‘yib yuborishdi, u yerdan it katta eshik orqali ko‘chaga yugurib chiqdi va orqasidan ergashtanlarni taksi mashinalari to‘xtaydigan joyga boshlab keldi. Mana shu yerga kelganda u iz isini yo‘qotib qo‘ydi. Shundan keyin G‘ishtintuzni olib ketishdi.
Tergovchilar Varenuxaning kabinetiga joylashishib, kechagi seans vaqtida yuz bergan voqealarning shohidi bo‘lgan Varete xodimlarini navbatma-navbat suhbatga chaqira boshlashdi. Shuni aytish kerakki, tergovchilar har qadamda kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelardi. Kalavaning uchi dam o‘tmay uzilib qolaverardi.
Afishalar bo‘lganmidi o‘zi? Bo‘lgan edi. Lekin tunda ularning ustiga boshqa afishalarni yopishtirishipti, aksiga yurib, bironta ham nusxa qolmapti. Qayoqdan kelib qoldi o‘zi o‘sha jodugar? Kim biladi deysiz. Gapingizga qaraganda, u bilan shartnomayam tuzgansiz?
— Shunaqa bo‘lishi kerak, — deb javob qildi hayajonlangan Vasiliy Stepanovich.
— Qani o‘sha shartnoma?
— Yo‘q, — deb javob qildi rangi dokadek oqara boshlagan buxgalter qo‘llarini yoygancha. Darhaqiqat, o‘sha shartnoma na buxgalteriya papkalarida, na moliya direktorida, na Lixodeevda, na Varenuxada bor edi.
Familiyasi nima ekan o‘sha sehrgarning? Vasiliy Stepanovich bilmasdi, u kechagi seansda yo‘q edi. Kapeldinerlar ham bilmadi, bilet sotuvchi kassir ayol ieshanasini tirishtira-tirishtira, o‘ylay-o‘ylay axiyri bunday dedi:
— Vo… Voland shekilli.
Balki Voland emasdir? Ehtimol Voland emasdir. Kim bilsin, balki Falanddir.
Surishtirib, ajnabiylar byurosining na Voland degan, shuningdek, na Faland ismli sehrgar haqida hech nima eshitmaganini aniqlashdi.
Kurer Karpovning aytishicha, o‘sha sehrgar go‘yo Lixodeevning kvartirasida istiqomat qilayotganmish. Gurgan gapki, shu zahoti u kvartiraga borib kelishdi. Afsuski u yerda hech qanaqa sehrgarni uchratishmadi. Lixodeevning o‘zini ham topishmadi. Uy xodimasi Grunya yo‘q edi, uning qayoqqa g‘oyib bo‘lganini hech kim bilmasdi. Boshqarma raisi Nikonor Ivanovich yo‘q, Prolejnev yo‘q!
Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hol yuz bergan edi: teatr ma’muriyatining barcha rahbarlari g‘oyib bo‘lgan edi, kecha juda g‘alati, uyatsiz seans bo‘lgan, lekin uni kim uyushtirganu kimning so‘zi bilan qilgan — hech kim bilmasdi.
Bu asnoda kassa ochiladigan tush payti ham yaqinlashib qoldi. Ammo kassani ochish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi, albatta! Shu zahoti Varetening eshigiga: «Bugungi spektakl qoldirildi», deb yozilgan kattakon karton osib qo‘yishdi. Navbatda turganlar mrasida g‘ala-g‘ovur boshlandi, lekin bir oz mojaro qilishib turishgach, uzundan-uzun navbat zanjiri narchalanib barbod bo‘la boshladi, oqibat, oradan taxminan bir soat vaqt o‘tar-o‘tmas, Sadovaya ko‘chasida navbat kutganlardan asar ham qolmadi. Tergovchilar o‘z ishini boshqa yerda davom ettirish uchun jo‘nab ketishdi. Varete xodimlarini uy-uyiga jo‘natib yuborishdi, teatrda faqat navbatchilarni qoldirishib, uning eshiklarini yoptirishdi.
Buxgalter Vasiliy Stepanovich ikkita ishni zudlik bilan bajarishi kerak edi. Birinchidan, Tomoshalar va o‘yin-kulgilar komissiyasiga borib, kecha teatrda yuz bergan voqea haqida xabar qilishi, ikkinchidan, tomoshaxonalar moliya sho‘’basiga borib, kecha kassaga tushgan 21711 so‘m pulni topshirishi kerak edi.
Nihoyatda sarishta va intizomli Vasiliy Stepanovich pulni gazetaga o‘rab, ustidan kanop bilan bog‘ladi-da, portfeliga soldi. Pul olib yurish instruktsiyasini juda puxta bilgan bu odam, turgan gapki, avtobus yo tramvay bekatiga emas, balki taksomotor bekatiga yo‘l oldi.
Bu yerda turgan uchta mashinaning shofyorlari qo‘lida qappaygan portfel bilan shoshib kelayotgan passajirni ko‘rishgan hamonoq, unga g‘azab bilan o‘qrayib qarashdi-da, shundoqqina tumshug‘i ostidan odam olmay qochvorishdi.
Esankirab qolgan buxgalter, bunga qanday tushunish kerak, deb o‘ylab turgan yerida anchagacha serrayib qoldi.
Yana uch daqiqalardan keyin bekatga bo‘sh mashina kelib to‘xtadi, lekin shofyorning ko‘zi passajirga tushdi-yu, afti burishib ketdi.
— Mashina bo‘shmi? — deya yo‘talib qo‘ydi hanuz sarosimada bo‘lgan Vasiliy Stepanovich.
— Pulingizni ko‘rsating, — jahl bilan javob qildi shofyor passajir tomonga qayrilib ham qaramay.
Borgan sari hayrati osha boshlagan buxgalter qimmatli portfelini qo‘ltig‘iga qistirib, hamyonidan bir chervon chiqardi-da, uni shofyorga ko‘rsatdi.
— Bormayman! — dedi u qisqagina qilib.
— Meni kechirasiz… — deb buxgalter gap boshlagan edi, shofyor uning so‘zini bo‘ldi:
— Uch so‘mliklaringiz bormi?
Tamomila gangib qolgan buxgalter hamyonidan ikkita uch so‘mlik chiqarib, shofyorga ko‘rsatdi.
— O‘tiring, — deb baqirdi u va schyotchik bayroqchasiga «tap» etib urib, uni sindirib yuborayozdi. — Ketdik.
— Qaytimga maydangiz yo‘qmi deyman? — qo‘rqa-pisa so‘radi buxgalter.
— Kissam to‘la qaytim! — deb baqirdi shofyor, ko‘zguda uning qon quyilgan ko‘zlari ko‘rindi, — shu bugunning o‘zida meni uch marta yer qilib ketishdi. Bitta meni emas — boshqalarniyam. Yaramas kira xaqiga chervon beradi, deng. Men unga to‘rt so‘m ellik tiyin… u itdan tarqagan qaytimni olib mashinadan tushadi! Oradan besh minut o‘tar-o‘tmas qarasam: qo‘limda chervon emas, narzan shishasining qog‘ozi! — Shu yerga kelganda shofyor uyat so‘zlarni aytib so‘kindi. — Yana bittasini Zubovskayaga eltib qo‘ydim. Uyam bir chervon berdi. Unga uch so‘m qaytardim. Tushib ketdi! Keyin hamyonimga qo‘l tiqsam, u yerdan asalari uchib chiqib shartta barmog‘imni chaqib olsa bo‘ladimi! Voy… — deb shofyor yana uyat so‘zlarni qalashtirib tashladi, — lekin chervon yo‘q. Kecha anavi Vareteda (so‘kinadi) qandaydir maraz ko‘zboyloqchi chervon pullar sochib tomosha ko‘rsatganmish (so‘kinadi).
Buxgalter o‘zini yo‘qotib, g‘ujanak bo‘lib oldi va «Varete» degan so‘zni endi eshitib turgandek ko‘rsatdi o‘zini, lekin ichida: «Ana mashmasha!..» — deb qo‘ydi.
U o‘zi ko‘zlagan yerga yetib kelib, kira haqini beg‘alva to‘ladi-da, binoga kirdi va mudir kabineti tomon koridordan jadal yurib borarkan, bemavrid kelganini payqadi. Tomoshalar komissiyasi idorasida qandaydir bezovtalik hukmron edi. Boshidagi ro‘moli sirg‘alib ensasiga tushgan, ko‘zlari bejo kurer ayol buxgalter yonidan yugurib o‘tdi.
— Yo‘q u, yo‘q, yo‘q, tasadduqlar! — deb qichqirardi u allakimlarga, — kamzul-shimi bor, ammo kamzulda hech vaqo yo‘q!