Ayol qaysiyam eshikka kirib ketdi, shu zahoti uning orqasidan idishlarning chil-chil singani eshitildi. Sekretar xonasidan komissiyaning birinchi sektori mudiri yugurib chikdi, buxgalter uni yaxshi tanirdi, ammo u shu qadar asabiy ediki, buxgalterni tanimadi va shu ketgancha dom-daraksiz g‘oyib bo‘ldi.
Bu voqealardan qattiq larzaga kelgan buxgalter komissiya raisi kabinetining dahlizi bo‘lmish kotiba xonasiga kirdiyu butunlay dong qotib qoldi.
Eshigi yopiq kabinetdan dag‘dag‘ali ovoz eshitilardi. Bu, shubhasiz, komissiya raisi Proxor Petrovichning ovozi edi. «Bitta-yarimtasini rosa tuzlayapti shskilli?» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi gangib qolgan buxgalter va atrofiga ko‘z tashlab boshqa bir manzaraning shohidi bo‘ldi: Proxor Petrovichning shaxsiy kotibasi — sohibjamol Anna Richardovna ustiga teri qoplangan kresloda oyoqlarini xonaning naq o‘rtasigacha uzatib yuborib, boshini orqa suyanchiqqa tashlagancha qo‘lida jiqqa ho‘l ro‘molcha bilan yum-yum yig‘lab yotardi.
Anna Richardovnaning butun iyagi lab moyiga bo‘yalgan, pushtirang yonoqlaridan esa erigan kiprik bo‘yog‘i qop-qora jilg‘a bo‘lib oqib tushardi.
Anna Richardovna xonaga odam kirganini ko‘rib, sakrab o‘rnidan turdi, buxgalterga tashlanib, kamzuli yoqasidan changallab uni silkitarkan, chinqirib dedi:
— Xudoga shukur! Bitta bo‘lsayam topiliptiyu mard odam! Hamma qochib ketdi, xoinlar! Yuring uning oldiga, nima qilishga hayronman! — Keyin o‘ksib-o‘ksib yig‘lagancha, buxgalterni kabinetga sudrab kirdi.
Buxgalter kabinetga kirdi-yu, birini navbatda qo‘lidan portfeli tushib ketdi, miyasidagi o‘ylari tamomila ostin-ustun bo‘lib ketdi. Buning sababi bor edi, albatta.
Ustiga salmoqli siyoxdon qo‘yilgan mahobatli yozuv stoli ortida quruq kostyumning o‘zi o‘tirar va siyohga botirilmagan quruq pero bilan qog‘ozga nimalarnidir yozardi. Kostyum galstuk taqqan, uning soat cho‘ntagidan o‘zi yozar ruchka chiqib turardi, ammo kostyum yoqasi ustidan na bo‘yin bor edi, na kalla, shupingdek, kostyum yenglaridan ham qo‘l chiqmagan edi. Kostyum ishga qattiq berilganligidan, atrofida yuz berayotgan to‘s-to‘polonni mutlaqo payqamas edi. Kostyum xonaga kimdir kirganini eshitib, kresloga suyandi, shunda uning yoqasi uzra Proxor Petrovichning buxgalterga juda yaxshi tanish bo‘lgan ovozi yangradi:
— Nima gap? Eshikka yozib qo‘yilgan-ku qabul qilmasligim haqida.
Sohibjamol kotiba buni eshitib chinqirib yubordi va kuyinib dedi:
— Ko‘rdingizmi? Ko‘ryapsizmi?! U yo‘q! Yo‘q! Qaytarib bering! Topib bering uni!
Shu payt kimdir kabinet eshigidan boshini tiqdi-yu, «voy» deb yuborib, juftakni rostlab qoldi. Buxgalter tizzalari qaltirayotganini his qilib stulga omonatgina o‘tirdi, lekin portfelini yerdan ko‘tarib olishni unutmadi. Anna Richardovna buxgalterning kamzulini qo‘yib yubormay, uning atrofida girdikapalak bo‘lar va hadeb chinqirardi:
— Shaytonni tilga olib so‘kinganida, doim uni «hay-hay» lab to‘xtatardim! Mana oqibat, — shunday deb go‘zal kotiba yozuv stoli oldiga pildirab bordi va ko‘p yig‘laganidan xiyol ping‘illagan mayin musiqiy ovozi bilan dedi:
— Prosha! Qaerdasiz?
— Meni «Prosha» deyishga qanday haddingiz sig‘di? — dedi kostyum viqor bilan va kresloga yanayam chuqurroq botib o‘tirdi.
— Tanimayapti! Meni tanimadi-ya! Tushunyapsizmi? — deb ho‘ngrab yubordi kotiba.
— Kabinetda yig‘i-sig‘i qilmang! — dedi endi jahl bilan jizzaki kostyum va rezolyutsiya qo‘yib imzo chekish uchun bir dasta qog‘ozni yengi bilan o‘z oldiga surdi.
— Yo‘q, men bunga qarolmayman, yo‘q, hech qarolmayman! — deb chinqirib yubordi Anna Richardovna va kabinetdan yugurib chiqib ketdi, uning orqasidan buxgalter ham o‘qday otilib chiqdi.
— Men o‘tirgandim, — deb hikoya qila boshladi hayajondan qalt-qalt titrayotgan Anna Richardovna, yana buxgalterning yengidan mahkam ushlab olib, — bir payt bir mushuk kirib keldi. Qop-qora, o‘ziyam xuddi xirsday keladi. Turgan gapki, men unga «pisht!» — deb qichqirdim. U chiqib ketdi, lekin o‘rniga allaqanday baqbaqaloq odam kirdi, uniyam basharasi mushuknikiga o‘xshardi. Kirdi-da: «Bu qanaqasi, grajdanka, nega ish bilan kelganlarni «pisht» lab haydaysiz?» — dedi. Shunday dediyu shilt etib Proxor Petrovichning oldiga kirib ketdi, men ham orqasidan kirdim, albatta. «Nima qilyapsiz, esingizni yeganmisiz?» — deb qichqirdim unga. U sulloh bo‘lsa to‘g‘ri Proxor Petrovichning oldiga borib, uning ro‘parasiga, kresloga o‘tirdi! Lekin Proxor Petrovich… o‘zingiz bilasiz, u — judayam oqko‘ngil odam-u, ammo o‘lgudek tajang. Achchig‘i chiqib ketdi! Ha! Asabi chatoq, chunki molday ishlaydi, ha, achchig‘i chiqib: «Nega beruxsat kirdingiz bu yerga?» — dedi. Anavi sulloh bo‘lsa, kresloga yalpayib o‘tirib olib, buning ustiga, tirjayib nima dedi deng: «Men, dedi, siz bilan ish yuzasidan gaplashgani keldim», dedi. Proxor Petrovich bo‘lsa, jahli chiqib: «Bandman!» — dedi. U bo‘lsa uyalmay-netmay: «Siz hech nima bilan band emassiz…» — dedi-ya. Tavba! Shundan keyin, turgan gapki, Proxor Petrovich tutaqib ketib: «Bu axir qanday bema’nigarchilik! Olib ketinglar uni, jin olsin meni!» — deb baqirvordi. Sulloh bo‘lsa tirjayib turib, nima dedi deng: «Jin olsinmi? Bo‘pti, to‘g‘rilaymiz!» — dedi. Shunda bir nima taraqlab ketdi-yu, men chinqirib yuborib, qarasam: anavi mushukbashara sulloh yo‘q, stolda esa, ko… kostyum… o‘tiripti-i-i… Uu-uuu! — Anna Richar-dovna og‘zini pattoyi kovushdek ochib uv tortib yig‘lay boshladi.
U yig‘lab-yig‘lab, nafasini rostlab oldi-da, keyin mutlaqo kurakda turmaydigan gaplarni javray ketdi:
— Hali qarasang yozyapti, yozyapti, yozyapti! Jinni bo‘lib qolish hech gapmas! Telefondayam gaplashyapti! Kostyum gaplashyapti! Hamma qochib ketdi — sichqonning ini ming tanga!
Buxgalter turgan yerida faqat qalt-qalt titrardi. Lekin shu payt unga omad kulib bokdi. Kotiba xonasiga ikki nafar militsioner jiddiy qiyofada bamaylixotir kirib keldi. Sohibjamol kotiba ularni ko‘rdiyu beshbattar ho‘ngrab yig‘lagancha, qo‘li bilan kabinet eshigini ko‘rsata boshladi.
— Keling, yig‘ini bas qilaylik, grajdanka, — xotirjam ohangda dedi birinchi militsioner, buxgalter esa o‘zining bu yerda ortiqcha ekanligini bilib, xonadan otilib chiqdi va yana bir daqiqadan so‘ng toza havodan nafas ola boshladi. Miyasi xuddi yelvizak o‘tgan mo‘rkon singari g‘uvillardi, shu g‘uvillagan tovush orasidan kapeldinerlarning kechagi tomoshada ishtirok etgan mushuk haqidagi hikoyalari uzuq-yuluq bo‘lib eshitilardi qulog‘iga. «Ana xolos! Bu o‘sha mushukchamiz emasmikin hali?»
Komissiya idorasida o‘zi ko‘zlagan maqsadga erisha olmagan diyonatli Vasiliy Stepanovich Vagankovskiy tor ko‘chasiga joylashgan uning filialiga borishga qaror qildi. U o‘z ko‘ngliga taskin berish maqsadida filialgacha piyoda yurib bordi.
Tomoshalar komissiyasining shahar filiali hovlining to‘ridagi, vaqt o‘tishi bilan suvog‘i ko‘chgan imoratga joylashgan bo‘lib, u o‘z vestibyulidagi porfir ustunlari bilan mashhur edi.
Lekin filialga kelgan odamlarni bugun ustunlari emas, balki shu ustunlar poyida yuz berayotgan g‘aroyib hodisa tong qoldirgan edi.
Bir necha kishi kichik bir stol ortida yum-yum yig‘lab o‘tirgan oyimqizga dong qotib qarab qolishgan edi, oyimqiz shu stolcha ustiga yoyib qo‘yilgan tomoshalar haqidagi maxsus adabiyotning sotuvchisi edi. Oyimqiz aynan hozir hech kimga hech qanday kitob sotmas, odamlarning hol-ahvol so‘rab bergan savollariga esa faqat qo‘l siltardi, xolos, lekin xuddi shu mahal tepadan ham, pastdan ham, yon tomonlardan ham, xullas filialning hamma bo‘limlaridan, kamida yigirmatacha telefon baravariga qattiq jiringlay boshladi.
Yig‘lab o‘tirgan oyimqiz birdan seskanib ketib: — Ana, yana boshlandi! — deb chinqirdi jazavasi tutib va dabdurustdan titroq ovoz bilan kuylay boshladi: