Vasiliy Stepanovich: «Pul qabul qilinadi», deb yozilgan oynaga boshini sukdi, notanish bir xizmatchi bilan salomlashdi va muloyimlik bilan kirim orderi blankini so‘radi.
— Nima qilasiz uni? — deb so‘radi xizmatchi. Buxgalter taajjublandi.
— Pul topshirmoqchiman. Varetedanman.
— Bir daqiqa sabr qiling, — dedi xizmatchi va tuynukni simto‘r bilan to‘sdi.
«Qiziq!» — deb o‘yladi buxgalter. U to‘g‘ri ajablanayotgan edi. Chunki bunday holni umrida birinchi marta uchratishi edi. Hamma biladi: pul olish qiyin; bu ishda hamisha biron ishkallik topilishi mumkin. Lekin buxgalter o‘zining o‘ttiz yillik ish tajribasida bironta odamning, xoh u adliya vakili, xoh xususiy shaxs bo‘lsin, pul topshirishda qiynalganini ko‘rmagan edi.
Mana, nihoyat simto‘r ochilib, buxgalter yana boshini oynaga tiqdi.
— Ko‘pmi topshiradigan pulingiz? — deb so‘radi xizmatchi.
— Yigirma bir ming yetti yuz o‘n bir so‘m.
— O‘hho‘! — dedi xizmatchi negadir kinoyaviy oxdngda va buxgalterga yashil blank uzatdi.
Buxgalter o‘ziga yod bo‘dib ketgan blankni bir zumda to‘ldirib, pul o‘ralgan paketning kanopini yecha boshladi. U paketni yechdiyu birdan ko‘zi jimirlab ketdi, qattiq iztirobda bir nima deb g‘o‘ldiradi.
Uning ko‘z oldida chet el pullari yotardi. Bu yerda pachka-pachka Kanada dollarlari, ingliz funtlari, golland guldenlari, Latviya latlari, eston kronlari bor edi…
— Mana o‘sha Varetedagi firibgarlardan bittasi, — degan dag‘dag‘ali ovoz eshitildi gung bo‘lib qolgan buxgalterning tepasida. Shu zahoti Vasiliy Stepanovichni hibsga olishdi.
O‘n sakkizinchi bob
KO‘NGILSIZ TASHRIFLAR
Bizning tirishqoq buxgalter jasadsiz kostyumga yo‘liqishdan oddin taksomotorda borayotgan paytda, Moskvaga kelgan Kiev poezdining yumshoq o‘rinli 9-platskart vagonidan qo‘liga kichkinagina fibra chamadon ko‘targan xushhulq bir odam hamma yo‘lovchilar qatori perronga tushdi. Bu yo‘lovchi marhum Berliozning Kievdagi sobiq Institut ko‘chasida istiqomat qiluvchi pochchasi ekonomist-planovik Maksimilian Andreevich Poplavskiy edi. Maksimilian Andreevichning Moskvaga kelishiga u o‘tgan kuni kechqurun allamahalda quyidagi mazmunda olgan telegramma sabab bo‘lgan edi:
«Meni hozirgina Patriarx ko‘lida tramvay bosib ketdi. Dafn juma, kunduz uchda. Yetib keling. Berlioz».
Maksimilian Andreevich Kievda haqli ravishda eng donishmand kishilardan biri hisoblanardi. Lekin bu tarzdagi telegramma eng aqlli odamni ham gangitib qo‘yishi mumkin edi. Baski, odam o‘zini tramvay bosib ketgani haqida telegramma yuboribdimi, demak u o‘lmagan. Lekin unda dafnning nima aloqasi bor bunga? Yo ahvoli judayam og‘iru tirik qolishiga ko‘zi yetmayaptimikin? Bu mumkin, lekin dafn paytining anikdigi o‘ta g‘ayrioddiy hol edi — axir u o‘zining juma kuni kunduz soat uchda dafn etilishini, o‘zingiz o‘ylang, qayokdan bilsin? G‘oyat g‘aroyib telegramma!
Biroq chalkash jumboqlarni yecha olganlari uchun ham dono odamlarni dono deb atashadi. Masala ravshan. Xatoga yo‘l qo‘yilgan, telegramma chalkashib ketgan. «Meni» so‘zi, shubhasiz, bu yerga boshqa telegrammadan kirib, «Berliozni» degan so‘zning o‘rnini egallagan, «Berliozni» so‘zi esa, kelishik qo‘shimchasidan judo bo‘lib, telegramma oxiriga borib qolgan. Shunday tuzatish kiritiladigan bo‘lsa, telegrammaning mazmuni oydinlashar, ammo, fojiali tus olardi, albatta.
Maksimilian Andreevich, umr yo‘ldoshining qayg‘uli faryodi sal tinishi bilan, darhol Moskvaga otlana boshladi.
Shu o‘rinda Maksimilian Andreevichning dil rozini fosh qilishimizga to‘g‘ri keladi. Hech shubha yo‘qki, xotinining ayni kamolga yetgan paytda nobud bo‘lgan jiyaniga uning ham rahmi kelgan edi. Lekin, ish ko‘zini biluvchi odam sifatida, o‘zining dafn marosimida qatnashishiga unchalik zarurat yo‘qligini ham tushunardi, albatta. Shunga qaramay, Maksimilian Andreevich Moskvaga judayam shoshilib otlana boshladi. Xo‘sh, sabab nima? Sabab bitta — kvartira. Moskvadagi kvartirami? Ha, bu nihoyatda jiddiy masala. Maksimilian Andreevichga negadir Kiev yoqmasdi, shu sababli keyingi paytlarda Moskvaga ko‘chib o‘tish niyati uning qalbini qattiq iztirobga sola boshlagan, oqibat, hatto uyqusida ham xalovat qolmagan edi. Past sohil tomondagi orolchalarni ko‘mib, suvi ufqqa borib tutashgan Dneprning bahorgi toshqini ham uning bahri-dilini ocholmasdi. Knyaz Vladimir haykali poyidan ko‘zga tashlanuvchi, go‘zallikda qiyosi yo‘q ulug‘vor manzara ham uni maftun qilmas edi. Vladimir tepaligidagi g‘isht terilgan io‘lkalarda o‘ynovchi quyoshning olachalpoq nurlari ham uning ko‘nglini ovlamasdi. Bularning birontasini ham xohlamasdi u, faqat bir narsani — Moskvaga ko‘chib o‘tishni istardi.
O‘zining Institut ko‘chasidagi kvartirasini Moskvadagi biron chog‘roq kvartiraga ayirboshlash haqida gazetalarga bergan e’lonlari hech qanday natija bermadi. Xohlovchilar topilmas, bitta-yarimta topilganiyam mutlaqo kurakda turmaydigan shartlar qo‘yardi.
Telegramma Maksimilian Andreevichni larzaga soldi. Bunday qulay fursatni boy berishning o‘zi gunoh edi. Uddaburon odam bunday holning boshqa takrorlanmasligini yaxshi biladi.
Qisqasi, qanchalik mushkul bo‘lmasin, bir amallab jiyanning Sadovaya ko‘chasidagi kvartirasini meros qilib olish kerak edi. Ha, bu mushkul, g‘oyatda mushkul ish, lekin shunday bo‘lsa ham, bu mushkulotni yengmoq lozim edi. Omilkor Maksimilian Andreevich bunga erishish uchun birinchi navbatdagi eng zarur ish nimadan iborat bo‘lishini yaxshi bilardi: bir ilojini qilib, marhum jiyanning uchta xonasiga vaqtincha bo‘lsa ham o‘zini propiska qildirib olishi kerak.
Maksimilian Andreevich juma kuni Moskvaga yetib kelib, shu kuniyoq Sadovaya ko‘chasidagi 302-bis uyning uy boshqarmasi eshigidan ichkari kirdi.
Devoriga daryoga cho‘kkan odamni tiriltirish usullari bir nechta suratda tasvirlangan eski plakat osilgan torgina xonada yog‘och stol ortida soqol-mo‘ylovi o‘sib ketgan, ko‘zlari alang-jalang boquvchi o‘rta yoshlardagi odam yolg‘iz sho‘ppayib o‘tirardi.
— Boshqarma raisini ko‘rishim mumkinmi? — deb tavoze bilan so‘radi ekonomist-planovik, boshidan shlyapasini olib, chamadonchasini bo‘sh turgan stulga qo‘yarkan.
Mana shu odmigina savoldan stol ortida o‘tirgan odamning negadir ruhi tushib, rangi bo‘zday oqarib ketdi. Ko‘zlari olazarak bo‘lib, rais yo‘q, degan ma’noda g‘o‘ldiradi u.
— Kvartirasidadir balki? — deb so‘radi Poplavskiy, — zarur ishim bor edi unda.
U odam yana poyintar-soyintar javob qiddi. Lekin bu g‘aliz javobdan, rais kvartirasida yo‘q, degan ma’noni anglasa bo‘lardi.
— Qachon bo‘ladi?
Stol ortida o‘tirgan odam bu savolga javob bermay, qandaydir hasrat bilan derazaga qaradi.
«Ihi!» — dedi o‘ziga-o‘zi farosatli Poplavskiy va kotibni so‘radi.
G‘alati odam xuddi mushkul ahvolga tushganday cho‘g‘ bo‘lib qizarib ketdi va yana poyintar-soyintar g‘o‘ldirab, kotib ham yo‘q… qachon kelishi ham ma’lum emas, xullas… kotib kasal… deganday bo‘ldi.
«Aha!..» — dedi o‘zicha Poplavskiy: — Lekin boshqarma a’zolaridan biron kishi bormi?
— Men, — hazin ovoz bilan javob qildi u odam.
— Gap bunday, — deb salobat bilan gapira boshladi Poplavskiy. — Kamina marhum jiyanim Berliozning yagona vorisi hisoblanaman — maTumingizki, u Patriarx ko‘li yaqinida halok bo‘ldi — binobarin, qonun bo‘yicha men bizning elliginchi kvartiramizni meros tariqasida qabul qilib olishim…