Выбрать главу

— Bexabarman, o‘rtoq, — deb so‘zini bo‘ldi tund odam.

— Kechirasiz, — dedi jarangdor ovoz bilan Poplavskiy, — siz boshqarma a’zosi sifatida…

Shu payt xonaga bir grajdanin kirib keddi. Stol ortida o‘tirgan odam uni ko‘rdiyu dokadek oqarib ketdi.

— Boshqarma a’zosi Pyatnajko sizmisiz? — deb so‘radi undan kirgan odam.

— Men, — eshitilar-eshitilmas javob qaytardi u. Kirgan odam Pyatnajkoning qulog‘iga bir nima deb pichirlagan edi, u sarosimada o‘rnidan turdi-yu, yana bir necha soniyadan keyin boshqarma xonasida Poplavskiy yolgiz o‘zi qoldi.

«Eh, chatoq bo‘ldi-da! Kelib-kelib, birvarakayiga hammalarini…» — deb o‘yladi o‘kinch bilan Poplavskiy asfalt yotqizilgan hovlidan o‘tib, 50-kvartira tomon shosharkan.

Maksimilian Andreevich qo‘ng‘iroq tugmasini bosgan hamonoq eshik ochildiyu, u qorong‘i dahlizga kirdi. Uni bir qadar taajjubda qoldirgan hol shu bo‘ldiki, eshikni kim ochgani ma’lum emas edi, chunki dahlizda stulda cho‘qqayib o‘tirgan bahaybat bir mushukdan boshqa hech qanday jonzot yo‘q edi.

Maksimilian Andreevich, o‘zini sezdirish uchun yo‘talib, yer tepinib qo‘ydi. Shunda kabinet eshigi ochilib, dahlizga Korovyov chiqdi. Maksimilian Andreevich unga nazokat bilan, ammo o‘z qadrini yo‘qotmagan holda ta’zim qilib, dedi:

— Familiyam Poplavskiy. Men marhum Berliozning…

U gapini tugatib ham ulgurmagan edi, Korovyov cho‘ntagidan isqirt bir ro‘molcha olib, u bilan og‘iz-burnini yopgancha yig‘lab yubordi.

— … pochchasi bo‘laman…

— Bo‘lmasam-chi, bilaman, — deb uning so‘zini bo‘ldi Korovyov ro‘molchani yuzidan olarkan. — Bir ko‘rishdayoq siz ekanligingizni fahmladim! — dedi u butun vujudi bilan silkinib yum-yum yig‘larkan: — Qanday musibat, a? Nimalar bo‘lyapti o‘zi? A? — deb qo‘shib qo‘ydi.

— Tramvay bosib ketdimi? — pichirlab so‘radi Poplavskiy.

— Voy, sekinroq aytasizmi, — deb chinqirib yubordi Korovyov, uning pensnesi ostidan ko‘z yoshla-ri duv-duv oqa boshladi, — bosganda qandoq! O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ishonasizmi — boshi… cho‘rt uzilib ketdi!.. Ung oyog‘i qars etib ikki bo‘lak bo‘ldi! Chap oyog‘i qars etib ikki bo‘lak bo‘ldi! Mana shunaqa bir balo jan bu tramvay degani! — Keyin Korovyovning yana xo‘rligi keldi shekilli, ko‘zgu yonidagi devorga yuzini bosib, butun vujudi bilan silkinib ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi.

Bu notanish odamning xatti-harakati pochchani qattiq hayratga soldi. «Bizning zamonda rahmdil odamlar qolmagan deyishadi, mana, bor ekan-u!» — deb o‘yladi u o‘zining ham xo‘rligi kela boshlaganini his qilib, lekin shu zahoti uning miyasidan, tag‘in bu rahmdil odam marhumning kvartirasiga o‘zini propiska qilib ulgurgan bo‘lsa-ya, degan fikr lip etib o‘tdi, zero hayotda bunday hollar ham bo‘lib turadi.

— Afv etasiz, siz mening rahmatli Mishamning do‘stimidingiz? — deb so‘radi u qup-quruq chap ko‘zini yengi bilan artarkan, o‘ng ko‘zi bilan g‘amga botgan Korovyovni kuzatib. Lekin u uyni buzgudek bo‘lib shunaqa ho‘ngrab yig‘lardiki, takror-takror qaytarilgan «cho‘rt uzildi, ikki bo‘lak bo‘ldi!» — degan so‘zlardan boshqa hech nimani anglab bo‘lmasdi. Korovyov ho‘ngrab-ho‘ngrab xumordan chiqqach, yuzini devordan uzib dedi:

— Yo‘q, ortiq chidolmayman! Borib efir valeryankasidan uch yuz tomchi ichmasam bo‘lmaydi! — shundan keyin u ko‘z yoshidan jiqqa ho‘l yuzini Poplavskiyga o‘girib ilova qildi: — Mana sizga tramvayning kasofati!

— Kechirasiz, menga telegrammani siz yuborganmidingiz? — deb so‘radi Maksimilian Andreevich, bu g‘ayritabiiy yig‘loqi odam kim bo‘ldiykin, deb hamon peshanasini tirishtirib o‘ylarkan…

— Anavi! — dedi Korovyov barmog‘i bilan mushukni ko‘rsatarkan.

Poplavskiy, yanglish eshitdim, deb o‘ylab baqrayib qoldi.

— Yo‘q, chidolmayman, yig‘lashga ortiq majolim qolmadi, — deb davom etdi Korovyov burnini «sho‘lq-sho‘lq» tortarkan, — eslasam: g‘ildirak sho‘rlikning oyog‘ini… bitta g‘ildirak kamida o‘n pud kelar-ov… Qars etib! Borib yotib, pinakka ketmasam, ortiq chidolmayman, — shunday dediyu dahlizdan g‘oyib bo‘ldi.

Mushuk esa o‘rnidan qo‘zg‘aldi, stuldan «tap» etib sakrab tushib, orqa oyoqlariga turdi, old oyoqlarini beliga qo‘ydi-da, og‘zini pattoyi kavushdek ochib, tilga kirdi:

— Ha, men yuborgandim telegrammani. Xo‘sh, nimaydi?

Maksimilian Andreevichning shu zahoti ko‘zi tinib, boshi aylanib ketdi, oyoq-qo‘llari shol bo‘lib qoldi, chamadonini tushirib yuborib, mushukning ro‘parasida stulga o‘tirib qoldi:

— Men rus tilida gapiryapman shekilli, — dedi mushuk dag‘dag‘a bilan, — xo‘sh, yana nima deysiz?..

Biroq Poplavskiy «churq» etib ham javob qila olmadi.

— Pasportingiz! — deb miyovladi mushuk va momiq panajsini uzatdi.

Butunlay esi og‘ib qolgan Poplavskiy mushuk ko‘zlarida yonib turgan ikkita uchqundan boshqa hech nimani ko‘rmay, cho‘ntagidan pasportini xuddi xanjarni qindan sug‘urganday chiqardi. Mushuk ko‘zgu ostidagi stolchada yotgan qalin qora gardishli ko‘zoynakni olib taqib, yana ham savlatliroq bo‘lib ketdi va Poplavskiyning dag‘-dag‘ qaltirayotgan qo‘lidan pasportni yulqib oldi.

«Qiziq, hushimdan ketarmikinman yo yo‘qmi?» — deb o‘yladi Poplavskiy. Olisdan hamon Korovyovning piqillab yig‘lagani eshitilar, dahlizni efir, valeryanka va yana allaqanday badbo‘y narsaning hidi tutib ketgan edi.

— Hujjatni qaysi militsiya bo‘limi bergan? — deb so‘radi mushuk pasportni varaqlarkan. Javob bo‘lmadi.

Mushuk teskari ushlab olgan pasport bo‘ylab panjasini yuritarkan o‘ziga-o‘zi dedi: — To‘rt yuz o‘n ikkinchi bo‘lim… ha, to‘g‘ri, o‘n ikkinchi! Menga tanish bu bo‘lim! U yerda itgayam-bitgayam pasport beraverishadi! Lekin men, masalan, sizga bermasdim. Sirayam bermasdim! Basharangizga bir qarardimu darhol rad etardim! — Mushukning achchig‘i chiqib, pasportni yerga otib yubordi. — Sizning dafn marosimiga qatnashishingiz bekor qilinadi, — deb davom etdi mushuk rasmiyatchilik bilan. — Darhol o‘z turar joyingizga jo‘nab keting. — So‘ng eshik tomonga o‘girilib shang‘illadi: — Azazello!

Shu mahal dahlizga egnidagi qora trikosi badaniga chippa yopishib turgan, pak-pakana, belidagi kamariga pichoq qistirib olgan, mallasoch, chap ko‘ziga oq tushgan, sap-sariq so‘yloq tishli cho‘loq odam otilib chiqdi.

Poplavskiy xuddi havo yetmayotganday entikib o‘rnidan turib ketdi va yuragini changallagancha orqasiga tisarildi.

— Azazello, kuzatib qo‘y! — deb buyurdi mushuk dahlizdan chiqarkan.

— Poplavskiy, — dedi pakana odam ohista manqalanib, — hammasi tushunarlidir?

Poplavskiy bosh irg‘adi.

— Hoziroq Kievga qaytib ket, — deb davom etdi Azazello, — u yerda «churq» etmasdan, xap o‘tir-u, Moskvadan kvartira olishni xayolingga ham keltirma, tushundingmi?

Uzining so‘yloq tishi, pichog‘i, oq tushgan ko‘zi bilan Poplavskiyning jonini olib qo‘ygan bu pakana odamning bo‘yi ekonomistning yelkasidan kelsa ham, xatti-harakatidan serg‘ayrat, uddaburon, o‘z ishiga pishiq ekanligi ko‘rinib turardi.

Birinchi navbatda u yerda yotgan pasportni olib, Maksimilian Andreevichga uzatdi, u jonsiz qo‘li bilan pasportni oldi. Keyin o‘sha Azazello bir qo‘liga chamadonni olib, ikkinchi qo‘li bilan eshikni lang ochdi-da, Berliozning pochchasini qo‘ltiqlab, zina maydonchasiga yetaklab chiqdi. Poplavskiy devorga suyanib qoldi. Azazello chamadonni hech qanaqa kalitsiz ochib, undan yog‘ yuqili gazetaga o‘ralgan bir oyog‘i yo‘q kattakon qovrilgan tovuqni olib, yerga qo‘ydi. Keyin chamadondan yana ikki juft ichki ko‘ylak-ishton, ustara charxlaydigan tasma, qandaydir bir kitob va quticha olib qo‘yib, tovuqdan boshqa hammasini oyog‘i bilan tepib zina oralig‘idan pastga tushirib yubordi. Bo‘shagan chamadon ham pastga uloqtirildi. Bir oz vaqtdan keyin uning yerga taraqlab urilgani eshitildi, chamasi qopqog‘i ko‘chib ketgan edi.