Выбрать главу

— Kecha siz ko‘zboyloqchilik qilgandingiz…

— Men-a? — dedi sehrgar taajjublanib, — yo‘q, kechirasiz. Menga yarashmaydi bunaqa qiliq!

— Afv etasiz, — dedi esankiragan bufetchi, — axir jodugarlik seansi…

— E, ha, to‘g‘ri, to‘g‘ri! O azizim! Sizga sirni fosh qilaman: men aslo artist emasman, shunchaki, moskvaliklarni ko‘rgim keluvdi, xolos, buni ro‘yobga chiqarishda teatr qo‘l kelardi, albatta. Mana, mening mulozimlarim, — u boshi bilan mushuk tomonga isho-ra qildi, — o‘sha seansni uyushtirishdi, men faqat moskvaliklarni kuzatib jim o‘tiraverdim. Yo‘q, yo‘q, rangingiz o‘chmasin-u, qani, o‘sha seans munosabati bilan sizni bu yerga kelishga nima majbur etganini ayting menga.

— O‘zingizga ayon, har turli fokuslar qatori, shiftdan qog‘ozlar ham yog‘ilgan edi, — bufetchi ovozini pastlatdi va xijolat tortib atrofga qarab qo‘ydi, — xullas, o‘sha qog‘ozlarni hamma ilib oldi. Keyin bufetimga bir yosh yigit kirib, bir chervon uzatdi, men unga sakkiz yarim so‘m qaytardim… Keyin ikkinchi odam…

— U ham yosh yigitmidi?

— Yo‘q, keksa odam. So‘ng uchinchi, to‘rtinchi odam kirib kelaverdi. Men hammalariga qaytim berdim. Bugun kassani tekshiraman desam, pul emas, qiyqim qog‘ozlar yotipti. Bufet bir yuz to‘qqiz so‘m ziyon ko‘rdi.

— E, attang, attang! — dedi artist, — nahotki, odamlar o‘sha qog‘ozlarni haqiqiy pul deb o‘ylashgan bo‘lsa? Bila-ko‘ra turib shunday qilishganiga hech aqlim bovar qilmaydi.

Bufetchi aftini burishtirib, atrofga ma’yus nazar tashladi-yu, lekin hech nima demadi.

— Nahot tovlamachilar?.. — hayajonlanib so‘radi sehrgar mehmondan, — nahot moskvaliklar orasida tovlamachilar bo‘lsa?

Unga javoban bufetchi shunday achchiq istehzo qildiki, moskvaliklar orasida tovlamachilar borligiga hech qanday shubha qolmadi.

— Bu pastkashlik! — dedi Voland achchig‘lanib, — mana, siz kambag‘al odamsiz… to‘g‘rimi, axir, kambag‘alsiz-a?

Bufetchi boshini yelkalari orasiga tortgan edi, uning kambag‘al odamligi ko‘rindi-qoldi.

— Siz, masalan, qancha pul jamg‘argansiz?

Savol xayrixohlik bilan berildi, lekin shunday bo‘lsa ham, uni qaltis emas deb bo‘lmasdi. Bufetchi dovdirab qoldi.

— Beshta omonat kassada ikki yuz qirq to‘qqiz ming so‘m puli bor, — dedi qandaydir qaltiroq ovoz qo‘shni xonadan, — yana uyida pol tagiga ikki yuzta o‘n so‘mlik oltin tanga ko‘mgan.

Bufetchi o‘zini go‘yo kursiga qapishib qolgandek his qildi.

— Ha, albatta, arzimagan iul bu, — dedi Voland mehmonga muruvvat qilib, — lekin, darvoqe, sirasini aytganda, jamg‘armangiz sizga kerak ham bo‘lmaydi. O‘zi qachon o‘lasiz?

Ana endi bufetchining achchig‘i chiqib ketdi.

— Buni hech kim bilmaydi, o‘lishimning hech kimga daxli ham yo‘q, — deb javob qildi u.

— Nega endi hech kim bilmas ekan, — kabinetdan yana boyagi xunuk ovoz eshitildi, — o‘rgildim Nyuton binomidan! U to‘qqiz oydan keyin, kelasi yilning fevralida birinchi MGU kasalxonasining to‘rtinchi palatasida jigar rakidan o‘ladi.

Bufetchining rangi za’faron bo‘lib ketdi.

— To‘qqiz oy, — deb o‘ychanlik bilan hisoblay boshladi Voland, — ikki yuz qirq to‘qqiz ming… yaxlitiga hisoblaydigan bo‘lsak, oyiga yigirma yetti ming so‘mdan to‘g‘ri keladimi? Sal kamroq, lekin kamtarona kun kechiriladigan bo‘lsa, yetib qoladi. Yana oltin tangalar ham bor.

— Oltinlarni sarflashga ulgurmaydi, — deb yana boyagi ovoz gapga aralashdi (bufetchining yuragi «shuv» etib ketdi). — Andrey Fokich vafot etgan zahoti uyi buziladi, o‘n so‘mlik oltinlar Davlat bankiga topshiriladi.

— Ha, kasalxonaga yotishingizni maslahat ko‘rmagan bo‘lardim, — deb davom etdi artist. — Og‘ir kasallar tinimsiz ingrab, xirillab yotgan palatada jon berishning nima xosiyati bor. Undan ko‘ra, o‘sha yigirma yetti mingga yaxshi bir ziyofat uyushtirib, so‘ng og‘u ichib, muzika sadolari ostida sarmast sohibjamollaru o‘ktam do‘stlar kuzatuvida dorilbaqoga rihlat etgan ma’qul emasmi?

Bufetchi qimir etmay o‘tirar, u judayam qarib ketgan edi. Ko‘zlari atrofida qora gardish paydo bo‘lgan, ikki lunji shalvirab, jag‘i osilib qolgan edi.

— Buni qarang-a, xayolga berilib ketibmiz, — de-di mezbon, — maqsadga o‘taylik. Qani, ko‘rsatingchi o‘sha qirqilgan qog‘ozlaringizni.

Bufetchi hayajonlangancha, cho‘ntagidan gazeta o‘ralgan bir dasta qog‘oz olib, uni ochdi, ochdiyu dong qotib qoldi. Gazetaga chervon pullar o‘ralgan edi.

— Azizim, siz chindanam betobsiz, — dodi Voland kiftlarini uchirib.

Bufetchi tirajygancha o‘rnidan turdi.

— Bordi-yu, — dedi duduqlanib u, — bular yana haligiday…

— Hm… — o‘ylanib qoldi artist, — unda yana huzurimizga keling. Siz uchun doim eshigimiz ochiq. Tanishganimizdan xursandman.

Shu choq kabinetdan Korovyov otilib chiqib, bufetchining qo‘liga yopishdi va uni to‘xtovsiz silkib xayrlasharkan, hammaga ko‘pdan-ko‘p salom aytishni qayta-qayta iltimos qila boshladi. Gangib qolgan bufetchi dahliz tomon yurdi.

— Gella, kuzatib qo‘y! — deb chinqirdi Korovyov. Bufetchi dahlizda yana o‘sha mallasoch, yalang‘och behayo qizga ro‘para keldi. U qiya ochilgan eshikdan yonlab chiqarkan, g‘ing‘illab «xayr» dedi va mast odamlardaxg gandiraklab yura boshladi. U zinadan bir qavat pastga yurib tushib to‘xtadi, pillapoyaga o‘tirib, cho‘ntagidan o‘rog‘liq pulni olib ochdi — chervonlar joyida edi.

Shu payt bu yerdagi kvartiradan yashil sumka ko‘tagan bir ayol chiqdi. U iillapoyada chervonlarga ma’nosiz tikilib o‘tirgan odamni ko‘rib jilmaydi-da, o‘zicha dedi:

— Qanaqa uy bo‘ldi o‘zi bu! Mana, buyam ertalabdan zahariga otib olipti. Ana, deraza oynasini yana sindirishipti, — keyin u bufetchiga tikilibroq qarab, ilova qildi: — Voy bo‘-o‘, grajdanin, chervonlaringiz muncha ko‘p. Mengayam ozrog‘ini bersangiz-chi! A?

— Meni tinch qo‘ying. Azbaroyi xudo, — dedi cho‘chib ketgan bufetchi va pulni azza-bazza yashira boshladi. Ayol kulib yubordi:

— E, qorang o‘chsin seni, qurumsoq! Hazillash-dim, — deb pastga tusha boshladi.

Bufetchi sekin o‘rnidan turdi, shlyapasini to‘g‘rilab kiyish uchun qo‘lini ko‘tardiyu boshyalang ekanligini payqadi. Orqaga qaytishga hech oyog‘i tortmayotgan edi, lekin shlyapasini ko‘zi qiymadi. U bir oz ikkilanib turgach, axiyri qaytib chiqib qo‘ng‘iroq qildi.

— Yana nima istaysiz? — deb so‘radi undai yaramas Gella.

— Shlyapamni unutib qoldiribman, — deb pichirladi bufetchi, barmog‘ini taqir boshiga niqtab. Gella orqasini o‘girdi, bufetchi hazar qilib, ichida tupirdi-da, ko‘zlarini chirt yumib oldi. Qayta ochganida, Gella unga shlyapasi bilan qora dastali shamshir uzatib turardi.

— Meniki emas, — deb pichirladi bufetchi shamshirni qaytarib, ayni paytda shlyapasini kiyarkan.

— Nahotki shamshirsiz kelgan bo‘lsangiz? — deb ajablandi Gella.

Bufetchi bir nima deb g‘o‘ldiradi-da, pastga g‘izillab tusha boshladi. Negaki, u o‘zini o‘ng‘aysiz his qila boshladi, shlyapada boshi judayam qizib ketayotgan edi, shunda u shlyapasini boshidan oldiyu qo‘rqqanidan bir sakrab tushib, ohista chinqirib yubordi. Uning qo‘lidagi shlyapa emas, titig‘i chiqqan xo‘roz pati qadalgan duxoba beret edi. Bufetchi cho‘qinib oldi. Shunda beret miyovlab yuborib, tim qora mushuk bolaga aylandi va yana Andrey Fokichning boshiga sakrab chiqib, uning taqir boshiga tirnoqlarini botirib mahkam yopishib oldi. Bufetchi jon achchig‘ida dod solib pastga yugurib gusha boshladi, mushuk bola esa uning boshidan sakrab tushib, bir sapchishda zinadan yuqoriga o‘kday otilib chiqib ketdi.