Bufetchi ochiq havoga otilib chiqib, darvoza tomon lo‘killab chopib ketdi va jinlar makon qurgan bu 302-bis uyni mangu tark etdi.
Keyin unga nima bo‘lgani biz uchun sir emas. Bufetchi darvozadan ko‘chaga otilib chiqib, bir nimani qidirayotganday olazarak bo‘lib atrofga o‘g‘rincha qaradi. Yana bir daqiqadan keyin u ko‘chaning narigi betiga o‘tib, aptekaga kirdi. U: «Marhamat qilib ayting-chi…» — deganini biladi, peshtaxta ortida gurgan ayol chinqirib yubordi:
— Grajdanin! Boshingizning hammayog‘i tilingan-ku!..
Yana besh daqiqadan keyin bufetchining boshi doka bilan bog‘langan edi, ayni paytda u jigar kasali bo‘yicha eng zo‘r mutaxassislar professor Bernadskiy bilan professor Kuzmin ekanligini ham bilib olgandi, so‘ng ularning qay biri yaqinroq, deb so‘rab, Kuzminning bu yerdan atigi bir hovli narida mo‘’jazgina oppoq uyda turishini bildi va suyunganidan boshi osmonga yetdi, ikki daqiqadan so‘ng u o‘sha uyga kirib bordi. Bu juda ko‘hna imorat bo‘lsa ham, xonalari shinamgina edi. Bufetchining esida: unga birinchi ro‘para kelgan odam kampir enaga bo‘ldi, u bufetchining shlyapasiga qo‘l uzatdi, ammo shlyapasi yo‘qligini ko‘rib tamshandi-da, qayoqqadir kirib ketdi.
Kampirning o‘rnida, ko‘zgu yonida, qandaydir ravoq ostida o‘rta yoshlardagi bir ayol paydo bo‘ldi va bufetchi savol berishga ulgurmay, faqat o‘n to‘qqizinchi chisloga yozilish mumkin, deb gapirdi. Bufetchi qanday chora ko‘rishni darrov fahmladi. U nursiz ko‘zlari bilan ravoq orqasiga mo‘ralab, u yerda — dahlizda navbat kutib o‘tirgan uchta odamni ko‘rib, pichirlab dedi:
— Dardim og‘ir — o‘lib qolaman…
Ayol bufetchining doka bilan bog‘lab tashlangan boshiga hayron bo‘lib qaradi-da, ikkilanib turib:
— Ha, mayli… — dedi va uni ravoq ichkarisiga o‘tkazib yubordi.
Xuddi shu mahal ro‘paradagi eshik ochilib, u yerda paydo bo‘lgan doktorning ko‘zidagi oltin pensne porladi, xalat kiygan ayol dedi:
— Grajdanlar, bu bemor navbatsiz kiradi. Bufetchi ko‘z ochib-yumguncha vaqt o‘tmay o‘zini professor Kuzminning kabinetida ko‘rdi. Bu sal cho‘zinchoq xonaning na biron qo‘rqinchli, na dabdabali va na tibbiyotga oid jihati bor edi.
— Sizga nima bo‘ldi? — deb so‘radi professor Kuzmin muloyim ovoz bilan va bufetchining doka bilan bog‘langan boshiga bir oz hayajon bilan boqdi.
— Ishonchli ma’lumotlarga qaraganda, — deb javob qildi bufetchi, devorga osilgan oynavand ramkadagi bir guruh odamlarning fotografiyasiga ko‘z qiri bilan qarash qilarkan, — kelasi yil fevralda jigar rakidan o‘larkanman. O‘tinaman, oldini oling.
Charm qoplangan kresloda o‘tirgan professor Kuzmin o‘zini uning baland suyanchig‘iga tashladi.
— Kechirasiz, gapingizga tushunmadim… siz vrach huzurida bo‘ldingizmi? Nega boshingiz bog‘langan?
— Qanaqa vrach?.. Uni o‘zingiz ko‘rganingizda edi!.. — deb birdan tishlari takillay boshladi. — Siz boshimga qaramang, kasalimga dahli yo‘q, sira. Siz boshimga tupuring, uni aloqasi yo‘q. O‘tinaman, jigar rakining oldini oling.
— Axir, kim aytdi o‘zi sizga buni?
— Unga ishoning, — deb astoydil iltimos qildi bufetchi, — u biladi.
— Hech nimaga tushunmayapman, — dedi professor yelkasipi qisib, kreslosini g‘ildiratib stoldan uzoqlasharkan. — Qachon o‘lishingizni qanday bilishi mumkin o‘sha odam? Buning ustiga, u vrach ham emas ekan!
— To‘rtinchi palatada o‘larmishman, — dedi bufetchi.
Shu gapdan keyin professor bu patsientning boshiga, ho‘l shimiga tikilibroq qaradi-da: «Bir kami shu edi! Jinni-ku!» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi va so‘radi:
— Araq ichasizmi?
— Hech qachon og‘zimga olmaganman, — deb javob qildi bufetchi. Yana bir daqiqadan keyin uni yechintirib, sovuq kleyonka yozilgan kushetkaga yotqizishdi, professor uning qornini ezg‘ilay boshladi. Shuni aytish kerakki, bufetchining ruhi endi ancha yengillashgan edi. Chunki professor hozir, xususan bugungi kunda bufetchida hech qanday rakdan asar yo‘qligini qat’iy ishonch bilan aytgan edi. Biroq gap shunday ekan… baski u qo‘rqayotgan, qandaydir lo‘ttiboz uni cho‘chitib qo‘ygan ekan, mayli, hamma analizlarni topshirsin… Professor bir iimalarni tirillatib yozarkan, ayni paytda, qayoqlarga borish, nimalar olib borishni tushuntirdi. Bundan tashqari, u bufetchiga asabingiz butunlay ishdan chiqqan deb tushuntirib, nevropatolog professor Burega ham xat yozib berdi.
— Qancha to‘lashim kerak, professor? — deb muloyim va titroq ovoz bilan so‘radi bufetchi qo‘ynidan do‘mpaygan hamyonini chiqararkan.
— Berganingiz, — cho‘rt kesib, quruqqina dedi professor.
Bufetchi o‘ttiz so‘m chiqarib stolga qo‘ydi, so‘ng qo‘lini xuddi mushuk panjasi singari o‘ynatib bir nechta jarangdor tangani o‘sha chervonlar ustiga ustma-ust taxlab qo‘ydi.
— Ie, bu nima? — dedi Kuzmin mo‘ylovini burab.
— Qo‘limni qaytarmang, grajdanin professor, — deb pichirladi bufetchi, — yolboraman — rakning oldini oling.
— Hoziroq qaytib oling oltiningizni, — dedi professor o‘z irodasi kuchidan faxrlanib, — undan ko‘ra asabingizni davolatsangiz bo‘lardi. Ertagayoq siydik topshiring analizga, choyni ko‘p ichmang, ovqatni mutlaqo tuzsiz yeng.
— Hatto sho‘rvaniyammi? — deb so‘radi bufetchi.
— Hamma ovqatingiz tuzsiz bo‘lsin, — deb buyurdi Kuzmin.
— Ehh!.. — dedi ma’yus xo‘rsinib bufetchi professorga mehr bilan tikilarkan, so‘ng oltinlarni kissasiga soldi-da, eshik tomon tisarila boshladi.
O‘sha oqshom professorga kelgan bemorlar kamchilik edi, endi qosh qoraya boshlaganda oxirgi patsient ham jo‘nab ketdi. Professor xalatini yecha turib, bufetchi uch chervon qoldirib ketgan yerga ko‘z tashladi, ammo u yerda hech qanaqa chervon yo‘q, balki «Abrau-Dyurso» shishasiga yopishtiriladigan uchta etiketka yotardi.
— Jin ursin, bu qanaqa maynavozchilik! — deb to‘ng‘illadi Kuzmin xalatining etagini polda sudrab borib, qog‘ozlarni ushlab ko‘rarkan, — u nafaqat jinni, yana qallob ham ekan-ku! Lekin tushuna olmayapman, nimaga keluvdi o‘zi u mening huzurimga? Nahotki siydik analizi uchun qog‘oz yozdirib olgani bo‘lsa? O! Palto o‘g‘irlagani kelgan! — Shundan keyin u xalatining bir yengini yechgancha dahlizga otildi, — Kseniya Nikitishna! — deb chinqirdi u ostonada turib, — qarang-chi, paltolar joyidamikin?
Hamma palto joyida ekan. Lekin professor axiyri yo‘l-yo‘lakay xalatni yechib stol oldiga yaqinlashdi-yu, birdan stol sathidan ko‘zini uzolmay, xuddi parket polga ildiz otganday tosh qotib turib qoldi. Haligina etiketkalar yotgan yerda sut quyilgan likopcha, likopcha yonida sho‘rpeshona bir qora mushukcha g‘aribona miyovlab turardi.
— Bu qanaqa bema’nigarchilik yana?! Axir bu… — professor gardanining muz bo‘lib qotib qolganini his qildi.
Uning zaif va ayanchli chinqirig‘ini eshitib yugurib kelgan Kseniya Nikitishna, mushuk bolani bironta patsient tashlab ketgan bo‘lishi kerak, professorlarnikida bunaqa hollar bo‘lib turadi, deb bir zumda uni tinchitdi.
— Muhtojlikda yashashsa kerak, — deb izohlardi Kseniya Nikitishna, — bizda esa, har nechuk, albatta…
Keyin, qaysi patsient tashlab ketdiykin, deb o‘ylay boshlashdi. O‘ylab-o‘ylab oshqozon yarasi bilan kelgan kampirda to‘xtashdi.
— Albatta, o‘sha, — derdi Kseniya Nikitishna, — u bunday o‘ylagan bo‘lishi kerak: men-ku baribir o‘laman, jonivor mushukchaga uvol bo‘ladi.
— Kechirasiz! — deb chinqirib yubordi Kuzmin, — sut-chi?! Sutniyam o‘sha kampir olib kelganmi? Likopchaga nima deysiz?