— Sutni u shishachada olib kelgan-da, shu yerda likopchaga quygan, — deb izohladi Kseniya Nikitishna.
— Nima bo‘lganda ham, olib chiqib keting mushukcha bilan likopchani, — dedi Kuzmin va o‘zi Kseniya Nikitishnani to eshikkacha kuzatib qo‘ydi… U orqasiga qaytganida vaziyat yana o‘zgargan edi.
Professor xalatini ilarkan, qulog‘iga hovlidan kimningdir xoxolab kulgani eshitildi, u derazadan qarab, dong qotib qoldi. Bir xonim ko‘ylakchan holda hovlini kesib ro‘paradagi kichik uyga chopib o‘tayotgan edi. Professor hatto u ayolning ismi-sharifini ham bilardi, — Mariya Aleksandrovna. Xoxolab kulayotgan esa bir bola edi.
— Nima bo‘ldi o‘zi? — dedi Kuzmin nafrat bilan. Shu mahal devor orqasida, qizining xonasida patefonda «Alliluyya» fokstroti chalina boshladi, ayni shu fokstrot chalinayotgan paytda professorning orqasida chumchuq chirqillagani eshitildi. U orqasiga o‘girilib, o‘z stoli ustida kattakon bir chumchuqning dik-dik sakrab yurganini ko‘rdi.
«Hm… og‘ir bo‘lishim kerak… — deb o‘yladi professor, — men derazadan nari ketganimda uchib kirgan bu chumchuq. Hammasi joyida», — deb ta’kidladi u o‘ziga o‘zi, garchi hech narsaning, asosan, manavi chumchuq tufayli, mutlaqo joyida emasligini his qilayotgan bo‘lsa ham. Professor chumchuqqa tikilib qararkan, uning oddiy chumchuqlardan emasligini darrov fahmladi. Bu yaramas chap panjasiga oqsoqlanar, mazax qilib oyog‘ini sudrab bosar, xullasi kalom — patefonda chalinayotgan fokstrotga xuddi peshtaxta oldida gandiraklab turgan mastga o‘xshab raqs tushardi. U har xil beadablik qilar, professor tomonga sullohona baqrayib qarardi. Kuzmin qo‘lini telefonga uzatdi, u o‘z kursdoshi Burega qo‘ng‘iroq qilib, oltmish yoshga kirgan odamning ko‘ziga bu qabildagi chumchuq ko‘rinsa, boz ustiga, birdan boshi aylana boshlasa — bu nimadan darak? — deb so‘ramoqchi edi.
Bu asnoda chumchuq sovg‘a qilingan siyohdonga qo‘nib, uni axlati bilan bulg‘adi (gapim chin), keyin uchib havoda bir oz muallaq turdi-da, o‘qdek uchib borib, universitetni 94-yilda bitirgan barcha talabalar suratini qoplagan oynani go‘yo po‘latdek tumshug‘i bilan cho‘qib, chil-chil sindirdi, shundan keyin derazadan «pir» etib uchib chiqib ketdi. Professor do‘sti Burega qo‘ng‘iroq qilish o‘rniga, zuluklar byurosining telefon nomerini terdi va o‘zining professor Kuzmii ekanligini aytib, darhol uning uyiga zuluk yuborishlarini iltimos qildi.
Professor trubkani ilib, yana o‘z stoli tomonga o‘girildi, o‘girildiyu chinqirib yubordi. Stol ortida boshiga hamshiralar durrasini o‘ragan va «Zuluklar» deb yozilgan sumka ushlagan bir ayol o‘tirardi. Professor uning og‘ziga tikilib dod solib yubordi. Chunki u og‘zi qiyshiq, qulog‘igacha yetgan, boz ustiga erkakcha og‘iz bo‘lib, unda bittagina so‘yloq tish bor edi. Hamshiraning ko‘zlari nursiz edi.
— Pullarni men yig‘ib olaman, — dedi hamshira do‘rillagan erkakcha ovoz bilan, — bekorga sochilib yotadimi. — U qushnikiga o‘xshagan panjasi bilan etiketkalarni sidirib olarkan; ayni paytda havoda erib, ko‘zdan yo‘qola boshladi.
Oradan ikki soat o‘tdi. Professor o‘z yotoqxonasida karavotda o‘tirarkan, ikki chakkasida, quloqlari orqasida va bo‘ynida zuluklar osilib yotardi. Kuzminning oyoq tomonida qavima shoyi ko‘rpa ustida oppoq mo‘ylovli professor Bure Kuzminga hamdardlik bilan tikilib o‘tirarkan, o‘zi ko‘zingga shunday ko‘ringan, hech ishonma, deb tasalli berardi do‘stiga. Tashqarida esa, endi qorong‘i tushgan edi.
Shu kecha Moskvada yana qanday g‘aroyibotlar ro‘y bergan — biz bilmaymiz, surishtirib ham o‘tirmaymiz, albatta, buning ustiga, ushbu haqqoniy qissamizning ikkinchi qismiga o‘tadigan payt ham yetib keldi. Men bilan yuring, kitobxon!
IKKINCHI QISM
O‘n to‘qqizinchi bob
MARGARITA
Men bilan yuring, kitobxon! Dunyoda chinakam, sadoqatli, boqiy muhabbat yo‘q, deb kim aytdi sizga? Shunday degan yolg‘onchining qabohatkash tili kesilsin!
Siz faqat men bilan yuring, kitobxon, men ko‘rsataman sizga o‘shanday pok muhabbatni!
Yo‘q! Usta kasalxonada Ivanushkaga achchiq qayg‘u bilan, u meni unutib yuborgan, deb aytganida yanglishgan edi. Bunday bo‘lishi aslo mumkin emas edi. U ayol ustani unutmagan edi, albatta.
Keling, birinchi navbatda, ustaning Ivanushkadan yashirgan sirini oshkor qilaylik. O‘shal mahbubaning ismi-sharifi Margarita Nikolaevna bo‘lib, ustaning bu ayol to‘g‘risida sho‘rpeshona shoirga aytgan hamma gaplari to‘g‘ri edi. Ha, u o‘z mahbubasini to‘g‘ri tasvirlagan edi. U juda go‘zal va aqlli ayol edi. Bu gapimizga ilova qilib yana shuni qat’iy ishonch bilan aytishimiz mumkinki, ko‘pchilik ayollar hayotda Margarita Nikolaevna bilan o‘rin almashish uchun hech nimalarini ayama-gan bo‘lar edilar. O‘ttiz yoshli befarzand Margarita juda yirik bir mutaxassisning, mutaxassis bo‘lganda ham davlat ahamiyatiga molik muhim kashfiyot egasining xotini edi. Eri yosh, chiroyli, oqko‘ngil, halol yigit bo‘lib, Margaritani sidqidildan sevar edi. Margarita Nikolaevna eri bilan ikkovi Arbat yaqinidagi tor ko‘chalardan birida bog‘ ichida joylashgan chiroyli imoratning yuqori qavatini butunicha egallashgan edi. G‘oyat xushmanzara joy! O‘shal boqqa borishni ixtiyor qilgan har bir odam gapimning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishi mumkin. Xohlovchi bo‘lsa, menga murojaat qilsin, unga adresni aytib, yo‘lni ham ko‘rsataman — u imorat haliyam bor.
Margarita Nikolaevna hech qachon puldan siqilmagan. U ko‘ngli tusagan hamma narsani sotib olishi mumkin edi. Erining tanishlari orasida ajoyib kishilar ham uchrardi. Margarita Nikolaevna hech qachon primusga yaqinlashmagan Margarita Nikolaevna umumiy kvartirada yashash mashaqqatlaridan mutlaqo bexabar. Qisqasi… u baxtiyormidi? Bir lahza ham! U o‘n to‘qqiz yoshida erga tegib shu uyda yashay boshlagandan beri baxt nimaligini bilmasdi. O xudolar, xudolar! Nima kerak edi o‘zi bu ayolga! Ko‘zlarida hamisha mavhum bir o‘t chaqnab turuvchi bu ayolga nima kerak edi? O‘shanda bahorda mimoza guli taqib olgan bir ko‘zi xiyolgina g‘ilay bu alvastiga nima kerak edi o‘zi?
Bilmayman. Menga ma’lum emas. Chamasi u rost gapirgan edi, ya’ni unga gotika uslubida qurilgan imorat ham, alohida bog‘ ham, pul ham emas, yolg‘iz usta kerak edi. Margarita rost gapirgan edi, u ustani sevar edi. Hattoki men — rostgo‘y qissanavis, garchi begona odam bo‘lsam ham, Margaritaning ertasi kuni ustanikiga kelib, uning uyda yo‘qligidan qanday iztirob chekkanini o‘ylasam, yuraklarim ezilib ketadi (yaxshiyamki, baxtiga tunda eri qaytib kelmagan va Margarita u bilan gaplashishga ulgurmagan edi).
U usta to‘g‘risida biron darak eshitish uchun qo‘lidan kelgan hamma harakatni qildi, lekin, turgan gapki, hech nima bila olmadi. Shundan keyin u o‘z uyiga qaytib, yana avvalgidek kun kechira boshladi.
— Ha, ha, ha, o‘xshash xato! — derdi Margarita qishda pechka oldida olovga tikilib o‘tirarkan, — nega axir o‘shanda, kechasi uni tashlab ketdim? Nega? Bu axir telbalik edi-ku! Men va’damga vafo qilib ertasi kuni bordim, lekin kechikkan edim. Ha, men ham xuddi baxtiqaro Leviy Matveyga o‘xshab ancha kechikib bordim!
Bu bema’ni gap edi, albatta, negaki, aslini olganda, agar u o‘sha kecha ustaning uyida qolganida ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmasdi!
Margarita uni qutqarib qola olarmidi? Qiziq deb aytishimiz mumkin, ammo biz mushkul ahvolga tushgan ayol oldida bunday qilmaymiz.
Margarita Nikolaevna butun qish shunday mashaqqatda yashab, axiyri bahorga chiqib oldi. Moskvada badkor sehrgar paydo bo‘lib, har turli bema’ni gavg‘olar ko‘tarilgan kuni, ya’ni Berliozning pochchasi Kievga qaytarib yuborilgan, buxgalterni qamoqqa olishgan va yana ko‘p tuturiqsiz mavhum voqealar sodir bo‘lgan o‘sha juma kuni choshgoh paytida Margarita imoratning minora ostiga, sirtga bo‘rtib chiqqan qismiga joylashgan o‘z yotoqxonasida uyqudan uyg‘ondi.