Margarita ko‘zini ochdi-yu, ammo bu safar doimiy odati bo‘yicha yig‘lamadi, chunki u nihoyat bugun bir kor-hol yuz berishini his qilib uyg‘ongan edi. Endi u ana shu hissiyotini faromush qilib qo‘ymaslik uchun uni papalab, ardoqlab kamol toptira boshladi.
— Men ishonaman! — deb pichirladi Margarita g‘urur bilan, — ishonaman! Biron nima yuz beradi! Yuz bermasligi mumkin emas axir, negaki, sirasini olganda, qaysi gunohim uchun umrbod azob chekishim kerak? To‘g‘ri, men yolg‘on gapirganimni, aldamchilik qilganimni, odamlardan yashirincha, xufiyona hayot ke-chirganimni bo‘ynimga olaman, lekin shu qilmishim uchun bunchalik og‘ir jazoga duchor bo‘lishim mumkin emas-ku. Albatta biron nima sodir bo‘ladi, chunki hech bir narsa mangu davom etmaydi, axir. Keyin, men bugun xosiyatli tush ko‘rdim, bunga aminman.
Margarita Nikolaevna quyosh shu’lasidan lolarang bo‘lgan darpardaga tikilib, uch tavaqali ko‘zgu oldida shosha-pisha kiyinib, jingalak kalta sochini tararkan shunday pichirlardi.
Margarita bugun haqiqatan ham juda alomat tush ko‘rgan edi. Gap shundaki, azobda o‘tgan butun qish mobaynida u hech qachon ustani tushida ko‘rmagan edi. Kechasiga usta uni tark etar, faqat kunduz kunlari Margarita uni o‘ylab iztirob chekardi. Bugun esa kutilmaganda tushiga kirdi u.
Margarita tanimaydigan joymish — erta bahor, osmonni bulut burkab olganligidan bu joy shumshuk va noxush ko‘rinarmish. Avzoi buzuq osmonda pag‘a-pag‘a bulutlar suzarmish va shu bulutlar ostida gala-gala qarg‘alar tovushsiz uchib yurarmish. Allaqanday qing‘ir ko‘prikmishu uning ostidan bahorgi loyqa suv oqarmish. Shu yerda yarimyalang‘och motamsaro, faqirona daraxtlar, yolg‘iz sho‘ppayib turgan tog‘terak, undan narida — qandaydir ekinzor etagida bir yog‘och uy — u oshxonami, hammommi, yo boshqa bir nimami noma’lum — daraxtlar orasidan ko‘rinib turganmish. Chor atrof o‘lik va shu qadar shumshukmishki, ko‘prikcha yonidagi tog‘terakka sirtmoq tashlab osilib o‘lgisi kelarmish Margaritaning. Na «qilt» etgan shabada esar, na bulutlar joyidan siljir, na biron tirik jon bor emish bu yerda. Tirik odam uchun jahannamning o‘zi emish!
Tasavvur qiling-a, shu mahal o‘sha yog‘och uyning eshigi ochilib, ostonada… usta paydo bo‘lganmish. Uy ancha yiroqda bo‘lsa ham, Margarita uni aniq ko‘rib turganmish. Ust-boshi to‘zib ketganidan, uning qanday libos ekanligini ham bilib bo‘lmasmish. Sochlari paxmaygan, soqol-mo‘ylovi o‘sib ketganmish. Ko‘zlari xasta va bezovtamish. U qo‘li bilan imlab Margaritani chaqirarmish. Shunda Margarita jonsiz havoda nafasi og‘ziga tiqilgancha, o‘nqir-cho‘nqir yerlardan uning istiqboli sari chopa boshlapti-yu, birdan uyg‘onib ketipti.
«Bu tushimning ta’biri faqat ikki ma’nodan birini bildirishi mumkin, — deb mulohaza qila boshladi o‘zicha Margarita Nikolaevna, — agar u o‘lgan bo‘lsayu meni imlab chaqirayotgan bo‘lsa, demak u meni olib ketgani kelganu yaqinda o‘laman. Shunday bo‘lsa judayam soz bo‘ladi, negaki azobdan qutulaman. Yo bo‘lmasa, u tirik, agar shunday bo‘lsa, unda u menga o‘zini eslatmoqchi! Demak, u biz yana diydor ko‘rishamiz, demoqchi. Ha, biz juda tez orada uchrashamiz».
Margarita o‘z mulohazasidan hamon sarxush holda, hammasi ko‘ngildagidek bo‘lyapti, bunday qulay fursatdan albatta foydalanib qolish kerak, deb uqtirardi o‘ziga-o‘zi. Eri uch kunga komandirovkaga jo‘nab ketgan edi. Shu uch kecha-kunduz mobaynida u o‘zi xon, ko‘lankasi maydon, nimani xohlasa, shuni o‘ylashi, ko‘ngli tusagan narsani orzu qilishi mumkin. Yuqori qavatdagi beshta xonaning hammasi, Moskvada o‘n minglab kishilarning havasini keltiruvchi bu kvartira butunicha uning ixtiyorida edi.
Biroq o‘zini uch kungacha erkin qush hisoblagan Margarita kelib-kelib bu muhtasham kvartiraning eng xilvat bir go‘shasini tanladi. U choy ichib bo‘lib, derazasi yo‘q qorong‘i hujraga kirdi, bu yerda chama-donlar va har xil eski-tuskilar tiqib tashlangan ik-kita katta shkaf turardi. U cho‘qqayib o‘tirib, birin-chi shkafning pastki g‘aladonini ochdi va u yerda yotgan shoyi qiyqimlari ostidan o‘zi uchun hayotida birdan-bir bebaho hisoblangan narsani qo‘liga oldi. Bu — jigar rang charm muqovali fotografiya albomi bo‘lib, uning ichida ustaning surati, o‘n ming so‘m omo-nati bo‘lgan omonat daftarchasi, xitoy qog‘ozi orasiga bostirib qo‘yilgan atirgul barglariyu mashinkada yozilgan va past tomoni kuygan bir toboqcha keladigan qo‘lyozma bor edi.
Margarita Nikolaevna shu boyligi bilan yotoqxonasiga qaytib, suratini uch tavaqali ko‘zgu oldiga qo‘ydi va olov yalagan qo‘lyozmani tizzasiga yoyib, boshi ham, oxiri ham yonib ketgan bu varaqlarni qayta-qayta o‘qib bir soatcha o‘tirdi: «…O‘rtaer dengizi yokdan bostirib kelgan zulmat prokuratorga manfur bo‘lgan shaharni burkab oldi. Jomeni dahshatli Antoniy minorasi bilan ulagan muallaq ko‘priklar g‘oyib bo‘ldi, osmondan tushgan quyuq siyo Hippodrom uzra qanot yozgan ma’budlarning haykallarini, Xasmoney qasrini va uning shinaklarini, bozorlarni, karvon-saroylarni, ko‘chalarni, hovuzlarni qamrab oldi… Azim shahar — Yershalaim go‘yo hech qachon dunyoda bo‘lmaganday ko‘zdan yo‘qoldi…»
Margarita asarning davomini o‘qishni istardi, lekin u yog‘ida qing‘ir-qiyshiq quyuq hoshiyalardan bo‘lak hech narsa yo‘q edi.
Margarita Nikolaevna ko‘z yoshlarini artib, qo‘lyozmani qo‘ydi, tirsaklarini ko‘zgu ostidagi stolchaga tiragancha, uzoq vaqt ko‘zini suratdan uzmay o‘tirdi. Nihoyat, ko‘z yoshlar tindi. Margarita o‘z boyligini yana avaylab taxtladi, bir necha daqiqadan keyin albom yana o‘sha joyiga, qiyqimlar ostiga ko‘mildiyu qorong‘i hujraning qulfi sharaqlab yopildi.
Margarita Nikolaevna sayrga otlanib, dahlizda palto kiyayotganida uy xodimasi go‘zal Natasha, tushlikning quyug‘iga nima pishiray, deb so‘radi sohibasidan, menga baribir, degan javobni olgach, yana bir oz vaqtichog‘lik qilgisi keldi shekilli, bekasi bilan chaqchaqlashish maqsadida olamjahon mish-mishlarni gapirib tashladi, shu jumladan dedi:
— Voy, kecha teatrda bir ko‘zboyloqchi shunaqangi nayranglar ko‘rsatibdiki, hammaning og‘zi lang ochilib qolibdi, hammaga ikki shishadan chet el atiri, yana paypoq beripti, tekinga keyin sehrgarlik seansi tugagach, odamlar ko‘chaga chiqishganda, bundoq qarashsa — hamma shir yalang‘ochmish!
Margarita Nikolaevna kula-kula, shu dahlizda turgan ko‘zgu stolchasiga o‘tirib qoldi.
— Natasha! Qo‘ying-e, — derdi u, — savodli, farosatli qiz bo‘lsangiz-u, ko‘cha-ko‘yda odamlardan eshitgan qayoqdagi yolg‘on-yashiq gaplarni takrorlasangiz-a!
Natasha cho‘g‘dek qizarib ketdi va jon-jahdi bilan e’tiroz bildira boshladi:
— Hech ham yolg‘on emas, bugun Arbatdagi gastronomda o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim: oyog‘iga tufli kiyib borgan bir ayol kassaga pul to‘lab turganida, birdan tuflisi g‘oyib bo‘lib, paypokda qoldi. Ko‘zlari baqraygan! Tovoni teshilgan. Keyin bilsak, o‘sha tufli teatrda berilgan sehrli tufli ekan.
— Paypoqchan ketaverdimi?
— Ketaverdi! — dedi Natasha, gaplariga bekasi ishonmayotganidan ko‘proq qizarib. — Aytganday, Margarita Nikolaevna, kecha kechasi militsiya yuztacha odamni ushlab olib ketipti. O‘sha sehrgarlik seansida bo‘lgan ayollar Tver ko‘chasidan bitta ichki ishtonda chopib ketishganmish.
— Albatta, buni sizga Darya gapirgan, — derdi Margarita Nikolaevna, — ko‘pdan beri payqab yuribman. U yolg‘onni suvday ichadi.
Bu alomat suhbat Natasha uchun kutilmagan sovg‘a bilan yakunlandi. Margarita Nikolaevna yotoqxonasiga kirib, u yerdan bir juft paypoq bilan bir shisha atir ko‘tarib chikdi. U Natashaga, men ham sizga fokus ko‘rsatmoqchiman, deb aytib, unga paypoq bilan atirni sovg‘a qildi va:
— Faqat bitta iltimosim shuki — ishqilib, Tver ko‘chasida paypoqchan chopib yurmang, keyin, Daryaning gaplariga ham quloq solmang, — dedi.