— Bundan chiqdi, tobut orqasidan adabiyot ahli borayotgan ekan-da? — deb so‘radi Margarita birdan tishlarini irshaytirib.
— Ha, bo‘lmasam-chi, o‘shalar!
— Siz ularni taniysizmi?
— Hammalarini, — deb javob qildi malla.
— Ayting-chi, — deb Margarita gap boshlagan edi, ovozi xirillab chiqdi, — ularning orasida tanqidchi Latunskiy yo‘qmi?
— Nega endi bo‘lmas ekan? — deb javob qildi malla, — ho‘v ana, to‘rtinchi qatorda, chekkada ketyapti.
— Anavi sariq sochmi? — so‘radi Margarita ko‘zlarini suzib tikilarkan.
— Kul rang soch… Qarang, ana, ko‘zini osmonga tikyapti.
— Paterga o‘xshaganmi?
— Ha, topdingiz!
Margarita Latunskiyga tikilib qoldi va boshqa hech gap so‘ramadi.
— Fahmimcha, siz, — dedi malla jilmayib. — Latunskiyni yomon ko‘radiganga o‘xshaysiz.
— Men yana ba’zi birovlarni yomon ko‘raman, — dedi Margarita tishlarini gijir qilib, — lekin bularni gapirib o‘tirishning qizig‘i yo‘q.
Bu payt dafn marosimi joyidan qo‘zg‘aldi, piyodalar orqasidan aksariyati bo‘sh avtomobillar karvoni tizilib borardi.
— Ha, albatta, nimasiyam qiziq buning, Margarita Nikolaevna!
Ajablangan Margarita yalt etib qaradi:
— Siz meni taniysizmi?
Malla odam javob berish o‘rniga boshidan kotelok-shlyapasini oldi va shu shlyapa ushlagan qo‘lini yonga cho‘zib ta’zim qildi.
«Basharasidan g‘irt qaroqchining o‘zi!» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Margarita hamsuhbatining yuziga tikilib qararkan.
— Men sizni tanimayman, — dedi Margarita quruqqina qilib.
— Axir qayoqdan tanirdingiz meni! Darvoqe, meni ish bilan yuborishgan edi huzuringizga.
Margaritaning rangi quv o‘chib, orqaga tashlandi.
— Gapni to‘g‘ri shunday boshlash kerak edi, — dedi u, — allaqanday kesilgan kalla haqida valdirab o‘tirmasdan! Siz meni qamoqqa olmoqchimisiz?
— Aslo, — dedi malla, — qiziq ekansiz-u: faqat qamoqqa olish uchun suhbatlashadimi odam degan? Sizda ishim bor, xolos.
— Tavba, qanaqa ishingiz bo‘lishi mumkin menda? Malla atrofga bir qarab olib, sirli ohangda dedi:
— Sizni bugun kechqurun mehmondorchilikka taklif qilishyapti, shuni aytgani keldim.
— Nima deyapsiz o‘zi, kim ekan o‘sha mehmondo‘st?
— Juda mashhur bir ajnabiy, — dedi malla ma’nodor qilib ko‘zlarini suzarkan.
Margarita judayam achchig‘lanib ketdi.
— Qo‘shmachilarning yangi toifasi — ko‘cha qo‘shmachisi paydo bo‘liptida endi, — dedi u ketmoqchi bo‘lib o‘rnidan turarkan.
— E, o‘rgildim bergan topshiriqlaridan! — dedi malla xafa bo‘lib va uzoqlab ketayotgan Margarita orqasidan to‘ng‘illadi: — Esi past xotin!
— Ablah! — deb javob qaytardi Margarita orqasiga o‘girilib va xuddi shu mahal mallaning ovozini eshitdi.
— O‘rta yer dengizi yoqdan bostirib kelgan zulmat prokurator yoqtirmaydigan shaharni burkab oldi. Jomeni Antoniy minorasi bilan ulagan muallaq ko‘priklar g‘oyib bo‘ldi. Azim shahar Yershalaim go‘yo hech qachon dunyoda bo‘lmaganday ko‘zdan yo‘qoddi… Siz ham daf bo‘ling o‘sha kuyuk daftaringizu qurigan atirgulingiz bilan birga! Shu skameykada sho‘ppayib o‘tirib, meni ozod et, erkin nafas olib, yashashimga imkon ber, xotiramdan faromush bo‘l, deb undan iltijo qilavering!
Rangi dokadek oqarib ketgan Margarita skameyka yoniga qaytib keldi. Malla unga ko‘zlarini suzib tikilib o‘tirardi.
— Hech narsaga tushunmayapman, — deb ohista gap boshladi Margarita Nikolaevna, — kuygan qo‘lyozmalar haqida-ku bir amallab bilib olishingiz mumkin… bir yo‘lini qilib uyimga kirgansizu ko‘rib qolgansiz… ehtimol, Natashani o‘zingizga og‘dirgandirsiz! Lekin dilimdagi fikrimni qanday bildingiz? — U qattiq iztirob chekayotganday aftini burishtirdi va ilova qildi: — Gapirsangizchi, kimsiz o‘zi? Qaysi tashkilotdansiz?
— Mana senga diqqatvozlik, — deb to‘ng‘illadi malla va balandroq ovoz bilan gapira boshladi: — afv etasiz, men sizga hech qanday tashkilotdan emasman deb aytdim boya! Iltimos, o‘tiring.
Margarita itoat etdi, lekin o‘tirayotib, baribir yana savol berdi:
— Kimsiz?
— Ha, yaxshi, ismim Azazello, lekin bu ismdan, baribir, hech nima bila olmaysiz..
— Qo‘lyozma to‘g‘risida, keyin mening dilimdagi gaplar haqida qanday darak topganingizni aytib berolmaysizmi?
— Aytmayman, — deb quruqqina javob qildi Azazello.
— Lekin uning to‘g‘risida biron nima bilsangiz kerak? — dedi Margarita yolvorgudek pichirlab.
— Hay, bilaman deylik.
— O‘tinaman, faqat ayting: u tirikmi? Qiynamang meni.
— Ha, tirik, tirik, — dedi Azazello istar-istamas.
— Yo xudo!
— Iltimos, hayajonlanmang, qichqirmang, — dedi o‘shshaygan Azazello.
— Kechiring, meni kechiring, — deb g‘o‘ldiradi Margarita endi itoatkorlik bilan, — ochig‘i, sizdan achchig‘landim. Axir, o‘zingiz o‘ylang. Notanish ayolni dabdurustdan ko‘chada mehmonga taklif qilish… Gapimga ishoning, men beparvo odamman, — Margarita ayanchli jilmayib qo‘ydi, — lekin hech qachon hech qanday xorijlik bilan uchrashmaganman, undaylar bilan uchrashishni ham hech xohlamayman… undap keyin, mening erim… Hamma balo shundaki, men o‘zim sevmagan odam bilan yashayman, lekin uning turmushini buzish, menimcha, insofsizlik bo‘ladi. Menga u hamisha faqat yaxshilik qilib kelyapti…
Azazello uning. poyma-poy gapini oshkora diqqinafaslik bilan tingladi va jahl bilan dedi:
— Bir zumgina tilingizni tiying. Margarita itoatkorlik bilan jim bo‘ldi.
— Men sizni mutlaqo bexavotir ajnabiyning quzuriga taklif qilyapman… Keyin, bu tashrifingizni bironta ham jonzot sezmaydi. Bunga kafolat berishim mumkin.
— Nimaga kerak bo‘libman unga? — deb so‘radi Margarita quvlik bilan.
— Buni borganingizda bilasiz.
— Tushunib turibman… Uning xohishini qondirishim kerak, — dedi Margarita o‘yga tolib.
Azazello kibr-havo bilan «hm» deb piching qildi-da, javob qaytardi:
— Sizni ishontirib aytamanki, jahondagi har bir ayol uchun bu eng yuksak orzu hisoblangan bo‘lardi, — u miyig‘ida kulib qo‘ydi, — lekin hafsalangizni pir qilaman, aytganingiz bo‘lmaydi.
— U qanaqa ajnabiy bo‘ldi?! — deb Margarita hayajonlanganidan shunday baralla gapirib yubordi-ki, skameyka yonidan o‘tib turgan odamlar u tomonga o‘grilib qarashdi, — uning huzuriga borishdan menga nima manfaat?
Azazello uning qulog‘iga engashib, ma’nodor pichirladi:
— Juda katta manfaat ko‘rasiz… Siz vaziyatdan foydalanib…
— Nima? — deb yubordi birdan Margarita ko‘zlarini katta-katta ochib, — agar gapingizga to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, u yerda men ustaning daragini eshitaman, shunga shama qilyapsizmi?
Azazello indamay bosh irg‘atdi.
— Boraman! — jahl bilan dedi Margarita Azazelloning qo‘lidan mahkam ushlab olib, — qayoqqa desangiz boraman!
Azazello «uff» deb yengil nafas oldi-da, skamey-kaga suyandi va kinoyaomuz gapira boshladi:
— Ayol zotiga tushunish qiyin! — U qo‘llarini cho‘ntaklariga tiqib, oyoqlarini imkoni boricha nariroqqa uzatvordi, — nega endi kelib-kelib menga topshirishdi bu ishni? Begemot bajarsa-ku yaxshiroq bo‘lardi, chunki u yoqimtoy xilqat…
Margarita ayanchli tarzda miyig‘ida kulib dedi:
— Bunaqa jumboqlaringiz bilan meni laqillatishni, qiynashni bas qiling… Men shundoq ham sho‘rpeshona odamman, siz shundan foydalanyapsiz. Allaqanday g‘alvani orttiryapman boshimga, lekin ont ichib aytamanki, faqat uni tilga olganingiz uchun borishga rozi bo‘lyapman! Boshim g‘ovlab ketdi bu dudmal gaplaringizdan…