— Faqat yig‘i bo‘lmasin, — dedi Azazello basharasini burishtirib, — siz ham mening ahvolimga tushuning-da. Chunonchi, administratorning tumshug‘iga tushirish, kimningdir pochchasini uydan quvib chiqarish, yo birontasini otib yaralash, yo bo‘lmasa, shularga o‘xshash bironta arzimas ishni bajarish mening asosiy kasbim, ammo maftun ayollar bilan suhbatlashish — salomatligingiz kerak. Bu qanaqasi, yarim soatdan beri sizga gap uqdirolmasam-a. Xo‘sh, borasizmi?
— Boraman, — dedi odmigina qilib Margarita Nikolaevna.
— Unday bo‘lsa, manavini oling, — deb Azazello cho‘ntagidan dumaloq oltin quticha chiqardi va uni Margaritaga uzatarkan, dedi: — Yashiring tezroq, odamlar qarayapti. Bu sizga asqotadi, Margarita Nikolaevna. Siz keyingi yarim yil ichida g‘am-hasratdan xiyla qarib qoldingiz. (Margarita cho‘g‘dek qizarib ketdi, lekin indamadi, Azazello gapida davom etdi).
Bugun kechqurun roppa-rosa soat to‘qqiz yarimda qip-yalang‘och bo‘lib shu malhamni yuzingizga va butun badaningizga surib chiqasiz. Keyin ko‘nglingiz xohlagan ishni qiling, faqat telefondan uzoqqa ketmang. Soat o‘nda sizga o‘zim qo‘ng‘iroq qilib, nima ish qilishingizni aytaman. Siz hech nimaning tashvishini qilmaysiz, sizni tayinlangan yerga eltib qo‘yishadi, hech qanday shikast ham yetkazishmaydi sizga. Tushundingizmi?
Margarita bir oz sukutga tolib, so‘ng javob qildi:
— Tushundim. Bu buyum sof oltindan ishlangan, zalvaridan ma’lum. Ha, mayli, bilib turibman, menga pora berib allaqanday shubhali ishga tortmoqchisizlaru buning oqibatida men bir baloga giriftor bo‘lsam kerak.
— Axir bu qanaqasi, — chiyilladi fig‘oni chiqqudek bo‘ldi Azazello, — yanami?
— Yo‘q, sabr qiling!
— Qaytib bering malhamni.
Margarita qutichani qo‘lida mahkam siqib, davom etdi:
— Yo‘q, shoshmang… Ne ishga jur’at qilganimni bilaman. Lekin men har qanday shartga ham o‘sha deb rozi bo‘lyapman, chunki mening dunyoda undan bo‘lak hech kimim yo‘q. Ammo sizga shuni aytib qo‘ymoqchimanki, agar meni nobud qiladigan bo‘lsangiz, uyatga qolasiz! Ha, o‘zingiz uyalib qolasiz! Muhabbat deb qurbon bo‘lyapman men! — shunday deb Margarita o‘z ko‘ksiga urib qo‘ydi va boshini ko‘tarib oftobga qaradi.
— Qaytib bering, — deb xirilladi Azazello xunob bo‘lib, — qaytib bering, jin ursin bunaqa topshiriqni! Begemotni yuborishsin-e.
— E, yo‘q! — derdi Margarita o‘tgan-ketganlarning diqqatini o‘ziga tortib. — Hammasiga roziman, badanimga malham surib mayna bo‘lishga ham, hatto jahannam qa’riga borishga ham roziman. Malhamni bermayman!
— Voajab! — deb birdan baqirib yubordi Azazello va bog‘ panjarasi tomon baqrayib qaragancha, barmog‘i bilan qayoqqadir ishora qila boshladi.
Margarita Azazello ko‘rsatgan tomonga qarab, diqqatga loyiq hech narsa ko‘rmadi. Shunda u tuturiqsiz «Voajab!» so‘ziga izoh so‘ramoqchi bo‘lib, Azazelloga o‘girildi, lekin Margarita Nikolaevnaning sirli suhbatdoshi g‘oyib bo‘lgan edi. Shunda Margarita shosha-pisha qo‘lini sumkachasiga tiqib, boyagi o‘zi chirqillagancha solib qo‘ygan oltin qutichani topdi-yu, ko‘ngli joyiga tushdi. So‘ng Margarita boshqa hech nimani o‘ylamay, Aleksandr bog‘idan shoshgancha chiqib ketdi.
Yigirmanchi bob
AZAZELLONING YOG‘UPASI
Oqshom. Beg‘ubor osmonga qalqqan to‘linoy zarang daraxti shoxlari orasidan mo‘ralardi. Jo‘ka va akas daraxtlari bog‘ sahnida g‘oyat murakkab naqshlar hosil qilgan. Binodan yarim doira shaklida bo‘rtib chiqqan sahnga joylashgan yotoqxonaning lang ochiq, ammo darparda bilan to‘silgan uch qavatli derazasi elektr shu’lasi bilan charog‘on yoritilgan. Margarita Nikolaevnaning yotoqxonasidagi barcha chiroqlar yoqib qo‘yilgan bo‘lganidan xonadagi tartibsizliklar yaqqol ko‘zga tashlanib turar edi. Karavotga yozilgan adyolda ko‘ylak, paypoq, ichki libos yoyilib yotar, yechib tashlangan, ichki kiyimlar esa oyoqostida, shoshqaloqlik bilan bexosdan bosib majaqlangan bir quti papiros yonida g‘ijimlanib yotardi. Tufli tungi stolcha ustida kofesi ichib bo‘linmagan chashka va papiros qoldig‘i tutab turgan kuldon yonida turardi, stul suyanchig‘iga kechki qora ko‘ylak ilib qo‘yilgan. Xona atir hidiga to‘lgan, bundan tashqari, qayoqdandir qizdirilgan dazmol hidi ham kirib kelayotgan edi bu xonaga.
Yalang‘och Margarita Nikolaevna cho‘milganda kiyadigan xalatini yelkasiga tashlab, oyog‘iga baxmal teridan tikilgan qora tufli kiyib toshoyna qarshisida o‘tirardi. Uning qarshisida Azazellodan olgani quticha soatli oltin bilaguzuk yonida yotar, Margarita soat milidan ko‘zini uzmasdi. Ba’zan unga soat buzilib qolgan-u, millari joyidan jilmayotganday tuyulardi. Lekin millar, garchi xuddi ilinib-ilinib qolayotgan-dek, juda imillab bo‘lsa ham yurib turgan edi, mana, nihoyat, soatning uzun mili to‘qqizdan yigirma to‘qqiz minut o‘tganini ko‘rsatdi. Margaritaning yuragi shu qadar qattiq tepa boshladiki, dastlabki paytda qutichani qo‘liga olishga ham majoli qolmadi.
Nihoyat u o‘zini tutib olib, axiri qutichani ochdi — unda sarg‘ishrang yog‘upa bor ekan. Undan balchiq hidi kelayotgandek tuyuldi. Margarita barmog‘ining uchi bilan yog‘upadan qittak olib, kaftiga surgan edi, balchiq hidi o‘rmon hidi bilan omixta bo‘lib dimog‘iga gupillab urildi, shundan so‘ng Margarita yog‘upani kafti bilan peshonasi va yonoqlariga sura boshladi. Yog‘upa osongina surilar va Margaritaning payqashicha, shu zahoti terisiga singib ketayotgan edi. Margarita yuziga yog‘upadan uch-to‘rt marta surgach, ko‘zguga qaradiyu birdan qo‘lidagi oltin qutichani tushirib yubordi. Quticha soatning shisha qopqog‘i ustiga tushib, uni xuddi o‘rgimchak uyasi shaklida darz qildi. Margarita ko‘zlarini chirt yumdi, keyin yana ko‘zguga tikildiyu birdan xandon tashlab kula boshladi.
Uning mo‘ychinakda terilib silliq qilingan ingichka qoshlari quyuqlashgan va ikkita timqora yoy bo‘lib, ko‘m-ko‘k ko‘zlari ustiga yotgan edi. O‘tgan yili oktyabrda, ya’ni usta g‘oyib bo‘lganida qansharida paydo bo‘lgan ingichkagina tik ajin tekislanib yo‘q bo‘ldi. Shuningdek, ikki chakkasida paydo bo‘lgan sarg‘ish dog‘ ham, ikki ko‘zining tashqi milklari oldida hosil bo‘la boshlagan ko‘z ilg‘amas ajinlar ham yo‘qoldi. Yonoqlari bir tekisda qizg‘ish rang kasb etdi, peshonasi oppoq va beg‘ubor bo‘ldi, sartaroshning mahorati bilan jingalak qilingan sochlari yoyilib ketdi.
O‘ttiz yoshli Margaritaning ro‘parasida endi, ko‘zguda timqora sochlari tug‘ma qo‘ng‘iroq bo‘lgan yigirma yoshlardagi juvon sadafdek oq tishlarini ko‘rsatib, qotib-qotib kulardi.
Margarita kula-kula charchagach, bir silkinib yelkasidan xalatni otib tashladi va nafis yog‘upaga besh panjasini botirib, uni butun badaniga qattiq-qattiq sura boshladi. Badani bir lahzada qizarib, qizib ketdi. Shunda Aleksandr bog‘idagi uchrashuvdan so‘ng ikki chakkasining, xuddi miyasiga igna qadab qo‘yilganday tinimsiz lo‘qillab og‘riyotgani birdan taqqa to‘xtab, oyoq-qo‘llarining mushaklari kuchga to‘ldi va Margarita o‘z jismining vaznsiz bo‘lganini sezdi.
U bir sakrab, gilam uzra havoda muallaq osilib qoldi, keyin ohista pastga tusha boshladi.
— O‘rgilay yog‘upadan! Qanday yaxshi-ya! — deb chinqirdi Margarita o‘zini kresloga «tappa» tashlarkan.
Yeg‘upa uning nainki tashqi qiyofasini o‘zgartirdi. Endi uning butun vujudida, badanining har bir hujayrasida shodlik qulf urardiki, buni u butun a’zoi badanida xuddi uvishganda hosil bo‘ladigan jimirlash kabi his qildi. Margarita o‘zini hamma narsadan forig‘ bo‘lganday erkin his qildi. Bundan tashqari, u ertalab ko‘ngliga kelgan narsaning sodir bo‘lganligini, endi u bu xonadonni va sobiq turmush tarzini butkul tark etajagini juda aniq tushundi. Lekin mana shu sobiq turmush tarzini tark etish oldidan, uni yuqoriga, samoga da’vat etmoqchi bo‘lgan qandaydir yangi, g‘ayrioddiy quvvatga itoat etish arafasida faqat bitta, eng oxirgi burchni bajarishi shartligi ko‘ngliga keldi-yu, shu qip-yalang‘och holicha havoga ucha-ucha erining kabinetiga otilib kirdi va chiroqni yoqib, yozuv stoli sari yugurdi. U bloknotdan bir varaq yirtib olib, unga qalam bilan yirik-yirik qilib bexato yozdi: