Выбрать главу

Yigirma birinchi bob

PARVOZ

Men ko‘rinmayapman, men erkin qushman! Men ko‘rinmayapman, men erkin qushman! Margarita o‘z ko‘chasi uzra uchib borib, uni kesib o‘tgan boshqa tor ko‘chaga chikdi. U kerosin va hasharotlarga qarshi suyuq dori bilan savdo qiluvchi, yerga cho‘kib qiyshayib qolgan neft do‘koni joylashgan bu yamoq-yasqoq, qing‘ir-qiyshiq uzun tor ko‘chadan ham bir zumda uchib o‘tdi va shundagina, garchi mutlaqo erkin va ko‘rinmas bo‘lsa ham, ehtiyot bo‘lish kerakligini fahmladi. U hoziroq muyulishdagi qiyshaygan fonus ustuniga urilib halok bo‘lishi mumkin edi, lekin cho‘tkani vaqtida to‘xtatib, bir o‘limdan qoldi. Margarita cho‘tkani mahkam changallab, ustunga chap berib o‘tdi va endi elektr simlari, trotuar uzra ko‘ndalang osilgan viveskalardan o‘zini ehtiyot qilib, sekinroq ucha boshladi.

Uchinchi tor ko‘cha to‘g‘ri Arbatga olib chiqar edi. Margarita ham cho‘tkani boshqarishni endi puxta o‘rganib olgan edi, cho‘tka uning izmiga yurib, qo‘l va oyog‘ining xiyolgina harakatiga itoat etardi. Margaritaning o‘zi ham shahar uzra uchayotganda ehtiyot bo‘lish, ko‘pam bevoshlik qilmaslik kerakligini tushungan edi. Bundan tashqari, boya ko‘chaga uchib chiqqanidayoq odamlarga ko‘rinmayotganini fahmlagan edi. Hech kim boshini ko‘tarib osmonga qaramas, «voy, anavini qaranglar!» — deb qichqirmas, o‘zini panaga olib qochmas, dod solmas, hushidan ketmas, telbayona xaxolamas edi.

Margarita taxminan ikkinchi qavat balandligida tovushsiz asta uchib borardi. Lekin shunda ham charog‘on Arbat ko‘chasiga chiqaverishda, xiyol yanglishib, qandaydir gardishsimon ko‘cha belgisiga kifti bilan urilib ketdi. Bu hol Margaritaning achchig‘ini chiqardi. U itoatkor cho‘tkani taqqa to‘xtatib, chetroqqa uchib bordi, so‘ng birdan o‘sha gardishga hamla qilib, cho‘tkaning uchi bilan uning oynasini chil-chil sindirdi. Oyna siniqlari pastga to‘kilib, odamlar o‘zlarini chetga olishdi, qaerdadir hushtak churilladi, ammo Margarita bu nokerak ishni bajarib bo‘lgach, qah-qah urib kuldi. «Arbatda juda ehtiyot bo‘lish kerak ekan, — deb o‘yladi u, — bu yerda hamma narsa shunaqayam ayqash-uyqash bo‘lib ketibdiki, pand yeb qolishim hech gapmas». U simlar orasidan sho‘ng‘ib uchib o‘tarkan, o‘z poyi ostida, pastda trolleybus, avtobus va yengil mashinalarning tomlarini ko‘rdi. Yo‘lkalarda esa yuqoridan qaragan Margarita xuddi kepkalar daryosi oqayotgandek tuyulardi. Bu daryolardan jilg‘alar ajralib chiqib, tungi magazinlarning olovli og‘ziga oqib kirardi. «Voy-bo‘, atala-ku! — deb o‘yladi Margarita achchig‘lanib, — qimir etishga imkoni yo‘q-a». U Arbatni kesib o‘tib, to‘rtinchi qavat balandligiga ko‘tarildi va muyulishdagi teatrning mash’aladek porlab turgan trubalari yonidan o‘tib, ikki tomonida baland-baland imoratlar qad ko‘targan juda tor bir ko‘chaga uchib kirdi. Bu yerdagi uylarning hamma derazalari lang ochiq bo‘lib, ularning hammasida radiodan muzika eshitilardi. Margaritaning sinchkovligi tutib, shu derazalardan biriga mo‘raladi. Oshxonaga ko‘zi tushdi. Plita ustida ikkita primus vag‘illab yonar, qo‘liga qoshiq ushlagan ikki ayol shang‘illab janjallashardi.

— Hojatxonaga kirib chiqqandan keyin chiroqni o‘chirish kerak. Men sizga aytsam, Pelageya Petrovna, — dedi bug‘ chiqib turgan kastryul yonida turgan ayol, — bo‘lmasam, ariza berib, sizni ko‘chirtirib yuboramiz!

— O‘zingizam qolishmaysiz, — deb javob qildi ikkinchi ayol.

— Ikkovingiz ham bir-biringizdan qolishmaysiz, — dedi Margarita jarangdor ovoz bilan, deraza orqali oshxonaga uchib kirarkan. Janjallashayotgan ikki ayol tovush kelgan tomonga o‘girilishdi-yu, qo‘llarida yuviqsiz qoshiq bilan serrayib qolishdi. Margarita ohista qo‘l cho‘zib, ikkala primusning qulog‘ini burab, o‘tini o‘chirdi. Ayollar «voy» deb yuborib, og‘izlari ochilgancha angrayib qolishdi. Lekin endi oshxona Margaritaning joniga tekkan edi, shu bois u yana tor ko‘chaga uchib chiqib ketdi.

Ko‘cha boshidagi (chamasi endigina qurilib bitgan) sakkiz qavatli muhtasham bino Margaritaning diqqatini tortdi. U pastlab borib yerga qo‘ndi va imoratning old tomoni qora marmar bilan qoplanganini, uning oynavand keng eshigi ichkarisida oltin hoshiyali furajka kiygan, tugmalari yaltiroq darbon turganini, eshik tepasiga esa oltin harflar bilan: «Dramadab Uyi», deb yozilganini ko‘rdi.

Margarita, bu «Dramadab» degani nima ekan, deb o‘ylab, ko‘zlarini suzgancha yozuvga tikilib qoldi. So‘ng cho‘tkani qo‘ltig‘iga qistirib, eshikni ochib ichkari kirarkan, bu raftori bilan darbonning og‘zini ochirib qo‘ydi, ichkarida ko‘zi lift yonida devorga osilgan kattakon qora taxtaga tushdi. Bu taxtaga kvartiralarning nomerlari va ularda yashovchilarning familiyalari oq harflar bilan yozilgan edi. Bu ro‘yxatning eng teppasiga yozilgan: «Dramaturg va adabiyotchilar Uyi» degan yozuvni ko‘rgan Margarita bo‘g‘iq ovoz bilan vahshiyona qiyqirib yubordi. U havoga ko‘tarilib, ro‘yxatdagi familiyalarni diqqat bilan o‘qiy boshladi: Xustov, Dvubratskiy, Kvant, Beskudnikov, Latunskiy…

— Latunskiy! — deb chinqirib yubordi Margarita. — Latunskiy! Ie, bu o‘sha-ku! Ustani nobud qilgan shu edi-ku.

Eshik oldida turgan darbon taajjubdan bir sakrab tushib, ko‘zlarini baqraytirgancha qora taxtaga tikilib qoldi, u kutilmagan mo‘’jizani: qanday qilib odamlar ro‘yxati dabdurustdan chiyillab gapirganini tushunolmay garang edi. Margarita esa bu payt zinadan yuqoriga g‘izillab chiqib borarkan, zavq-shavq bilan takrorlardi:

— Latunskiy — sakson to‘rt! Latunskiy — sakson to‘rt… Mana, chapda — 82, o‘ngda — 83, yana bir qavat balandda, chapda — 84. Shu yerda u. Mana yozuv — «O. La-tunskiy».

Margarita cho‘tkadan tushdi, uning qizib ketgan tovonlari muzdak toshtaxta terilgan maydonchaga tegib huzur qildi. U bir marta, keyin yana bir marta qo‘ng‘iroq qildi. Ammo hech kim eshikni ochmadi. Margarita qo‘ng‘iroq tugmasini yanayam qattiqroq bosgan edi, kvartirani boshga ko‘tarib jiringlagan qo‘ng‘iroq ovozini o‘zi ham eshitdi. Ha, MASSOLIT raisining tramvay tagida qolib o‘lgani va motam majlisining aynan shu bugun oqshomga belgilangani uchun sakkizinchi qavatdagi 84-kvartiraning egasi to o‘la-o‘lguncha marhum Berliozdan minnatdor bo‘lishi kerak. Tanqidchi Latunskiyning omadi bor ekan. Shu omad uni mazkur juma kuni jodugarga aylangan Margarita bilan uchrashishdan qutqarib qoldi!

Eshikni hech kim ochmadi. Shunda Margarita, yo‘l-yo‘lakay qavatlarni sanab o‘qdek pastga tushdi-da, ko‘chaga yugurib chiqdi va tepaga qarab qavatlarni sanarkan, Latunskiyning derazalarini taxminlab topdi. Binoning burchagida sakkizinchi qavatdagi beshta qorong‘i deraza, shubhasiz, o‘shaning kvartirasi edi. Margarita shu taxmini bilan havoga ko‘tarildi va bir necha soniyadan keyin ochiq derazadan qorong‘i xonaga kirdi, bu yerda oyning ingichkagina kumush yog‘dusi tushib turardi. Margarita shu yog‘du yo‘lakdan chopib borib, vklyuchatelni paypaslab topdi. Yana bir daqiqadan keyin butun kvartira yoritilgan edi. Cho‘tka bir burchakda turardi. Margarita uyda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, zinaga chiqadigan eshikni ochib, undagi yozuvni tekshirdi. Yozuv o‘sha edi, demak, Margarita o‘zi ko‘zlagan kvartiraga kirgan edi.

Ha, aytishlaricha, tanqidchi Latunskiy hanuzgacha bu mudhish oqshomni eslasa rangi quv o‘chib ketarmish, hanuzgacha Berliozning nomini izzat-ikrom bilan eslarmish. Agar u uyida bo‘lganida, bu oqshomning qanday mash’um va razil jinoyat bilan yakunlanishi mutlaqo mavhum bo‘lib qoldi. Margarita oshxonadan salmoqli bolg‘acha ko‘tarib chiqqan edi.

Yalang‘och va ko‘rinmas jodugar o‘ziga taskin, tasalli berishga urinardi, qo‘llari betoqat titrardi. U yaxshilab mo‘ljalga olib turib, royal klavishlariga bolg‘a urdi, royalning ayanchli nolasi butun kvartirani bosib ketdi. Uning klavishlari o‘prilib, sirlari ko‘chib, har tomonga sachray boshladi. Royal guldurar, ingrar, xirillar, jaranglardi. Uning sirlangan qopqog‘i xuddi to‘pponcha otilgandek «qars» etib yorildi. Margarita og‘ir hansirab, royalning torlarini bolg‘acha bilan qayirar, uzar edi. Nihoyat, u juda charchab, bir oz nafasini rostlab olish uchun o‘zini kresloga otdi.