Vannaxonada ham, oshxonada ham suv mudhishona sharillab oqar edi. «Suv toshib polga tusha boshladi chog‘i» deb ko‘nglidan o‘tkazdi Margarita, so‘ng ovoz chiqarib ilova qildi:
— Lekin ko‘pam o‘tiraverish kerakmas.
Suv oshxonadan yo‘lakka oqib chiqa boshlagan edi. Margarita yalangoyoq shalop-shalop suv kechib, oshxonadan tanqidchining kabinetiga chelaklarda suv olib kirdi va uni yozuv stolining g‘aladonlariga quydi. Keyin shu kabinetda turgan shkafning eshigini oolg‘acha bilan urib buzdi-da, yotoqxonaga otildi. U yerda kattakon ko‘zgu o‘rnatilgan shkafni buzib, tanqidchining osig‘liq turgan kostyumini oldi va olib borib vannadagi suvga bo‘ktirdi. Kabinetdan olib olgan siyohdonni yotoqxonaga olib kirib, siyohni ikki kishilik karavotdagi momiq o‘rin-ko‘rpa ustiga to‘kdi. Garchi Margarita o‘zining bu vayrongarlik faoliyatidan benihoyat huzur qilayotgan bo‘lsa ham ayni paytda bu faoliyatning samarasi unga hamon zig‘irdakkina bo‘lib tuyulardi. Shuning uchun endi u ko‘zi tushgan qamma narsani chilparchin qila boshladi. U fikus o‘rnatilgan gultuvakni sindirdi. Bu ishini chala qoldirib, yotoqxonaga kirdi va oshxonadan olib olgan kattakon pichoq bilan choyshabni tildi, fotosurat urnatilgan oynavandli chorcho‘plarni urib sindirdi. U charchashni bilmas, ayni chog‘da butun badanidan duv-duv ter oqardi.
Bu payt Latunskiy kvartirasi ostidagi 82-kvartirada dramaturg Kvantning uy xodimasi oshxonada choy ichib o‘girarkan, yuqori qavatdan eshitilayotgan gapir-tupur yugurishlar, allanimalarning taraqlagani, chil-chil singanini eshitib hayron bo‘lib qoldi. U boshini ko‘tarib, shiftga qaradi, qaradiyu shiftning birdan qandaydir o‘limtik rangda ko‘kara boshlaganini ko‘rdi. Bu dog‘ xodimaning ko‘zi oldida tez kattalasha boshladi va birdan tomchilar paydo bo‘ldi. Xodima bu hodisaga ikki daqiqacha tikilib o‘tirdi, nihoyat, shiftdan haqiqiy yomg‘ir yog‘a boshladi. Shundagina u gapchib turib ketib, suv tushayotgan yerga, polga tog‘ora qo‘ydi, ammo bu zig‘ircha ham yordam bermadi, chunki shiftdagi ho‘l dog‘ tobora kengayib, endi yomg‘ir gaz ilitasiga ham, idish-tovoqlar uyulgan stol ustiga ham oqa boshlagan edi. Shunda Kvantning uy xodimasi chinqirib yuborib, zina boshiga otilib chiqdi, Latunskiyning kvartirasidagi qo‘ng‘iroq to‘xtovsiz jiringlay boshladi.
— Mana, qo‘ng‘iroq boshlandi, endi ketsayam bo‘ladi, — dedi Margarita. U cho‘tkaga minarkan, eshik girqishidan kelayotgan ayol kishining ovoziga quloq soldi:
— Ochinglar! Ochinglar! Dusya, och eshikni! Sizlarnikidan oqyaptimi suv? Biznikini suv bosdi.
Margarita bir metrcha yuqoriga ko‘tarilib, bolg‘acha bilan qandilga bir urgan edi, ikkita lampochka portlab, shokilalar har tomon sochilib ketdi. Eshik tirqishidan eshitilayotgan chinqiriq tindi, zinadan chopib gushayotgan oyoq tovushlari eshitildi. Margarita derazadan uchib chiqib, uning oynasiga tashqari tomondan bolg‘acha bilan sekingina urdi. Oyna «chirs» etib sindiyu bo‘laklari uy sirtini qoplagan marmar plitalarga urila-urila pastga sochilib tusha boshladi. Margarita ikkinchi deraza oldiga uchib o‘tdi. Bu payt juda pastda, yo‘lkada odamlar zir yugura boshlashdi, uy oldida turgan ikki mashinadan biri motorini gurillatib jo‘nab qoldi. Margarita Latunskiyning derazalarini «saranjom» qilib bo‘lib, qo‘shni kvartiraning derazalari oldiga suzib bordi. Oynalarning chil-chil sinishi tobora jadallashdi, taraqlagan, jaranglagan ovozlar butun ko‘chani bosib ketdi. Uyning birinchi yo‘lagidan darbon yugurib chiqib tepaga qaradi, qanday chora ko‘rishga darrov aqli yetmadi shekilli, bir oz taraddudlanib qoldi, so‘ng og‘ziga hushtak olib jon-jaxdi bilan churillata boshladi. Margarita shu hushtak sadosi ostida sakkizinchi qavatdagi oxirgi deraza oynasini maroq bilan sindirdi-da, yettinchi qavatga tushib, bu qavatning ham oynalarini bir chekkadan sindira ketdi.
Bugun uyni vahima bosdi. Oynasi hali sinmagan derazalar lang ochilib, ularda odamlarning boshlari ko‘rinar va shu zahoti yana g‘oyib bo‘lardi, ochiq derazalar esa, aksincha, yopilardi. Ko‘chaning narigi yuzidagi uylarning yorug‘ derazalarida, Dramadab binosining derazalari nega o‘zidan-o‘zi sinayotganini bilishga urinib bezovta bo‘layotgan odamlarning qora ko‘lankalari ko‘rinardi.
Tor ko‘chadan Dramadab uyi tomon xalq chopib kelardi, uy ichida esa gangib qolgan odamlar zina va yo‘lkalarda sababsiz, maqsadsiz zir yugurishardi. Kvantning uy xodimasi zinadan chopib tushayotgan odamlarga, uyimizni suv bosdi, deb baqirardi, bir lahzadan keyin unga, Kvantning tagida, 80-kvartirada turuvchi Xustovning uy xodimasi jo‘r bo‘ldi. Chunki Xustovlarning oshxonasi bilan hojatxonasi shiftidan ham sharillab chakka o‘ta boshlagan edi. Nihoyat, Kvantlar oshxonasida shiftning suvog‘i palaxsa bo‘lib ko‘chib tushib, stolga uyilgan yuviqsiz idishlarning hammasini chil-chil sindirdi, shundan keyin suvoq orasiga katak-katak qilib terilgan, jiqqa ho‘l taxta toqilar orasidan suv seldek sharillab oqa boshladi. Endi birinchi pod’ezd zinasidan odamlarning dod-faryodi eshitildi. Margarita to‘rtinchi qavatdagi so‘nggi ikki deraza oldidan uchib o‘ta turib, ichkariga qaradi va shosha-pisha protivogaz kiyayotgan bir odamni ko‘rdi. Margarita deraza oynasini urib sindirib, u odamni qo‘rqitib yubordi, u xonadan qochib chiqib ketdi.
Shu chog‘ kutilmaganda shafqatsiz vayrongarlik taqqa to‘xtadi. Margarita uchinchi qavatga suzib tushib, nafis qora parda tutilgan eng chekka derazadan ichkariga mo‘raladi. Xonani qalpoqcha kiydirilgap bitta chiroq g‘ira-shira yoritib turardi. Ikki yoniga to‘r tutilgan kichkina bir karavotchada to‘rt yoshlar cha-masidagi bola shovqinga quloq solib qo‘rqib o‘tirardi. Xonada kattalardan hech kim yo‘q edi. Chamasi, hamma tashqariga yugurib chiqib ketgan bo‘lsa kerak.
— Oyna sindirishyapti! — dedi bola va: — Oyi! — deb chaqirdi.
Hech kim javob bermadi, shunda u:
— Oyi, qo‘rqaman, — dedi.
Margarita pardani chetga surib derazadan uchib kirdi.
— Qo‘rqaman, — deb takrorladi bola va dag‘-dag‘ titray boshladi.
— Qo‘rqma, hech qo‘rqma, oblakay, — dedi Margarita shamol tegib xirillab qolgan ovozini mayinroq qilishga urinib. — Oyna sindirgan sho‘x bolalar edi.
— Rogatka otishdimi? — deb so‘radi bola qaltirashdan to‘xtab.
— Ha, rogatka otishdi, rogatka, — deb tasdiqladi Margarita, — sen yotib uxla!
— Sitnik otgan, — dedi bola, — o‘shanda rogatka bor.
— Ha, to‘g‘ri, o‘sha otdi!
Bola quvlik bilan bir chetga qaradi-da, so‘radi:
— Siz qaerdasiz, xola?
— Men yo‘qman, — deb javob qildi Margarita. — Tushingga kiryapman.
— O‘zimam shunaqa deb o‘ylovdim, — dedi bola.
— Sen yuzingni kaftingga qo‘yib yot, — deb buyurdi Margarita, — men sening tushingga kiraman.
— Ha, mayli, tushimga kira qoling, — deb rozi bo‘ldi bola va shu zahoti yuzini kaftiga qo‘yib yotdi.
— Senga ertak aytib beraman, — dedi Margarita va qaynoq qo‘lini bolaning sochi olingan boshiga qo‘ydi, — bor ekan, yo‘q ekan, dunyoda bir xola bor ekan. U befarzand, yana, umuman bebaxt ham ekan. Mana shu xola nuqul yig‘layverib-yig‘layverib, oxiri badjahl jodugarga aylanipti… — Margarita jim bo‘lib, qo‘lini bolaning boshidan oldi — u uxlab qolgan edi.
Margarita bolg‘achani astagina deraza tokchasiga qo‘yib, o‘zi tashqariga uchib chiqdi. Uy oddi to‘s-to‘polon edi. Oyna siniqlariga ko‘milib ketgan asfalt yo‘lkada odamlar bir nimalarni baqirishib, zir yugurishardi. Ular orasida endi militsionerlar ham paydo bo‘lgan edi. Birdan qo‘ng‘iroq bong chaldi va ustida narvoni bor o‘t o‘chiruvchi qizil mashina Arbatdan tor ko‘chaga burilib kirib keldi.