Bundan keyingi voqealar endi Margaritani qiziqtirmas edi. U bironta simga tegib ketmaslik uchun eng avval qay tomonga uchishini ko‘zlab oldi-da, cho‘tka dastasini mahkamroq siqqan edi, bir zumda bu mash’um uydan ancha balandlab ketdi. Tor ko‘cha uning poyida bir tomonga og‘ib, keyin butkul pastlikka tushib ketdi. Endi shu bitta ko‘cha o‘rnida Margaritaning oyog‘i ostida g‘ij-g‘ij tomlar paydo bo‘ldi — ularni har yer-har yeridan charog‘on yo‘llar chor burchak qilib kesib o‘tgan edi. Bularning bari to‘satdan bir tomonga suzib ketdi, chiroqlar zanjiri surkalib, bir-biriga qorishib ketdi.
Margarita yana bir siltanib oddinga otilgan edi, boyagi tomlar yer qa’riga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar, endi ularning o‘rnida pastda elektr chiroqlaridan vujudga kelgan miltillovchi ko‘l paydo bo‘ldi va bu ko‘l birdan yoni bilan tikka turdi, so‘ng Margaritaning tepasiga chiqib oldi, oy esa uning oyog‘i ostida porlay boshladi. Margarita o‘zining chalqancha uchayotganini angladi va yana asl holatiga tushib, o‘grilib qaragan edi, chiroqlar ko‘lining ham endi g‘oyib bo‘lganini, orqada ufqda faqat pushti rang shafaqqina qolganini ko‘rdi. Bir lahzadan so‘ng bu shafaq ham yo‘qoldi, shunda Margarita o‘zidan balandda, chap tomonida suzayotgan oydan bo‘lak hamrohi yo‘qligini ko‘rdi. Uning sochlari allaqachon hurpaygan, oy esa badanini «uv» tortib o‘z nuriga cho‘miltirardi. Margarita pastda ikki qator bo‘lib tizilgan siyrak chiroqlarning ikkita o‘tli chiziqqa aylangani va zum o‘tmay orqada qolib ko‘zdan g‘oyib bo‘lganini ko‘rib, o‘zining hayratona tez uchib ketayotganini fahmladi-yu, ammo hech nafasi qaytmaganidan hayron bo‘ldi.
Oradan yana bir necha soniya o‘tishi bilan juda uzoqda, pastda, yer sathida elektr shu’lalaridan vujudga kelgan yangi ko‘l porladi, lekin u shu lahzadayoq chirpirak bo‘lib aylanib, yer qa’rida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yana bir necha soniya o‘tishi bilan — yana boyagi manzara takrorlandi.
— Shaharlar! Shaharlar! — deb chinqirib yubordi Margarita.
Shundan keyin ham u o‘z oyog‘i ostida ochiq qora g‘ilofda yotgan qandaydir shamshirlarning ikki-uch marta g‘ira-shira tovlanganini va ularning daryo ekanligini fahmladi.
Parvozdagi ayol boshini yuqoriga, chap tomonga o‘girib, oyning nihoyatda shiddat bilan orqaga, Moskva tomon suzayotganini va ayni paytda, ajabtovur qilt etmay turganini ko‘rdiki, bu oy yuzidagi o‘tkir tumshug‘i tark etilgan shahar yoqqa qaragan ajdar yo bukri toychoqni eslatuvchi mavhum qora dog‘ ko‘zga yaqqol tashlanib turardi.
Shu mahal Margarita, nazarimda, cho‘tkani bekorga bunchalik shitob bilan uchiryapman, bunaqa tezlikda tevarak-atrofni tuzukroq kuzata olmayman ham, parvozdan lazzatlana olmayman ham, deb ko‘nglidan o‘tkazdi…
Margarita cho‘tkaning bosh tomonini oldinga itargan edi, uning dastasi — dumi yuqori ko‘tarildi, shunda u uchishni sekinlatib, yer sari pastlay boshladi. Mana shu, xuddi samoviy chanada uchganday pastga sirpanib tushish unga eng zo‘r huzur bag‘ishladi. Yer Margarita sari ko‘tarilib kelarkan, uning shu paytgacha mavhum bo‘lgan qop-qora sathidagi sirli jihatlari ochilib, jamiki jozibalari oydin tunda yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Yer Margaritaga yaqinlashib kelar va uning dimog‘iga endigina yashil libos kiya boshlagan o‘rmonlar hidi ufurayotgan edi. Margarita shudringli o‘tloqni burkagan tuman ustidan, so‘ng bir ko‘l uzra suzib o‘tdi. Margaritaning oyog‘i ostida qurbaqalar baralla qurillashar, qaerdadir, juda olisda poezd negadir yurakni hayajonga solib pishillab borardi. Margarita ko‘p o‘tmay o‘sha poezdni ham ko‘rdi.
U havoga uchqunlar sachratib, xuddi pilla qurti kabi imillab ketib borardi. Margarita undan o‘zib ketib yana bir ko‘l ustidan uchib o‘tdi (bu ko‘l sathida yana bitta oy porlab turardi), yana ham pastlab, azim qarag‘aylarning uchlariga oyoqlari tegay-tegay deb ucha boshladi.
Shu payt orqadan havoni tarillatib yirtayotganday mudhish shovqin eshitiddi, bu shovqin Margaritaga tobora yaqinlab kela boshladi. Xuddi uchib kelayotgan zambarak o‘qini eslatuvchi bu shovqinga ayol kishining ancha chaqirimga eshitiluvchi qahqahasi asta-sekin omixta bo‘la boshladi. Shunda Margarita orqasiga o‘grilib, mavhum bir qora qorishmani ko‘rdi. Bu qorishma ancha yaqinlashib kelganida uning bir nimaga minib olgan odam ekanligi ayon bo‘ldi. Yana bir ozdan keyin u odamning kimligi ham ma’lum bo‘ldi. Bu — Natasha edi. U Margaritaga yetib olib, tezlikni kamaytirdi.
Sochlari shamolda to‘zib ketgan qip-yalang‘och Natasha bir semiz to‘ng‘izga miiib olgan edi, to‘ng‘iz oldingi tuyoqlariga portfel ushlab olgan, orqa tuyoqlari bilan jon holatda tinmay tepinardi. Uning ko‘zidan tushib, ipiga ilinib qolgan pensnesi ahyon-ahyonda oy shu’lasida yaraqlab qo‘yar, shlyapasi esa hadeb ko‘ziga tushib ketaverardi. Margarita to‘ng‘izga tikilibroq qarab, uni tanidi, bu — Nikolay Ivanovich edi. Ana shunda Margaritaning qahqahasi o‘rmon uzra yangrab, Natashaning xandasiga qorishib ketdi.
— Natashka! — deb chinqirdi Margarita, — yog‘upa surdingmi sen ham?
— Aylanib ketay sizdan! — deb javob qildi Natasha o‘z hayqirig‘i bilan mudroqdagi qarag‘ayzorni uyg‘otib, — o mening frantsuz qirolicham, men manavining ham kal boshiga surgan edim yog‘upadan!
— Malikam! — deb bo‘kirdi to‘ng‘iz yig‘loqi ovoz bilan ustiga mingan suvori ayolni shataloq otib uchirib borarkan.
— Tasadduq! Margarita Nikolaevna! — deb chinqirardi Natasha o‘z bekasi bilan yonma-yon uchib borarkan, — rost, yog‘upangizni oldim. Axir bizam odammiz — yashashni, uchishni xohlaymiz! Meni kechiring, malikam, endi men qaytmayman, o‘lsam ham qaytmayman! Voy, qanday yaxshi-ya, Margarita Nikolaevna! Menga uylanmoqchi, — dedi Natasha xijil bo‘lib xishillab borayotgan to‘ng‘izning gardaniga barmog‘i bilan niqtab, — uylanmoqchi! Meni nima deb chaqirding, a? — deb chinqirdi u to‘ng‘izning qulog‘iga? engashib.
— Ma’buda, — deb xurilladi to‘ng‘iz, — men bunday tez ucha olmayman! Muhim qog‘ozlar sochilib ketishi mumkin. Natalya Prokofevna, men norozilik bildiraman.
— E, jin ursin seni, qog‘oz-pog‘ozlaring bilan birga! — deb chiyilladi Natasha gustohona xaxolab.
— Sekinroq, Natalya Prokofevna! Axir birov eshitib qolishi mumkin-ku! — deb baqirdi to‘ng‘iz yolvorib.
Natasha Margarita bilan yonma-yon uchib borarkan, bekasi uchib ketganidan keyin uning uyida nimalar bo‘lganini kula-kula gapirib berdi.
Natasha, sovg‘a qilingan buyumlarning birontasiga ham boshqa qo‘l urmay, darhol kiyimlarini yechib taxlabdiyu, yog‘upaga otilipti, so‘ng uni apil-tapil badaniga sura boshlapti. Qarasa, bekasida yuz bergan o‘zgarish unda ham sodir bo‘lipti. Natasha suyunganidan xandon tashlab kulib, o‘zining ko‘zguda aks etgan mo‘’jizakor go‘zalligidan sarmast bo‘lib turganida, eshik ochilib, ostonada Nikolay Ivanovich paydo bo‘lipti. U Margarita Nikolaevnaning ko‘ylagini va o‘zining shlyapasi bilan portfelini qo‘lida ushlagancha qattiq hayajonlanib turganmish. Uning ko‘zi Natashaga tushiptiyu esi og‘ib qolipti. So‘ng bir oz hushini yig‘ib olib, cho‘g‘dek qizargancha, g‘o‘ldirapti:
— Shu ko‘ylakni yerdan ko‘tarib, shaxsan olib chiqishni o‘z burchim deb bildim.
— Boya nima deb aytding, yaramas, a? — deb chiyillar va xandon tashlab kulardi Natasha. — Nimalar deding, nima deb yo‘ldan urding meni! Jaraq-jaraq pul va’da qilding. Klavdiya Petrovna bilmaydi, deb aytding. Nima, yo gapim yolg‘onmi? — deb chinqirardi Natasha to‘ng‘izga, u esa xijil bo‘lib, tumshug‘ini chetga burardi.
Natashaning sho‘xligi tutib ketib, bexosdan Nikolay Ivanovichga ham yog‘upa suripti, suriptiyu ajablangandan dong qotib qolipti. Pastki qavatda ishovchi bu muhtaram zotning yuzi burishib, cho‘chqa tumshug‘iga aylanipti, qo‘l va oyoqlaridan tuyoqlar o‘sib chiqipti. Shunda Nikolay Ivanovich ko‘zguta qarapti-yu jon achchig‘ida alam bilan chinqirib yuboripti, ammo fursat o‘tgan edi. Yana bir necha soniyadan keyin u boshiga tushgan musibatdan yum-yum yig‘lagancha, ustiga Natashani mindiribdi-yu, Moskvadan allaqaysi tomonga shamoldek uchib ketipti.