Выбрать главу

U tasodifan turli-tuman buyumlar orasida qilichni ko’rib qoldi, bunaqa chiroyli qilichni hech qachon ko’rmagan edi: g’ilofi misdan, dastasi qimmatbaho toshlar va sir bilan bezalgan. Santyago Misrdan qaytishda, albatta, o’ziga shunday qilich sotib olishni ko’ngliga tugdi.

— So’ra-chi, narxi qancha ekan? — turgan joyidan burilmay so’radi u yo’ldoshidan.

Shu lahzada u qilichga mahliyo bo’lib, ikki daqiqaga chalg’iganini payqadi. Yuragi shuvillab ketdi. U o’grilib qarashga cho’chidi, chunki qarasa ko’z oldida qanday manzara namoyon bo’lishini bildi. Yana bir necha lahza u qilichdan ko’zini uzmay turdi, keyin o’zini qo’lga olib, boshini burdi.

Atrof g’ala-g’ovur, bozor qaynab-toshardi, odamlar zir yugurar, baqirib-chaqirardi, gilamlar va yong’oqlar, mis laganlar va ko’katlar uyulib qorishib yotar, erkaklar qo’l ushlashib, ayollar paranjida yurishar, allaqanday taomlarning hidlari taralar va faqat uning boyagi yo’ldoshi qay go’rgadir g’oyib bo’lgandi.

Avvaliga Santyago ular bir-birini olomon orasida tasodifan yo’qotib qo’yishganiga o’zini ishontirishga urindi va turgan joyidan jilmay kutishga qaror qildi — lop etib kelib qolar, deb o’yladi. Biroz vaqt o’tdi; baland minoraga ko’tarilgan kishi qiroat bilan nimadir deb qichqirdi — shu lahza atrofdagilar muk tushib, manglaylarini yerga tegizishdi va xirgoyi qila boshlashdi. Keyin esa, xuddi tinib-tinchimas chumolilarday g’imirlashib, narsalarini yig’ishtirishdi, chodir va savdo qutilarini bekitishdi. Bozor bo’shab qoldi.

Quyosh ham osmonni tark eta boshladi; Santyago uni uzoq kuzatdi — quyosh maydonni qo’rg’alagan oq uylarning tomlari ortiga bekinguncha termilib turdi. U esladi, bugun quyosh ko’tarilgan paytda u narigi qit’ada edi, cho’pon edi, oltmishta qo’yi bor edi va movutchining qizi bilan uchrashuvni kutardi. Erta tongdayoq, otarini yaylovga haydagandan so’ng, nimalar ro’y berishi unga oldindan ayon bo’lgandi.

Mana, shu kunning shom pallasida u boshqa bir mamlakatda yuribdi, yot o’lkada u begona va hatto mahalliy xalq gaplashadigan tilni ham bilmaydi. Endi u cho’pon emas, bor-yo’g’idan, avvalo, pulidan ajralib qoldi, demak, endi ortga qaytolmaydi va hammasini boshidan boshlay olmaydi.

“Bularning bari quyosh chiqib botguncha ro’y berdi-ya”, — o’yladi bo’zbola. U o’z ahvoliga achindi va hayoti kutilmaganda butkul o’zgarib ketganiga qattiq qayg’urdi.

Yig’lay desa uyat. U hatto qo’ylarining oldida yig’lashga ham uyalardi. Biroq bozor maydoni allaqachon bo’shab qolgan, u esa yolg’iz, vatanidan juda uzoqda.

Santyago yig’lab yubordi. Nahotki, Tangrining qahri, bor yo’g’i ko’rgan tushiga ishongan kishilar uchun, shu qadar qattiq bo’lsa!

“Qo’ylarimni boqib yurganimda mendan baxtiyor odam yo’q edi, men hammaga xursandchilik ulashardim. Meni ko’rganda odamlar shod bo’lishardi va eng e’tiborli mehmonday e’zozlashardi.

Mana, endi men g’amga botdim va baxtsizman. Nima qilarimni bilmayman. Endi badjahl va hech kimga ishonmaydigan bo’laman, bir odam meni aldab ketgani uchun hammadan gumonsirab yashayman. Xazina topganlarni esa ko’rolmayman, negaki bu omad mendan yuz o’girdi. Xasga tirmashib yashayman endi, chunki qurbim shunga yetadi, xolos, olamni anglamoqqa ojiz va kuchsizman”.

U to’rvasini ochib, uning ichida biror-bir yegulik — hech bo’lmasa yog’ bilan bir burda non — qolmaganmikan, deb qaradi, biroq to’rvadan qalin kitob, kamzul va qariya bergan ikki dona toshni topdi, xolos.

Ularga ko’zi tushib, Santyagoning chiroyi ochildi. Axir, u qariya sovg’a qilgan shu ikkita toshga oltita qo’yni almashdi-da. Agar bu toshlarni sotolsa bo’lgani — puliga patta olib vataniga qaytadi.

“Endi aqlimni yig’ib ish qilaman”, — o’yladi u to’rvadan toshlarni olib, cho’ntagiga bekitarkan. Bu yer bandargoh shahar, bandargoh esa, uni shilib ketgan haligi yulg’ich to’g’ri aytganiday, tovlamachilarga to’la.

Faqat endigina yemakxona xo’jayinining nima uchun qizishib gapirganiga Santyagoning aqli yetdi — u bo’zbolaga qavatingdagi yo’ldoshiga ishonma, deya jon kuydirib uqtirgan ekan.

“Men xuddi boshqa oddiy odamlardayman: xayolimdagini borga yo’yaman va dunyoni asli qanday bo’lsa shundayligicha emas, balki o’zim xohlaganday ko’raman”.

U yana toshlarni qo’liga olib qaradi, mehr bilan siladi — toshlar iliq tuyuldi. Mana, hozircha uning qo’lidagi haqiqiy xazina shu. Qo’lingni tekizsang ko’ngling ko’tariladi. Ular Santyagoga qariyani eslatdi. Qariyaning gaplari uning qalbida qayta sado berganday bo’ldi: “Agar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo’lishiga ko’maklashadi”.

Uning bilgisi keldi — to’g’rimikan bu gap. U bo’m-bo’sh bozor maydonining qoq o’rtasida turibdi, cho’ntagida bir miri yo’q va endi qo’ylarni bu oqshom qaerga qamab qo’ysam, deb bosh qotirishi ham shart emas. Biroq cho’ntagidagi qimmatbaho toshlar uning yaqinda podshoh bilan uchrashganini shak-shubhasiz dalillab turar, podshoh uning butun hayotini: otasining miltig’ini so’ramay olganiyu, birinchi marta ayol bilan bo’lganini — hammasini bilar edi.

“Toshlar senga jumboqni yechishga yordam beradi. Ular Urim va Tumim deyiladi”, — esladi u.

Santyago ularni yana cho’ntagidan chiqardi va to’rvasiga soldi, keyin sinab ko’rgisi keldi. Qariya toshlarga savollarni aniq qilib berish kerak, deb tayinlagan edi, chunki ular nimani xohlayotganini aniq biladigan kishiga yordam beradi, degandi. U toshlardan: qariyaning menga bildirgan tilaklari hali o’z ta’sirini yo’qotgani yo’qmi, deb so’radi va qo’lini to’rvadan chiqardi:

— Yo’q, — javob qildi tosh.

— Men xazinani topa olamanmi? — so’radi Santyago.

U yana to’rvaga qo’lini tiqdi va toshlarni aralashtirib javobni olaman deganida ikkala tosh ham to’rvaning teshigidan tushib ketdi. Negadir u oldinlari to’rvaning eskirib qolganini sezmagandi. Santyago toshlarni yerdan terib olib, ularni tag’in yashirish uchun egilgan chog’da miyasiga bir yangi fikr keldi: “Belgilarga e’tibor bilan qarashga va ularga ergashishga o’rgan”, — degandi qariya.

Belgi! Santyago kulib yubordi. Keyin darhol yerdan toshni olib, to’rvasiga tiqdi. U to’rvaning teshigini tikishni xayoliga ham keltirmaydi, chunki xohlagan damda toshlar to’rvani tark etishi mumkin. U tushundi, dunyoda shunday narsalar borki, ular haqida so’rab-surishtirish befoyda — bu o’z taqdiringdan qochib qutila olmasligingga o’xshaydi. “Axir, men qariyaga faqat o’zim qaror qabul qilaman, deb va’da berganman-ku”, — dedi u ichida.

Biroq toshlar unga qariyaning hali ham u bilan birga ekanidan ishora berdi va bu bo’zbolada ishonch uyg’otdi. U yana bo’m-bo’sh maydonga ko’z yugurtirdi, biroq endi uning nigohi oldingiday umidsiz emas edi. U yot bir dunyoga kelib qolmagan, shunchaki yangi bir joyda edi.

Axir, unga ayni shu — yangi joylarni ko’rish yoqardi-da. Agar ehromlargacha yetib borish nasib etmasa-da, achinmaydi, chunki u har qanday cho’pondan ham ko’proq narsalarni ko’rdi, bildi.

“Ular bilsaydi, — o’yladi bo’zbola, — atigi ikki soatli yo’l narisida hammasi mutlaqo boshqacha ekanini”.

Yangi dunyo hozir uning ko’z o’ngida o’lik maydonga aylanib yotardi, biroq haligina bu joyda hayotning qaynab-toshganini ko’rishga u ulgurdi va endi buni hech qachon unutmaydi. U o’zi ko’rgan qilichni ham esladi: ha, ikki daqiqali tomosha uchun ko’p pulidan ajrab qolishiga to’g’ri keldi, biroq bunday narsani u avval hech qachon ko’rmagandi-da. Tuyqusdan Santyago dunyoga nafaqat tovlamachi va yaramas kimsaning qurboni bo’lgan odam ko’zi bilan, balki jasur xazina qidiruvchi va sarguzashtlar ishqibozining nigohi bilan ham qaray olishini anglab qoldi.