Выбрать главу

«Yerga uchamiz! Lenya!» Bu so‘zlar bir necha oy ilgariroq aytilganda meni qanchalar baxtiyor qilgan bo‘lardi! Endi esa faqat «Lenya» so‘zi entiktirib yubordi. Yerga uchish masalasiga kelsak…

— Bu haqda yana gaplashamiz. Darrov jo‘navorsak bo‘lmas. Ikkovimizning ham chala ishlarimiz bor, — javob berdim men.

— Nimalar deyapsan! — taajjublandi u. — Endi men bilan Yerga qaytishni istamaysanmi?

— Istayman, Tonya. Lekin men biologiyada buyuk kashfiyot ochish arafasida turibman. Bu ishni faqat shu yerda tugatish mumkin. Eng muhimi — ish.

Tonya go‘yo meni birinchi marta ko‘rayotg‘anday tikilib qoldi.

— Ketsda yaxshi pishganga o‘xshaysan, — dedi u. Masxara qilayotganini ham, ma’qullayotganini ham payqash qiyin edi. — Sening tabiatingdagi bunaqa qat’iylikni sezmagan edim. Mayli, shunda menga ko‘proq yoqasan. Bilganingni qil. Lekin men bu yerda ortiq turolmayman. O‘z ishimni ortig‘i bilan bajardim, yangisini boshlash niyatim yo‘q. Qachonlardir Paley bilan boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishim kerak.

— Ha, Nina, — deb ma’qulladi Paley. — Darvoqe, men Yevgenyev bo‘lib qolganimdek, sen Tonyaga aylanibsan. Hamma narsa o‘zgararkan! Sen o‘sha ishni tugatishing kerak. O‘zi oz qolgan. Shunday problemani tashlab ketib bo‘lmaydi…

— Kim taxpladi o‘zi? — so‘radi Tonya. — Yetar endi… Yuringlar, bir oz ko‘ngil ochaylik. Mening Yulduzdagi so‘nggi tunim!

XXI. NIHOYAT O‘ZIMNI TUTA BILDIM

Ertasi kuni zoolaboratoriyamda Zorina bilan ishlab o‘tirardim. Viz kosmik nurlar ta’siridan saqlovchi maxsus izolyatsion kostyumlar kiyib olgan edik. Tepamizda izolyatsion to‘siqlar bor edi. Faqat tajriba qilinayotgan hayvonlar ustiga kosmik nurlar yomg‘irdek yog‘ilib turardi.

Zorina menga Faleyevning tuzala boshlaganini aytdi. Uning gavdasi va yuzi avvalgi holiga qayta boshlabdi. Ruhiy holati ham yaxshilanayotgan emish. Garchi Meller tuzalishiga umid bog‘lasa ham, Kramerning ahvoli hanuz oir emish.

Laboratoriya eshigi ochilib, kutilmaganda Tonya paydo bo‘ldi.

— Men uchib ketyapman, Lenya! — dedi u. — Xayrlashish uchun kirdim.

Zorina bizga xalaqit bermaslik uchun laboratoriyaning narigi burchiga uchib ketdi. Tonya uning orqasidan qarab qolarkan:

— Sening qolayotganing chakki bo‘lyapti-da, — dedi astagina.

— Hechqisi yo‘q, ayriliq ko‘pga cho‘zilmaydi, — dedim men.

Shu payt yonimizga Jipsi uchib keldi.

— Esingdami, Tonya, kosmik nurlar ta’siri haqida gapirib bergan edim? Qara, Jipsi ne ahvolga tushgan.

— Qanday dahshat! — deb xitob qildi Tonya.

Jipsi jilmayib, dumini likillatdi.

— Senga endi bu yerda qolish xavfli, — dedi Tonya. — Oldimga mana bu maxluqqa o‘xshab kirib borsang-a.

— Xavotirlanma. Manovi kostyum va «zontik» lar tanamni, boshimni va… senga bo‘lgan muhabbatimni avaylab, asraydi!

Tonya menga ishonqiramay qaradi.

— O‘zing bilasan! — dedi u va men bilan samimiy xayrlashib, chiqib ketdi.

— Eh, Jipsi, ikkovimiz so‘qqabosh bo‘lib qoldik! — dedim men.

Jipsi qo‘limni yaladi.

XXII. YER VA YULDUZLAR

Bahor. Derazalar lang ochiq. Kechki shabada xonaga yosh qayinlar hidini olib kiryapti. So‘nggi sahifani tugatib tashqariga qaradim. Ko‘kdagi to‘lin oy xuddi Admiralteystvo qubbasiga ilinib qolganday. Reproduktordan skripka sadosi quyilyapti. Hamma narsa bundan bir necha yil ilgarigiday… Lekin endi Oyga boshqa qo‘z bilan qarayman. U endi Yerning olis, qadam yetmas yo‘ldoshi emas. Oy sirtida mening izlarim qolgan. Bu izlar, go‘yo kul va kosmik chang qo‘ngan tuproqqa endigina bosilganday, hanuz yangi.

Ba’zan hammasi tushga o‘xshab tuyuladi…

Kabinetim yonida Tonyaning ishxonasi. U ham menga o‘xshash professor.

Oshxonadan o‘g‘limning qo‘shiq aytgani eshitilib turibdi. U maktabda o‘qiydi.

Kreslom yonidagi gilamcha ustida sevimli itim — yungi jingalak qora Jipsi yotibdi. Men uni Yulduzda qolgan Jipsi xotirasi uchun shunday deb ataganman. Ajralish qanday og‘ir bo‘lgan edi!

Ketsda ortirgan do‘stlarim bilan aloqani uzganim yo‘q. Ham asi sog‘-salomat. Zorina direktor Parxomenkoga turmushga chiqdi. Sog‘ayib ketgan Kramer buni sog‘lom odamday qabul qildi: Harholda quvonmasa ham, to‘polon qilmadi. Paley-Yevgenyev bosh injener-konstruktor va raketa uchuvchisi bo‘lib ishlayapti. Tyurin quyosh sistemasidan nariga sayohat qilish uchun tayyorlanyapti. Uning qarigisi yo‘q.

Bir oy muqaddam «Kets Yulduzidagi biologik tajribalar» nomli katta kitobimni yozib tugatdim. Shlikov, Kramer va o‘z ishlarim material bo‘lib xizmat qildi. Juda qiziq kitob chiqdi. Hozir u bosmada. Uni tugatgach, odatdan tashqariroq uylanishim bilan bog‘liq sarguzashtlarni yana bir eslagim keldi. Mana, bu kitobni ham tugatyapman.

…Ug‘lim «Kets Yulduzi marshi» ni kuylayapti. Unga o‘z sayohatim haqida necha martalab hikoya qilib berganman! Endi u faqat tezroq ulg‘ayishni va Yulduzga uchishni orzu qiladi. Nazarimda, u yulduzlar orasiga oshyon quradi.